DXX xodimlari “yashirin yoʻllar”ni fosh etdi

15:43 25 Avgust 2018 Jamiyat
333 0

Davlat xavfsizlik xizmati Fargʻona viloyati boshqarmasi hamda Chegara qoʻshinlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida chegarani noqonuniy buzgan holda tovar-moddiy boyliklarni yashirin yoʻllar orqali oʻtkazish bilan shugʻullanayotgan holatlar aniqlandi, deb yozadi OʻzA.

Maʻlumki, rangli metallar parchalari va chiqindilarining Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketilishi taqiqlangan. Shunga qaramay, ayrim fuqarolar tomonidan mazkur metallarni respublikamizdan noqonuniy ravishda olib chiqib ketish holatlari uchramoqda. Quvasoy yoʻnalishida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Qirgʻiziston Respublikasiga 9 qop jami 355 kilogramm mis olib oʻtilayotganda ushlandi.

Shuningdek, joriy yilning 13 avgust kuni Quvasoy yoʻnalishida 178 dona krossovka, 46 dona mashina konditsioneri, 840 dona “Marokat“ ayollar atiri, 564 dona upa kabi tovarlarning noqonuniy aylanishiga chek qoʻyildi.

Shuningdek, shu kuni Fargʻona tumani yoʻnalishida harakatlanayotgan davlat raqami 40 J 112 LA Lacetti avtomashinasi toʻxtalib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan 85 million soʻmlik telefon apparatlari borligi aniqlandi.

Fargʻona tumanilik R. U. kollej talabasi. U 18 avgust kuni besh-olti nafar chegara buzgʻunchilari bilan til biriktirgan holda Qirgʻiziston Respublikasidan noqonuniy ravishda davlat chegarasidan olib oʻtilgan 79 million soʻmlik 46 dona 32 dyumli “Yasin“ markali televizorlar, 50 quti 100 voltlik lampochkalarni oʻz uyida saqlab kelgan. Ayni paytda jinoiy sheriklarini aniqlash maqsadida surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?