Diyor Imomxoʻjayev: “Babayanga qoʻyilgan ayblar oʻz tasdigʻini topmagan”

22:10 06 Mart 2019 Jamiyat
422 0

Foto: AOKAdan olindi.

Bugun Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oʻzbek futbolini rivojlantirishning bugungi holati: yutuq va muammolar” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Bu haqda Agentlikning “Telegramm”dagi rasmiy kanalida maʼlum qilindi.

Professional futbol ligasi bosh direktori oʻrinbosari Diyor Imomxoʻjayevning aytishicha, bolalar futbolidagi eng katta muammo — yoshni kichraytirish bilan bogʻliq: “Biz bunga qarshi huquq-tartibot idoralari bilan birgalikda kurash olib borishni rejalashtiryapmiz. Bolalar futbolini rivojlantirish uchun Ispaniya va Serbiyadan mutaxassislar keldi. Biz yana boshqa futbol maktablari tajribasini ham oʻrgandik. Hozir Yevropada Germaniya, Osiyoda Yaponiya maktabi eng samarali konsepsiyaga ega, deya baholash mumkin”, deya aytib oʻtgan u.

Mutasaddilarning taʼkidlashicha, bugungi kunda murabbiy shogirdining yoshini kichraytirib, biror musobaqada gʻolib chiqishdan manfaatdor. Futbolchining professional futbolda qay darajada oʻynab ketishi esa ikkinchi darajali masalaga aylanib qolgan. Agar FIFA tizimi yoʻlga qoʻyilsa, murabbiy shogirdini yoshini kichraytirishdan emas, balki uni professional futbolchi qilib tarbiyalashdan koʻproq manfaatdor boʻladi.

Tadbirda “Lokomotiv” klubiga maslahatchi sifatida ishga olingan Samvel Babayan haqidagi savolga ham javob qaytarildi.

— Samvel Babayan futboldan chetlatilgan vaqtda uning faoliyati haqida 10 mingdan ortiq shikoyat arizalari tushgan va unga koʻplab ayblar qoʻyilgan edi, — dedi PFL direktori oʻrinbosari Diyor Imomxoʻjayev. — Ammo oʻsha ayblar oʻz tasdigʻini topmadi. Agar kimdir uning aybi borasida aniq fakt bilan kelsa, unga qarshi hozir ham ish ochilaveradi.

Oʻzbekiston Milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper bilan matbuot anjumani mart oyi oʻrtalarida boʻlib oʻtishi aytildi. Terma jamoamizning 18 — 25 mart kunlari Xitoyda oʻtkaziladigan “China Cup” musobaqasidagi ishtirokidan avval tashkil etiladigan anjumanda tarkiblar ham eʼlon qilinadi.

Maʼlum qilinishicha, futbol klublariga berilayotgan byudjet mablagʻlari OʻFA va PFL tomonidan maqsadli sarflanishi yuzasidan nazoratga olinadi, moliyaviy “fair play” joriy etiladi. Futbolchilarni sotish, chiptalar, homiylar va boshqa mablagʻlarni qanday tasarruf etish klublarning oʻzlariga havola qilinadi. Maqsad — klublarda oʻzlariga zarur pullarni oʻzlari ishlab topish koʻnikmasini shakllantirish.

Oʻzbekiston Futbol assotsiatsiyasi Futbolni rivojlantirish departamenti direktori Oʻngar Jalimov bolalar futbolida tarbiyalanuvchilar haqidagi maʼlumotlarning onlayn bazasini yaratish istiqboli haqida fikr bildirarkan, mazkur yoʻnalishdagi amaliy malakalarni qoʻshni davlatlar — Tojikiston va Qirgʻizistondan oʻrganishga chaqirdi.

— Tojikistonda va Qirgʻizistonda yosh futbolchilarning onlayn bazasi bor, — dedi Oʻngar Jalimov. — Biz bu tizimni oʻzimizga olib kelishimiz kerak. Hozir biz bolalarning “pasporti” bilan ish yuritamiz. Bu juda ogʻir. Biz odatda tajriba oʻrganish uchun uzoqdagi mamlakatlarni tanlaymiz. Ammo hozir yon qoʻshnilarimizdan oʻrganadigan narsalar ham bor. Qoʻshni davlatlar federatsiyalari bilan hamkorlik borasida memorandum imzolaganmiz. Kelgusida mutaxassislarimizni Qirgʻiziston va Tojikistonga yuboramiz.

Jurnalistlarning Superliga 1-turidan oʻrin olgan “Paxtakor” — “Lokomotiv” uchrashuvining nega qoldirilgani haqidagi savoliga Diyor Imomxoʻjayev har ikki jamoaning iltimosiga koʻra shunday qarorga kelinganini bildirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?