DXX xorijiy valyuta bilan bogʻliq noqonuniy holatlarga chek qoʻydi

10:02 18 Sentyabr 2020 Jamiyat
248 0

DXX Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari va Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan Xoʻjaobod tumani Yangi Fargʻona MFYdagi chegaraoldi hududda oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida katta miqdordagi xorijiy valyutaning noqonuniy ravishda mamlakatimizdan olib chiqib ketilishiga chek qoʻyildi.

Mahalliy fuqaro “X.N.” 180 ming AQSH dollarini chegara toʻsigʻi ustidan uloqtirish orqali qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasiga oʻtkazmoqchi boʻlganida ushlandi.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, “X.N.” 200 ming soʻm evaziga ushbu chet el valyutasini davlat chegarasidan oʻtkazib berishi kerak boʻlgan.

Hozirda “X.N.”ga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, xorijiy valyutaning haqiqiy egasini aniqlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

DXX Buxoro viloyati boshqarmasi xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbiri natijasida, Buxoro shahrida katta miqdordagi qalbaki xorij valyutasining muomalaga kiritilishiga chek qoʻyildi.

Xususan, mamlakatimizga yashirincha olib kelingan soxta chet el valyutasini Toshkent shahrida yashovchi “T.X.” va “T.M.” sotish maqsadida Buxoro shahriga olib borishadi. Ular qalbaki 88.450 AQSH dollarini 34.000 AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shuningdek, ularning yonida yana 10.050 soxta AQSH dollari borligi maʼlum boʻldi. Tezkor tadbir davomida jami 98.500 qalbaki AQSH dollari musodara qilindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?