DXX kuchli taʼsir etuvchi dori vositalarini musodara qildi

16:58 14 May 2020 Jamiyat
374 0

Amaldagi qonunchilikka asosan, mamlakatimiz hududida narkotik va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatlariga kiritilgan dori vositalari faqatgina maxsus litsenziyaga ega boʻlgan dorixonalarda shifokor retsepti asosida sotilishi belgilab qoʻyilgan. Lekin, shaxsiy boylik orttirish maqsadida bunday dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shugʻullanayotgan shaxslar ham uchrab turibdi.

Xususan, DXX Toshkent viloyati Boshqarmasi xodimlarining viloyat IIB vakillari bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbiri davomida Toshkent tumanida yashovchi 1984-y.t. “M.S.” toʻxtatilib tekshirildi va uning yonida 150 dona “Tramadol” dori vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Maʼlum boʻlishicha, “M.S.” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-oktyabrdagi 878-sonli qarori bilan giyohvandlik vositalari roʻyxatiga kiritilgan ushbu tabletkalarning har bir donasini 7 ming soʻmdan sotishni rejalashtirgan.

DXX Fargʻona viloyati boshqarmasi xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi Departament vakillari bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbirida Qoʻqon shahrida yashovchi 1994-y.t. “S.M.” tarkibida “zopiklon” psixotrop moddasi boʻlgan 300 dona “Sonnat” dori vositasini 1,4 mln. soʻmga sotgan vaqtida ushlandi va uning yonida yana 300 dona “Sonnat” tabletkasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.

Qoʻqon shahrida oʻtkazilgan boshqa tadbirda esa 1992-y.t. “M.D.” singlisi 2002-y.t. “M.M.” bilan 1400 dona “Regapen” kuchli taʼsir etuvchi dori vositasini sotish maqsadida tanishining uyiga yashirib qoʻyganligi aniqlandi va protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

“Qoʻqon-Fargʻona” yoʻnalishining Uchkoʻprik tumani hududida harakatlanayotgan “Jentra” rusumli avtomashina toʻxtatilib tekshirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan Qoʻqon shahrida yashovchi 1971-y.t. “D.M.”ning yonida 280 dona “Regapen” va 336 dona “Lirika” dori vositalari borligi aniqlanib, oʻrnatilgan tartibda olib qoʻyildi. Shuningdek, uning uyidan ham 84 dona “Regapen” dori vositasi olindi.

Hozirgi karantin davrida fargʻonalik 1992-y.t. “T.J.”, 1993-y.t. “A.O.” va 1993-y.t. “D.I.”lar aylanma yoʻllar orqali Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumaniga borib, 215 dona flakondagi “Tropikamid” dori vositasini sotib olishgan va ushbu preparatlarni Qoʻqon shahriga olib kirmoqchi boʻlishgan vaqtda ushlandi.

DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlarining viloyat Bojxona boshqarmasi va IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbiri vaqtida “Toshkent-Qarshi-Denov” yoʻnalishida harakatlanayotgan 1991-yil Surxondaryo viloyatida tugʻilgan “O.A.” boshqaruvidagi “ISUZU” avtomashinasi Gʻuzor tumani hududida toʻxtatilib tekshirildi. Tekshiruv vaqtida avtomashina yukxonasida 1000 dona “Tropikamid” dori vositasi borligi maʼlum boʻldi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida “O.A.” Toshkent shahridan berib yuborilgan “Tropikamid” preparatlarini Denov shahrida yashovchi 1989-y.t. “N.M.”ga yetkazib berishi lozimligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi. Oʻz navbatida “N.M.” Denov shahrida ushbu preparatlarni qabul qilib olgan vaqtida ushlandi.

Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 150 dona “Tramadol”, 600 dona “Sonnat”, 1764 dona “Regapen”, 1215 dona “Tropikamid” va 336 dona “Lirika” dori vositalari musodara qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?