DXX opiy va gashish giyohvand moddalarini musodara qildi

09:54 29 May 2020 Jamiyat
252 0

Illyustrativ foto

DXX Fargʻona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida “Andijon – Qoʻqon” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Neksiya-2” rusumli avtomashina Qoʻqon shahriga kirishda toʻxtatildi.

Avtomashina koʻzdan kechirilganda uning salonida Andijon tumanida yashovchi, 1978-yilda tugʻilgan Hadicha Xurboyeva yoʻlovchi sifatida ketayotganligi, avtomobil yukxonasida esa unga tegishli sellofan paketda 5 kg. gashish giyohvand moddasi borligi maʼlum boʻldi.

Aniqlanishicha, ushbu ogʻuni qirgʻizistonlik shaxslar aylanma yoʻllar orqali Andijon viloyati Xoʻjaobod tumaniga olib oʻtib, H.Xurboyevaga berishadi.

Xurboyeva esa giyohvandlik vositasining 4 kg.ni Qoʻqon shahrida yashovchi, 1978-yilda tugʻilgan Tursun Maxsudovga, 1 kg.ni esa Fargʻona tumanida yashovchi, 1984-y.t. Azizbek Kaulovga yetkazib berishi kerakligi maʼlum boʻlib, tezkor tadbir davom ettirildi. Natijada Qoʻqon shahrida oʻtkazilgan tadbirlar jarayonida ikki xaridor ham giyohvand moddalarni olayotgan vaqtlarida ushlandi.

Taʼkidlash lozimki, T.Maxsudov muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bogʻliq jinoyat sodir etganligi uchun 2007-yilda jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona shahar sudi tomonidan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi bilan ayblanib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. A.Kaulov 2015-yilda Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan ayblanib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan, 2020-yildan esa axloq tuzatish ishlari jazosini oʻtayotgan boʻlgan.

DXX Xorazm viloyati boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurash boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Gurlan tumani Sholikor qishlogʻidan oʻtuvchi yoʻl boʻyida toʻxtab turgan «Lasetti» rusumli avtomashina koʻzdan kechirildi.

Natijada, avtomobilning old oʻrindigʻi ostidan 997 gr. “opiy” giyohvandlik vositasi topildi va u mashinada yoʻlovchi sifatida ketayotgan Ikrom Muratovga tegishli ekanligi maʼlum boʻldi.

Qoʻshkoʻpir tumanida yashovchi, 1970-yilda tugʻilgan I.Muratov ham muqaddam giyohvand moddalar bilan bogʻliq jinoyat sodir etganligi uchun hozirda ozodlikni cheklash jazosini oʻtayotgan boʻlgan.

DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan xizmat oʻtash vaqtida Andijon viloyati Paxtaobod tumani “Uygʻur” qishlogʻi hududidan oʻtuvchi "Oʻzbekiston—Qirgʻiziston» davlat chegarasida Qirgʻiziston tomonidan uloqtirilgan 587 gr. gashish moddasi topildi. Hozirda, mazkur giyohvand moddaning kimga tegishli ekanligini aniqlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Shuningdek, Paxtaobod tumanida yana bir holat qayd etilib, unda 1990-yilda tugʻilgan mahalliy fuqarolar Eldorbek Ergashev va Ahrorbek Hasanovlar chegaraoldi hududda DXX xodimlari tomonidan toʻxtatilib, tekshirilganda, ularning yonidan 504 gr. gashish moddasi topildi.

Aniqlanishicha, ushbu giyohvand modda ham qirgʻizistonlik shaxslar tomonidan “oʻzbek-qirgʻiz” davlat chegarasini ajratib turuvchi simtoʻsiqlar ustidan mamlakatimiz hududiga uloqtirilgan.

DXX Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi xodimlarining ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbiri davomida Nukus shahrida yashovchi, 1985-yilda tugʻilgan Sharaf Alimbetov 5,6 gr gashish moddasini 400 ming soʻmga sotayotgan vaqtda qoʻlga olindi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida Alimbetov mazkur giyohvand moddani 1975-yilda tugʻilgan Kuralbay Shamuratovdan olganligi aniqlandi. Shamuratovning Nukus shahridagi yashash manzili koʻzdan kechirilganda 285,4 gr. gashish moddasi topildi.

Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 6 kg 382 gr. «gashish» va 997 gr. opiy giyohvand moddalari musodara qilindi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?