DXX katta miqdordagi giyohvandlik moddalarini musodara qildi

09:42 14 Iyun 2020 Jamiyat
153 0

Afgʻoniston Respublikasidan katta miqdordagi giyohvandlik moddasi kontrabanda yoʻli bilan olib oʻtilib, Surxondaryo viloyati Muzrobod tumani hududiga yashirib qoʻyilganligi toʻgʻrisida olingan maʼlumot asosida DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan amalga oshirilgan qidiruv ishlari natijasida chegaraoldi hududdan 8 kg. 579 gr. “opiy” moddasi hamda 2 kg. 380 gr. koʻknor boshoqlari protsessual tarzda rasmiylashtirilib olindi.

DXX Buxoro viloyati boshqarmasi xodimlarining viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbiri davomida Fijduvon tumanidagi “Sarmijon” yoʻl-patrul maskanida “Toshkent - Buxoro” yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan “ISUZU” rusumli yuk mashinasi toʻxtatilib, tekshirildi. 

Natijada, uning yukxonasida olib ketilayotgan qurulish mollari orasidan 1 kg. 870 gr. “opiy”giyohvandlik moddasi topildi va u mashinada yoʻlovchi sifatida ketayotgan 1966-yil Qorakoʻl tumanida tugʻilgan F.Bebitovga tegishli ekanligi maʼlum boʻldi.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida Gʻ.Bebitov Tojikiston Respublikasidan olib kelingan ushbu giyohvandlik moddasini Surxondaryo viloyati Denov tumanida yashovchi 1961-yilda tugʻilgan I.Yusupovdan 12.000 AQSH dollariga sotib olganligi maʼlum boʻldi. Shundan soʻng u ham qoʻlga olindi.

DXX Toshkent viloyati boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Tojikiston fuqarosi 1993-y.t. O.Imomov Bekobod tumani hududidagi davlat chegarasidan noqonuniy oʻtib, mamlakatimizga kirib kelgan vaqtida ushlandi. Natijada, uning yonidagi paket ichida 983 gr. “opiy” giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.

Bundan tashqari, DXX xodimlarining Toshkent shahar bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurash boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbirida Surxondaryo viloyatidan Toshkent shahri tomon harakatlanib kelayotgan “ISUZU” rusumli avtomashinasi “Erkin” YPX maskanida toʻxtatilib, tekshirildi. Natijada, avtomobil yukxonasida 452 gr. “opiy” giyohvandlik moddasi borligi va u avtomashinada yoʻlovchi sifatida ketayotgan 1983-yil Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tugʻilgan A.Saidovga tegishli ekanligi maʼlum boʻldi.

Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 11 kg 884 gr. “opiy” moddasi va 2 kg 380 gr. koʻknor boshoqlari musodara qilindi.

Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?