DXA evakuatsiyadagilarning yoʻqotgan hujjatlarini tiklab bermoqda  

17:22 06 May 2020 Jamiyat
442 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Bugun Guliston shahridagi Olimpiya zaxiralari kolleji, Guliston akademik litseyi, Guliston musiqa va sanʼat maktab-internati, Guliston tibbiyot kolleji binolariga evakuatsiya qilingan fuqarolardan 60 nafariga takroriy guvohnomalar topshirildi deb xabar berdi DXA Sirdaryo viloyati boshqarmasi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar shoʻbasi.
 

— Shukrki, hech kutilmaganda roʻy bergan bu balodan omon-eson chiqdik , — deydi Oqoltin tumanidagi “Navbahor” mahallasida yashovchi Aziza Abdurahmonova. — Shoshilganda oʻgʻlim Shohjahonning tugʻilganligi haqidagi guvohnomasini uyda qoldirib kelibmiz. Ammo bu mushkulimiz tez yechildi. Davlat xizmatlari agentligi xodimlari kelib, biz bilan birma-bir suhbatlashdi, nima hujjatimiz qoldi, nima yoʻqoldi, hammasini aniqlab, roʻyxat qilib yozib olishdi. “Sira xavotir boʻlmanglar, yoʻqolgan hujjatlaringizni tiklab beramiz” deyishdi. Mana bugun biz yashab turgan Guliston Olimpiya zaxiralari kolleji yotoqxonasiga kelib, oʻgʻlimning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi dublikatini topshirishdi. Davlat xizmatlari agentligining beminnat xizmatidan behad minnatdorman.

Darhaqiqat, suv toshqini roʻy bergan kunning ertasigayoq Davlat xizmatlari agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi, uning tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari va FHDYO boʻlimlari masʼul xodimlaridan iborat tarkibda ishchi guruhlari tuzilib, ular tomonidan Sardoba suv ombori toshqinidan zarar koʻrgan Cardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumani aholisining yashash sharoitlarini oʻrganish , fuqarolarning tugʻilganlik, nikoh va boshqa hujjatlarining butligi, yoʻqolgan boʻlsa, ularni tiklash boʻyicha harakatlar tezkor tarzda olib borildi deyiladi xabarda.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, qayta tiklangan hujjatlar hech qanday toʻlovlarsiz rasmiylashtirilib berilmoqda. Albatta, bu Sardoba suv ombori talafotidan jabrlangan fuqarolarga nisbatan davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik natijasidir. Yoʻqolgan hujjatlari qayta tiklangach, uni qoʻliga olgan xalqimiz vakillarining chehrasidagi quvonch kelajakka boʻlgan umid va ishonchdan dalolat berib turibdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?