DXA “LYUBAYA BIZNES XOROSHA” nomli yuridik shaxs tashkil etilishi bilan bogʻliq vaziyatga oydinlik kiritdi

14:43 19 Avgust 2019 Jamiyat
87 0

Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda va OAVlarda “LYUBAYA BIZNES XOROSHA” nomli yuridik shaxs tashkil etilgani haqida xabar tarqalib, turli savollarga sabab boʻlmoqda.

Davlat xizmatlari agentligi yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi vakolatli organ sifatida mazkur vaziyatga oydinlik kiritishga qaror qildi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 33-moddasiga asosan, yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik faoliyati subyekti firma nomiga boʻlgan huquqqa ega, bu nomni uning oʻzi mustaqil ravishda belgilaydi va oʻz taʼsis hujjatlarida koʻrsatadi.

Masʼuliyati cheklangan jamiyatni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni 2 ta usul bilan amalga oshirish mumkin:

- my.gov.uz yoki fo.birdarcha.uz orqali;

- Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurgan holda.

Yuqorida nomi qayd etilgan MCHJ haqiqatdan ham davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Ammo mazkur jarayon Davlat xizmatlari markazlari orqali emas, balki tadbirkorning oʻzi onlayn tarzda fo.birdarcha.uz sayti orqali amalga oshirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 9-bandiga asosan, masʼuliyati cheklangan jamiyatni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun ariza beruvchi oʻzining shaxsiy kabineti yoki “tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti”dan erkin foydalanish imkoniga ega boʻlgandan soʻng:

- “biznesni roʻyxatdan oʻtkazish” — davlat xizmatini tanlaydi;

- tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslarga tegishli soʻrovnomani shakllantiradi;

- soʻrovnoma shakllantirish jarayonida ariza beruvchi tomonidan firma nomini tanlash va bir xilligining tekshirilishi Tizim tomonidan avtomatik tarzda amalga oshiriladi;

- soʻrovnomaga davlat tilidagi taʼsis hujjatlari (ariza beruvchi taʼsis hujjatlarini oʻz ixtiyoriga koʻra qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda namunaviy shakllar asosida yoki boshqa shakllarda rasmiylashtirish huquqiga ega) ilova qilinadi;

- soʻrovnoma oxiriga yetganidan soʻng davlat boji toʻlovi amalga oshiriladi.

Maʼlumot tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasi “Firma nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-moddasiga asosan Firma nomida:

1) davlatning rasmiy nomi, xalqaro, hukumatlararo yoki nodavlat notijorat tashkilotining qisqartirilgan yoki toʻliq nomi;

2) tarixiy yoki Oʻzbekiston Respublikasida mashhur boʻlgan shaxsning toʻliq yoki qisqartirilgan ismi, belgilangan tartibda beriladigan ruxsatsiz;

3) firma nomining egasi, uning faoliyat turi yoki u kelib chiqqan mamlakat xususidagi soxta yoki isteʼmolchini chalgʻitishi mumkin boʻlgan belgilar;

4) jamiyat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq prinsiplariga zid boʻlgan belgilar koʻrsatilmasligi kerak.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?