Diqqat! Oʻz kuchida qoladigan karantin talablari maʼlum qilindi

08:01 04 Iyun 2020 Jamiyat
690 0

Respublika maxsus komissiyasi 4-iyunga oʻtar kechasi karantin cheklovlari yengillashtirilishi bilan bogʻliq qator yangiliklarni eʼlon qildi.

Xabar qilinishicha, barcha hududlarda ularning toifasidan qatʼi nazar quyidagi karantin talablari saqlab qolinmoqda:

jamoat joylari va tadbirkorlik faoliyati obyektlarida ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlash, uch kishidan ortiq yigʻilmaslik,

fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalaridan foydalanishi;

taʼlim tashkilotlari (maktab, litsey, kollej, texnikum, institut, universitet va boshqalar) faoliyatini yoʻlga qoʻymaslik;

koʻngilochar obyektlar — tungi klublar, diskoteka, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter oʻyinlari markazlari faoliyatiga yoʻl qoʻymaslik;

konsert, kinoteatr va sport tadbirlarini oʻtkazmaslik (professional futbol klublari oʻquv mashgʻulotlari va Oʻzbekiston professional futbol ligasi chempionatlari bundan mustasno);

jamoat transporti harakatiga ruxsat bermaslik;

dehqon, qurilish bozorlari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat savdo nuqtalari (supermarket va boshqa yirik doʻkonlar) kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash hamda har bir fuqaroning tana haroratini oʻlchab, 37S va undan yuqori boʻlgan holatda, ushbu majmualarga kiritmaslik choralarini koʻrish;

barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “toʻshak”lar bilan taʼminlash hamda xodimlar tomonidan ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlagan holda faoliyat yuritishini taʼminlash;

qurilish-taʼmirlash ishlarida obyektlarning hududi toʻliq karantinga olinishi va hududiy sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari bilan birgalikda obyektlarda sanitariya-gigiyena tadbirlarining amalga oshirilib borilishi. Bunda, ushbu tashkilotlarning faoliyat olib borish davrida sanitariya va gigiyena qoidalariga toʻliq rioya qilish, oʻz faoliyatini faqatgina tegishli obyekt hududi doirasida tashkil etish.

“Qizil” toifaga kiruvchi hududlarda karantin cheklovlari talablarini bajarmaslik, shuningdek, “yashil” va “sariq” toifaga kiruvchi hududlarda ruxsat berilgan faoliyat turlarini oʻrnatilgan maxsus talablarga rioya etmagan holda amalga oshirish tegishli javobgarlikka sabab boʻladi.

Ikki yoʻnalishda vaqtinchalik tartiblar tasdiqlandi:

Karantin sharoitida umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyatini tashkil qilish boʻyicha vaqtinchalik tartib;

Karantin sharoitida ruxsat berilgan faoliyat turi bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlik subyektlarida sanitariya-epidemiologik nazoratni amalga oshirish boʻyicha vaqtinchalik tartib.

Shu bilan birga, Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasiga faoliyati tiklanayotgan sohalarda va tadbirkorlik subyektlarida karantin talablari, sanitariya-epidemiologik qoidalarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish topshirildi.

Karantin davrida muddati tugaydigan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga tegishli malaka toifasi berilganligi toʻgʻrisidagi sertifikatlarning amal qilish muddati 2020-yil 1-oktyabrga qadar uzaytirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?