DXX 11 tonna 227 litr neft va gaz-kondensat mahsulotlari noqonuniy oʻzlashtirilganini aniqladi

17:28 15 Avgust 2019 Jamiyat
234 0

“Oʻzbekiston24” telekanalida tabiiy boyliklarimizdan noqonuniy foydalangan shaxslar haqida xabar berildi.

Nafs girdobiga tushgan ayrim kimsalar sanoat mahsulotlarini oʻgʻirlab, uni qayta sotish evaziga boyib ketish ilinjida boʻlgan. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ularning qilmishlariga qisqa muddat ichida chek qoʻyildi.

Gap shundaki, DXXning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan yoqilgʻi-energetika obyektlari xavfsizligini taʼminlash borasida olib borilgan tadbirlar davomida Qarshi shahri Arabxona MFY Qoʻngʻirot koʻchasida yashovchi 1978-yilda tugʻilgan Xamroyev Baxtiyor Ochilovichning noqonuniy faoliyati haqida maʼlumot olindi.

Viloyat IIB va “Oʻzneftgazinspeksiya” mutaxassislarini jalb etgan holda B.Xamroyevning uyi koʻzdan kechirildi. Davlat raqami 70 O 767 EA boʻlgan “Gaz-53” rusumidagi yuk mashinasiga oʻrnatilgan sisternada 8 tonna 779 litr neft hamda yelim idishlarda 2 tonna 448 litr gaz- kondensat, jami 11 tonna 227 litr neft va gaz-kondensat mahsulotlari borligi aniqlandi.

Shuningdek, Hamroyevning yashash manzilida yoqilgʻi mahsulotlari tashish uchun moʻljallangan davlat raqami 30 S 665 KA boʻlgan “Kamaz” avtomashinasi ham boʻlgani aniqlandi.

Hozirda mazkur ish boʻyicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari doirasida ushbu ishga aloqador boʻlgan boshqa shaxslarni hamda noqonuniy oʻzlashtirilgan neft va gaz mahsulotlari qayerdan olinganligini aniqlash boʻyicha tegishli ishlar olib borilyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?