DXA: Endi tanish-bilish, doʻst-birodar qidirib, bolani bogʻchaga joylashga “qingʻir” yoʻl qidirmang!

17:53 13 Avgust 2019 Jamiyat
95 0

May-iyul oylarida Davlat xizmatlari agentligi rasmiy sahifalariga bolalarni davlat bogʻchalariga joylashtirish bilan bogʻliq 100 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Ularning aksariyati tizimdagi navbatlar pozitsiyalari oʻzgarishi bilan bogʻliq edi.

Maktabgacha taʼlim vazirligining rasmiy murojaatiga binoan, “Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha elektron ariza yuborish” va “Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim muassasasiga qabul qilish navbatini tekshirish” davlat xizmatlarini koʻrsatish vaqtincha toʻxtatilgan edi. Mazkur ishlar maktabgacha taʼlimni boshqarish tizimini takomillashtirish uchun imtiyozi bor bolalarni elektron navbatga qoʻyishda maxsus hisobga qoʻyish va monitoring qilish tizimi joriy etilishi uchun amalga oshirilgan edi.

Ammo ushbu xizmat toʻxtatilgani fuqarolarning koʻp noroziliklariga sabab boʻldi. Shu bois, mazkur masalada qoʻshimcha maʼlumot taqdim etmoqchimiz.

DXMlar orqali bolani davlat MTMga joylashtirish xizmati ilk bor 2018-yil 1-apreldan joriy etildi. U paytgacha ushbu xizmat ilgari mavjud boʻlgan qogʻoz koʻrinishidagi jurnallardan foydalangan holda koʻrsatilgan edi.

DXM orqali joriy etilgach, mazkur tizim qoʻlbola yangilanar edi. Yaʼni tuman maktabgacha taʼlim boʻlimlari oʻzlari boʻsh joy oʻrinlarini kiritar edi. Bu, oʻz navbatida korrupsiogen holatlarga olib kelishi mumkin edi.

Tizimni takomillashtirishdan avval, aholi tomonidan kelib tushayotgan eʼtirozlar chuqur oʻrganildi va tahlil qilindi. Natijada bitta bola uchun bir necha marotaba ariza berilgan holatlar ham mavjud ekanligi aniqlandi. Bu esa bir bola 3-4-martoba navbat olishiga olib keldi.

Mazkur xatoliklarni barataraf etish va kelgusida takrorlanmasligini oldini olish uchun tizimni butunlay modernizatsiya qilish qaroriga kelindi.

Amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida, endilikda, mazkur xizmatni koʻrsatish jarayonida inson omili butunlay yoʻq qilinib, toʻliq avtomatlashtirildi.

Natijada, tizim ishga tushirilganidan buyon respublika boʻyicha 51 000 dan ortiq bolalarga davlat bogʻchalariga yoʻllanma berildi.

Shuningdek, fuqarolarning fikrini inobatga olgan holda, ularga qulaylik yaratish maqsadida endilikda 2015-yil 1-yanvardan keyin tugʻilgan bolalarning maʼlumotlarini kiritishda xatoliklar yuzaga kelmasligi taʼminlandi. Buning uchun Davlat xizmatlari agentligi FHDYO maʼlumotlar bazasini bolalarni bogʻchalarga qabul qilish tizimi EMIS bilan integratsiya qildi. Yaʼni, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma raqamini kiritish kifoya qiladi. Buning oqibatida esa, albatta, ortiqcha vaqt tejalib taqdim etiladigan hujjatlar soni ham kamayadi.

2022-yil 1-yanvariga qadar esa “Yagona elektron FHDYO arxivi” arxivariuslar tomonidan toʻliq shakllantirilib, davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimiga integratsiya qilinadi.

Ammo, tan olish kerak, bu tizimni ham hozircha ideal deb boʻlmaydi. Davlat xizmatlari agentligi mutaxassislari tizimni yanada takomillashtirish, eski tizimdagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni koʻrishda davom etmoqda.

Endi tanish-bilish, doʻst-birodar qidirib, bolani bogʻchaga joylashga “qingʻir” yoʻl qidirmang! Barchasini halollikdan boshlang!


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?