DXM orqali 1 kunda 750 tadbirkor oʻz faoliyatini qayta tikladi.

18:33 05 May 2020 Jamiyat
430 0

Fargʻona viloyatida 45 mingga yaqin yuridik,19 mingdan ortiq yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyat koʻrsatmoqda. Afsuski, mamlakatimizda qatʼiy karantin qoidalarining joriy etilishi sabab viloyatda yakka tartibdagi 11 ming 811 tadbirkor oʻz faoliyatini toʻxtatishga toʻgʻri keldi. Aksariyat tashkilotlar masofadan ishlashga oʻtkazildi.

Vaqt oliy hakam. Buni barchamiz tajribadan yaxshi bilamiz. Bugun tarixga aylanib ulgurgan ogʻir karantin kunlarida xalqimiz bir tan boʻlib yana bir qatʼiyat va intizom, mehr va saxovat namunasini koʻrsatdi.

Davlatimiz rahbari oʻtkazayotgan videoselektorlarda hayot toʻxtab qolmaganligi, ertangi kunimizni ham oʻylashimiz kerakligi, bugunning ertasi borligini taʼkidladilar. Shu sabab virus aniqlanmagan hududlarda karantin qoidalari yumshatilib hayot qayta jonlanishi kuzatilayotir.

“Uchkoʻprik Agro Eksport” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona meva-sabzavotlarni qayta ishlash va va qadoqlash, eksport qilishga ixtisoslashgan. 400 mln. soʻm boshlangʻich ustav fondiga ega boʻlgan ushbu xorijiy korxona kuni kecha Davlat xizmatlari markazida davlat roʻyxatidan oʻtkazilib yuridik maqomga ega boʻldi.

Fargʻona shahar DXM tomonidan ham Turkiya davlati hamkorligidagi “Alvays Vogue” qoʻshma korxonasi tashkil etildi. Quvonarlisi shundaki, ushbu korxonada doimiy ish oʻrinlariga ega boʻlgan 100 nafar mahalliy yoshlar tez kunlarda tikuvchilik-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishda faol ishtirok etadilar.

Yozyovon tumanining Toshhovuz MFY da istiqomat qiluvchi tadbirkor Erkinjon Nazarov yogʻoch mahsulotlarini qayta ishlash bilan shugʻullanadi.Farzandlari bilan birgalikda yil davomida bogʻbonlar va mirishkorlarga mahsulot yetkazib beradi. Karantin sabab 16-mart kuni Erkinjon ish faoliyatini vaqtincha toʻxtatib turishga qaror bergan edi. Bugun vaziyat barqarorlashib koʻplab ishbilarmonlar doimiy ishlariga qaytishmoqda. Tadbirkor Erkinjon Nazarov ham Yozyovon tuman Davlat xizmatlari markazi orqali oʻz faoliyatini qayta tikladi.

- Yil davomida tadbirkorlikdan 25-30 mln. daromad qilamiz,-deydi E.Nazarov. -Yotib yeganga togʻ chidamaydi, deydi dono xalqimiz. Shuning uchun shogirdlar bilan birgalikda belgilangan qoidalarga amal qilgan holda ishimizni boshlab yubordik. Shu birgina yogʻoch bilan bogʻliq ishlarimiz orqali jami 6 ta oila oʻz roʻzgʻorini tebratadi.

Mamlakatimizda Davlat xizmatlari agentligi tizimida ham qaynoq hayot davom etmoqda. Xorij qoʻshma korxonalari va tadbirkorlarning qayta faoliyat boshlashi va davlat roʻyxatidan oʻtkazish ishlari jadal suratlarda davom etmoqda. Masalan, Fargʻona viloyatida joriy yil 16-martidan shu kunga qadar jami 2105 ta yangi tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlsa, shu davrda 750 dan ortiq yakka tartibdagi ishbilarmonlar qayta oʻz faoliyatlarini boshlagan.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, 2019-yilda viloyatning tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida 15 ming 931 ta holat qayd etgan boʻlsa, joriy yilning shu davrida fuqarolarga 282 ming davlat xizmatlari koʻrsatilgan. Keltirilgan raqamlar fuqarolarning kun sayin davlat xizmatlariga boʻlgan ehtiyoji ortib borayotganini koʻrsatmoqda.

Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?