DXX mamlakatimizdan noqonuniy olib chiqib ketilayotgan oltin buyumlarni toʻxtatib qoldi

10:39 07 Yanvar 2020 Jamiyat
348 0

Illyustrativ foto

DXX xodimlari tomonidan Toshkent viloyatining “Gʻishtkoʻprik” xalqaro oʻtkazish punktida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Andijon viloyatida yashovchi fuqarolar “S.O.”, “R.F.”, “K.G.”, “A.M.” va “R.A.”lar 1 kg. 168 gr. ogʻirlikdagi tilla buyumlarni Qozogʻistonga olib chiqib ketmoqchi boʻlishganida toʻxtatib qolindi.

Shuningdek, “Gʻishtkoʻprik” xalqaro oʻtkazish punktida DXX va bojxona qoʻmitasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan boshqa bir tadbirda esa Andijon shahrida yashovchi “N.B.” va uning turmush oʻrtogʻi “M.Oʻ.”larning 1 kg. 116 gr. ogʻirlikdagi oltin buyumlarni oʻzlarining ikki yoshli nabirasining tagligi (pampers) orasiga yashirib, mamlakatimizdan olib chiqib ketishlariga chek qoʻyildi.

Aniqlanishicha, har ikki holatda ham qonunbuzarlar oltin buyumlarni Qozogʻiston orqali Hindiston davlatiga olib borib, sotishni rejalashtirishgan.

DXX xodimlari Toshkent viloyati hududida yana bir noqonuniy xatti-harakatga chek qoʻyishdi. Maʼlum boʻlishicha, mahalliy fuqaro “M.D.” koʻp vaqtdan buyon Angren va Olmaliq shaharlari yaqinidagi yopiq shaxtalardan noqonuniy qazib olingan oltinni andijonlik “N.U.”ga sotib kelgan.

“M.D.” navbatdagi oltin quymalarni “N.U.”ga uning qarindoshi “T.M.” orqali berib yuboradi. “T.M.” boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina Andijon shahriga kirib kelgan vaqtida toʻxtatilib, tekshirilganda 1 kg 476 gr ogʻirlikdagi oltin quymalar, shuningdek, 14 ming AQSH dollari va 8,9 mln soʻm borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tergovoldi surishtiruv ishlari vaqtida “T.M.” oltin quymalarni “N.U.”ning iltimosiga koʻra “M.D.”dan 63 ming AQSH dollariga sotib olganligini bildirdi.

Shundan soʻng, tezkor tadbir davom ettirilib “N.U.” ushlandi va zargarlik buyumlari yasab, sotish maqsadida muqaddam “M.D.”dan oltin quymalarni sotib olganligini tan oldi.

Aniqlangan barcha holatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga muvofiq, jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati fuqarosi “Gʻ.R.” “Qamchiq” dovoni hududida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchalarining birida namanganlik “Gʻ.A.”ga qariyb 1 kg ogʻirlikdagi oltin quymalarni 294 mln. 600 ming soʻmga sotayotganida ularning har ikkisi qoʻlga olindi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Namangan viloyati Pop tumani sudi hukmiga koʻra, “Gʻ.R.” 4 yil muddatga, “Gʻ.A.” 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?