“Diqqat qiling! Shirin radiosidan gapiramiz”

17:40 01 Fevral 2019 Jamiyat
555 0

Muallif olgan surat.

“Xalq soʻzi ONLINE”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Nurchilar shahri — Shirinda radiouzel faoliyat boshladi. Dastlabki eshittirishlar “Yoshlar xiyoboni”ga oʻrnatilgan ovozuzatgichlar orqali tinglovchilar eʼtiboriga havola qilindi.

— Shahrimiz hokimi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur axborot vositasi zimmasiga qoʻyilayotgan vazifalar keng koʻlamli, — deydi respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat markazi” Shirin shahar boʻlinmasi rahbari Madinabonu Abdusalomova. — Avvalo, u orqali aholi shahrimiz va mamlakatimiz hayotidagi yangiliklar bilan tanishtirib boriladi. Dasturdan maʼnaviy-maʼrifiy, jinoyatchilikning oldini olish, sogʻlom turmush tarzi va boshqa koʻplab mavzulardagi eshittirishlar berib boriladi.

Yana bir jihati, radiouzel shirinliklarga kommunal xizmat boʻyicha xabarlarni ham yetkazib turadi. Masalan, ichimlik suvi taʼminotida taʼmirlash yoki boshqa sabablar tufayli uzilish kutilsa, bu haqdagi axborot efir orqali maʼlum qilinadi. Ayni chogʻda dasturdan shahrimizning ozoda va koʻrkamligini saqlash boʻyicha tushuntirish-targʻibot materiallari ham joy oladi. 

“Oʻzbektelekom” AK Sirdaryo filialining Shirin shahar telekommunikatsiyalar bogʻlanmasi boshligʻi Xurshid Qayumovning maʼlum qilishicha, radiouzelning efir vaqti cheklanmagan hamda kelgusida uning ovozuzatgichlari shaharning deyarli barcha hududini qamrab oladi.

Maʼlumot uchun, ayni radiouzel turdoshlari oʻtgan asrning hali har bir xonadonga radio yoki televideniye kirib bormagan, internet paydo boʻlmagan yillarda kolxozlar, tuman markazlari va shaharlardagi asosiy ommaviy axborot vositalaridan biri sanalgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?