DXX katta miqdordagi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini musodara qildi

11:56 16 Sentyabr 2020 Jamiyat
274 0

DXX xodimlarining Fargʻona viloyat IIB va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbirlari davomida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qoʻyildi.

Jumladan, Andijon shahrida joylashgan “Vitamin Expert” MCHJ ish yurituvchisi “M.M.” Fargʻona shahrida 1120 dona “Lirika” va 110 dona «Tropikamid» dori vositalarini 28 mln. 350 ming soʻmga sotayotgan vaqtida qoʻlga olindi.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida “M.M.” mazkur dori preparatlarini Andijon viloyati Paxtaobod tumani Madaniyat qishlogʻida yashovchi “D.A.”dan olganligi maʼlum boʻldi.

Shundan soʻng tezkor tadbir Andijon viloyatida davom ettirilib, “M.M.”dan sotilgan tovar uchun 20 mln soʻm olgan vaqtida “D.A.” ham ushlandi.

Aniqlanishicha, “D.A.” ushbu kuchli taʼsir etuvchi dori vositalarini Qirgʻiziston Respublikasi Jalolobod viloyatida yashovchi «Shoxjaxon» ismli shaxsdan sotib olib, Paxtaobod tumanidagi aylanma yoʻllar orqali mamlakatimiz hududiga olib kirgan.

Shuningdek, Margʻilon shahrida oʻtkazilgan boshqa bir tezkor tadbir davomida Rishton tumanida yashovchi “M.S.” «Fargʻona-Toshkent» yoʻnalishidagi avtoturargoh yonida 808 dona «Tropikamid» dori vositasini 60 mln. 600 ming soʻmga sotayotgan vaqtida qoʻlga olindi.

Oltiariq tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa “Yu.S.” va “X.O.”lar Qirgʻizistondan keltirilgan 5600 dona “Lirika” dori vositasini 100 mln. soʻmga sotmoqchi boʻlgan vaqtlarida ushlandi.

Bundan tashqari, Quva tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ham 2240 dona “Lirika” kapsulasini 3000 AQSH dollariga sotgan vaqtlarida mahalliy fuqarolar “Ya.Ya.”, “A.M.” va “A.S.”lar ushlandi.

Taʼkidlash lozimki, bunday kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining asosiy isteʼmol bozori sifatida koʻriladigan Toshkent shahrida DXX, IIV va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlarining hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbirlari davomida Namangan viloyatida yashovchi “Yu.O.”, “O.O.” va “J.O.”lar qoʻlga olindi. Ulardan Qirgʻizistondan noqonuniy ravishda olib kelingan 15 ming donadan ziyod «Regapen» kapsulalari protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 8960 dona “Lirika”, 15022 dona «Regapen» va 918 dona «Tropikamid» dori vositalari musodara qilindi.

Hozirda mazkur holatlar boʻyicha Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?