Direktor oʻldirilsa, oʻqituvchilar kaltaklansa, muallimalar izza qilinsa... Maktablarda tarbiya qanday ahvolga kelib qoldi?!

16:59 23 Noyabr 2018 Jamiyat
1808 0

Asli, bu haqda yozish niyatim yoʻq edi...

Toʻgʻri-da, soʻnggi yillar yurtimizda ushbu kasb egalarining azaliy obroʻ va nufuzi tobora tiklanib, mustahkamlanib, ular uchun koʻplab imtiyoz va sharoitlar yaratilayotgan, qoʻyingki, ularning kosasi oqarib, koʻksiga oftob tegib turgan, qolaversa, yaqin-yaqingacha majburiy mehnatga keng jalb etilgan ziyo tarqatuvchilar endilikda oʻz nomi va maqomiga xos tarzda emin-erkin, oʻzgacha kuch-gʻayrat, shijoat bilan ishlayotgan, eng muhimi, davlatimizning katta eʼtibori ularga qaratilgan bir paytda mavzu haqida eʼtirof-u tasannodan boshqa nima ham yozish mumkin?

Afsuski, doim tanganing ikki tomoni boʻlganki, hech biridan koʻz yumishning aslo iloji yoʻq. Qiziquvchanlik emasmi, odatga koʻra, har kuni ertalabdan internet saytlari tarqatgan axborot va yangiliklar bilan tanisharkanman, koʻngilni gʻash qilgan ayrim xabarlar yuqoridagi mavzu borasida jiddiyroq oʻylab koʻrmoq, boshqalarni ham shunga chaqirmoqqa undaydi:

...Samarqand viloyati Urgut tumani Beshyogʻoch qishlogʻida 30 oktyabr kuni soat 22:30 atrofida shu qishloqda yashovchi 1993 yilda tugʻilgan M.M va 1998 yilda tugʻilgan Sh.M. 15-umumtaʼlim maktabi direktori Anvar Yunusovga ogʻir tan jarohati yetkazgan. Hodisa oqibatida 1986 yilda tugʻilgan Anvar Yunusov voqea joyida hayotdan koʻz yumgan...

...Shu yilning 27 oktyabrida poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 236-maktabda noxush voqea roʻy berdi. Maktabning 11-“A” sinfida tahsil olayotgan bir guruh oʻquvchilar tarix fani oʻqituvchisini doʻpposlagan. Oqibatda oʻqituvchi yengil tan jarohati olishiga sabab boʻldi.

...Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi 60-umumtaʼlim maktabi fizika fani oʻqituvchisi D.R. oʻquvchi qizlardan biriga poʻpisa qilgan-u, baloga qolgan. 10-sinf oʻquvchisi M.A. goʻyo sinfdoshining yonini olib, muallimni kaltaklagan.

Xalq taʼlimi vazirligi masʼul xodimlari ushbu voqea haqiqatan sodir boʻlgani, tez fursatda muammo ijobiy hal etilganini bayon qilishgan...

Pedagogning shaʼni, hurmati va obroʻsini toptaydigan bunday voqealar koʻngilni ogʻritibgina qolmay, har birimiz uchun hayot-mamot masalasi boʻlgan, koʻpchiligimiz oxirgi paytda jilovini oʻz holiga tashlab qoʻygan farzandlarimizning bugungi tarbiyasidan asosli xavotir olishga majbur etadi.

Qaysi davrda yashayapmiz, oʻzi, degan savol tinchlik bermaydi kishiga. Yurtimizda yosh avlodni har tomonlama sogʻlom va barkamol qilib voyaga yetkazish yoʻlida olib borilayotgan salmoqli ishlar, nahotki, toʻlaqonli natija bermayapti? Ustozga qoʻl koʻtarishdek gunohi azim odatiy hol boʻlib qoldimi?

Xalqimizda “Ustoz otangdek ulugʻ” degan maqol bor. Bu degani – otangni qanday koʻrsang, uni qancha eʼzozlab, boshingga koʻtarsang, ustozni ham shunchalik ardoqlashing lozim. Qadimda oʻz farzandini ustoz qoʻliga topshirgan otaning ”Eti sizniki, suyagi bizniki” degan iltifotli soʻzlari mohiyatida ham bolaning chuqur ilm olishidan koʻra, ustozga boʻlgan yuksak ishonch, cheksiz hurmat va ehtirom ustun boʻlgan.

Bugun-chi? Bugun nima boʻlyapti?

