DXX giyohvand moddalar savdosiga chek qoʻydi

10:03 27 Fevral 2019 Jamiyat
396 0

Arxiv foto

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻzbek-tojik davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtgan vaqtda 1978 yilda tugʻilgan, Tojikiston Respublikasi fuqarosi, Soʻgʻd viloyati Mastchox tumani Fotixobod posyolkasida yashovchi Mirzaraxmad Majidov ushlandi. Uning qoʻl yuklari koʻzdan kechirilganda sof ogʻirligi 773 gr. boʻlgan opiy moddasi borligi aniqlandi va tegishli tartibda rasmiylashtirildi, deya xabar bermoqda OʻzA.

Shuningdek, Toshkent tumani “Shodlik” koʻchasi 49-uyda yashovchi 1980 yilda tugʻilgan Shahobiddin Zokirov va uning onasi Zulfiya Nabiyevalar ham huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarida shubha uygʻotdi va dastlab ular yashaydigan xonadon kuzatuvga olindi. Videonazorat xonadon oynasidan shubhali narsa uloqtirilganligini tasvirga tushiradi. Shundan soʻng tekshiruv harakatlari davom ettirilib, natijada ushbu uloqtirilgan shubhali narsa ichida salkam 3 kg. marixuana giyohvand moddasi aniqlandi va tegishli tartibda rasmiylashtiriladi.

Navbatdagi giyohvand moddalar savdosi bilan bogʻliq holat Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan aniqlandi. 1989 yil Chiroqchi tumanida tugʻilgan Hamza Bobomirzayev “Lasetti” avtomashinasida Toshkent shahriga yoʻl oladi. Avtomashina “Umakay” yoʻl patrul xizmati maskanida koʻzdan kechirilganida 120 gr. marixuana vositasi borligi aniqlandi. Surishtiruv davomida Hamza Bobomirzayev uni Toshkent shahriga olib borib sotmoqchi boʻlganligi maʼlum boʻldi. Tezkor guruh tomonidan Hamza Bobomirzayevning yashash manzili ham koʻzdan kechirilganda uyning yertoʻlasidan 5 kg. 294 gr. marixuana giyohvandlik vositasi rasmiylashtirib olindi.

Bundan tashqari, Davlat xavfsizlik xizmati Fargʻona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan gashish giyohvand moddasi savdosiga chek qoʻyildi.

Bir muddat avval geroin savdosi bilan ushlangan fuqaro Maʼmur Mamatqulovning koʻrsatmasiga koʻra, qirgʻizistonlik Haydar ismli shaxs gashish moddasini Oʻzbekistonga olib oʻtib, belgilangan joyga yashirib ketganligi maʼlum boʻldi. Oʻtkazilgan tekshiruv natijasida Qirgʻiziston Respublikasiga chegaradosh boʻlgan Quvasoy shahar Polvon mahallasidagi dala shiyponi devori ostidan qora sellofan paket ichida 10 dona alohida boʻlaklarda boʻlgan sof ogʻirligi 7 kg. 662 gr. Miqdordagi gashish giyohvand moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?