DXX korrupsiya va firibgarlik bilan bogʻliq holatlarga chek qoʻydi

10:02 12 Sentyabr 2020 Jamiyat
512 0

Ayni kunlarda mamlakatimizda oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari boʻlib oʻtayotgan bir vaqtda, abituriyentlarni oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilib, ulardan pul talab qilayotgan “uddaburonlar” ham uchrab turibdi.

Xususan, Samarqand viloyati Pastdargʻom tumanidagi umumtaʼlim maktablaridan birining matematika fani oʻqituvchisi yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 4 nafar abituriyentni Samarqand tibbiyot institutiga oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qiladi va ularning har biri uchun 12 ming AQSH dollaridan, jami 48 ming AQSH dollari talab qiladi.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida mazkur shaxs kelishilgan puldan 40 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Samarqand pedagogika kollejida oʻqituvchi boʻlib ishlovchi, 1975-yil Ishtixon tumanida tugʻilgan shaxs esa aldov yoʻli bilan mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uni Qozogʻiston Respublikasining Chimkent shahrida joylashgan «Miras» universitetiga oʻqishga kiritib qoʻyish uchun undan 5500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Jizzax shahridagi oilaviy poliklinikalardan birida bolalar shifokori boʻlib ishlovchi, 1993-y.t. shaxs mahalliy fuqaroni Jizzax davlat pedagogika instituti “Maktabgacha taʼlim” yoʻnalishining sirtqi boʻlimiga oʻqishga kirishiga yordam berishini aytib, evaziga 8 ming AQSH dollari olayotgan vaqtida DXX Jizzax viloyati boshqarmasi va Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.

Dastlabki surishtiruv davomida, u ushbu pul mablagʻini Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida shifokor boʻlib ishlovchi, 1988-yil Buxoro viloyati Romitan tumanida tugʻilgan hamtovogʻiga berishi lozimligini maʼlum qildi.

Shundan soʻng tezkor tadbir Toshkent shahrida davom ettirilib, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi shifokori jinoiy sherigidan 8 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Qoʻqon davlat pedagogika institutining yoshlar masalalari boʻyicha masʼullaridan biri mahalliy fuqarodan uning tanishini mazkur oliy oʻquv yurtining “Jismoniy madaniyat” fakultetiga oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilib, 3000 AQSH dollari olgan vaqtida DXX Fargʻona viloyati boshqarmasi va Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.

Dastlabki surishtiruv davomida, u ushbu pul mablagʻini institut fakultetlaridan birining dekaniga berishi lozimligini aytdi va tezkor tadbir davom ettirilib, fakultet dekani ham 3 ming AQSH dollarini olgan paytida qoʻlga olindi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, ushbu ishlarga aloqador boʻlgan boshqa shaxslarni aniqlash boʻyicha choralar koʻrilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?