Ota oʻgʻliga bitta oilani salkam yarim yil boqishga yetadigan pulga uyali telefon olib beryapti. Evaziga bola telefoni orqali internetga kirib, turli nojoiz saytlar, kanallar va guruhlardan milliy ahloq meʼyorlariga zid video yoki maʼlumotlar izlayapti. Oqibatda uni na ilm-maʼrifat, na pand-nasihat oʻzgartiryapti, oʻziga tortyapti. Yoki ona tor shim, kalta koʻylak kiygan qizini “oʻzimning farishtam”, deya erkalayapti. Bunga javoban, qiz kutubxonada oʻtirib ilm olishdan koʻra supermarket-u bozor aylanishni afzal bilyapti. Qaysidir oilada kunda-kunora ota uyiga ichib kelgan, janjal koʻtargan. Boshqa bir xonadonda ona oʻtgan yili uzatilgan qiziga beshik, kuyovga bosh-oyoq sarpo joʻnatamiz, deb, eriga xarxasha qilgan. Azbaroyi, zada boʻlgan farzand esa alamini maktabdan, yana kimsan – ustozdan olyapti. Uning burnini qonatib, goʻyo sinfdoshlari orasida “ochko” olyapti. Eng yomoni, bu bilan oʻzini “davr qahramoni” hisoblayapti. Oiladagi maʼnaviy hayotning ahvoliki, shunchalar abgor boʻlgach, hali koʻp narsaga aqli yetmaydigan oddiy maktab oʻquvchisidan yana nima kutish mumkin?

Istaymizmi-yoʻqmi, hayotda koʻp narsa oilaviy muhitga bogʻliq. Ziyoli, madaniyatli, farzandlar kelajagini oʻylagan oilada tarbiya topgan bolaning maktabda biror nojoʻya xatti-harakat sodir etganini kim koʻrgan? Olma daraxti tagiga olma toʻkilgani kabi bunday odamning farzandi egri koʻchadan yiroq, yomon koʻzdan panada, umrini koʻcha-koʻyda sangʻib oʻtkazadigan bezori tengdoshlaridan nari. Vaqtini hamisha oila davrasida, ilm muhitida oʻtkazadi ular.

Shu oʻrinda joriy yil oktyabr oyi oʻrtalarida Qrimning Kerch shahrida politexnika kolleji oʻquvchisi tomonidan sodir etilgan dahshatli qotillik esga tushadi-yu, koʻngil battar xijil tortadi.

...Kollej oʻquvchisi Vladilav Roslyakov uyushtirgan portlash va otishma oqibatida 16 nafar talaba, 5 nafar kollej xodimi halok boʻlgan, 50 dan ortiq kishi jarohatlangan. Uning qoʻlidagi qurol Turkiyada ishlab chiqarilgan Khan Arms A-Tac Tactical pump avtomati ekanligi maʼlum boʻlgan. Internet foydalanuvchilari Roslyakovning tashqi koʻrinishi Koloradodagi “Kolumbayn” maktabida ommaviy qotillik sodir etgan salbiy qahramonga juda oʻxshab ketishiga eʼtibor qaratishgan.

Bunga internetning aloqasi yoʻq, “oʻrgimchak toʻri” ham maʼnaviy immuniteti boʻsh bolaga taʼsir etadi, deysizmi? Yoʻq, shoshilmang! Zero, XXI asrga kelib, maxsus guruhlar tomonidan yaratilayotgan “zamonaviy” saytlar har qanday immun tizimini izdan chiqarish yoʻlida jon-jahdi bilan tirishmoqda.

Taʼkidlash lozim, soʻnggi vaqtda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli oʻqituvchilarning hayoti va faoliyatida koʻplab ijobiy oʻzgarishlar, yangilanishlar yuz berdi. Jumladan, oʻqituvchilarni tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish, mavsumiy qishloq xoʻjaligi va boshqa turdagi ishlarga jalb etish taqiqlangani katta yangilik boʻldi. Endilikda pedagoglar kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan yigʻilishlarga ham jalb etilmaydi.

Bir soʻz bilan aytganda, bugungi oʻqituvchi jamiyatning ilgʻor qatlamiga aylanib bormoqda.

Xoʻsh, davlatimiz tomonidan oʻqituvchilar obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish maqsadida shuncha xayrli ish qilinayotgan bir paytda nima uchun boshqalar, deylik, mahalla, oila, davlat va jamoat tashkilotlari, asosan, tomoshabin boʻlib turishibdi. Nega har birimiz oʻqituvchining obroʻsi, shaʼni, hurmat-izzatini oshirish haqida jiddiy oʻylamayapmiz? Nega ularni ona suti ogʻzidan ketmagan oʻquvchiga kaltaklatib, qoʻpol boʻlsa ham talatib qoʻyyapmiz?

Xulosa oʻrnida ibratli bir rivoyat yodga tushadi. Imom Buxoriy hazratlari Makkai Mukarramada taʼlim berayotgan chogʻ bir ziyoratchi Buxorodagi ustozidan salom bilan birga, maktub ham keltiradi. Xabardan quvongan Imom Buxoriy oʻz yurti tomon yuzlanib, ustozi salomiga alik olgan holda, hurmat bajo keltiradi. Soʻngra maktubni ikki qoʻllab olib, ehtirom bilan oʻqiydi.

Biz buyuk ajdodlarimizning yuksak insoniy fazilatlaridan oʻrnak olishni yaxshi koʻramiz. Bas, bu borada yana bir bor jiddiy oʻylab koʻrish fursati keldi.

Tohir Shomurodov

OʻzA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?