Diplomatiya universitetida kontrakt nega ikki barobar oshdi?

15:35 05 Sentyabr 2018 Jamiyat
301 0

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti toʻlov kontrakt miqdorining nega bunday katta qiymatda oshgani borasida rasmiy sayti orqali maʼlumot berdi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti oldida strategik maqsad turibdi — oliy taʼlim muassasasini yangi turdagi taʼlim maskaniga aylantirish, ilgʻor xorijiy tajribadan foydalangan holda mutaxassislar tayyorlashning yuqori sifatiga erishish, bunda eng soʻnggi innovatsion va pedagogik texnologiyalar hamda ilmiy ishlanmalardan foydalanish, deyiladi rasmiy bayonotda.

2018/2019 oʻquv yilidan boshlab JIDUning bakalavriati (22,1 million soʻmgacha) va magistraturasida (24,3 million soʻmgacha) toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olish ikki barobarga oshirildi. Qayd qilinishicha, JIDUga jiddiy iqtisodiy-moliyaviy xarajatlarsiz yangi avloddagi ilmiy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlar haqida gapirib boʻlmaydi.

Ushbu vazifalarning bajarilishi ham davlat resurslari, universitetning byudjetdan tashqari mablagʻlarini optimallashtirishni talab qiladi. Shu nuqtai nazardan, toʻlov-kontrakt asosida oʻqish narxining oshishi “yangi sharoitda universitet faoliyatini taʼminlashning muhim talablariga javob beradi”.

Universitetning tubdan qayta qurish jarayoni allaqachon boshlangan, deya qayd qilinadi JIDU bayonotida.

Birinchidan, moddiy-texnika infratuzilmasi yangilanmoqda: sport inshootlari qayta qurilmoqda va oʻzgartirilmoqda, talabalar uchun keng ijtimoiy maydonga ega yangi Axborot-resurs markazi yaratilmoqda; Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi elchixonalari resurslaridan foydalangan holda JIDU kutubxona fondini tubdan yangilash jarayoni boshlandi. Yetakchi xorijiy universitetlarda qoʻllaniladigan eng yangi darslik va oʻquv qoʻllanmalarni (2015-2018 yillar nashri) sotib olish rejalashtirilgan.

Ikkinchidan, oʻquv rejalari va dasturlari yangilanmoqda, amaliy mashgʻulotlar va oʻquv jarayonining amaliy yoʻnalishlari kuchaytirilmoqda. Talabalarning mustaqil tayyorlanishini chuqurlashtirish, tahliliy fikrlashni shakllantirish va rivojlantirish, barqaror kasbiy koʻnikmalarga alohida eʼtibor qaratiladi. Oʻquv jarayonining markaziy qismiga professor/oʻqituvchi aylanadi, u taʼlim jarayonining moderatori sanaladi.

Shuningdek, oʻqituvchilarning yuklamasi qogʻoz ishlaridan ozod qilish va toʻliq ilmiy faoliyat uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadida qayta koʻrib chiqiladi.

Uchinchidan, zamonaviy xalqaro iqtisodiy, siyosiy va huquqiy sohalardagi nufuzli xorijiy mutaxassislar JIDUning taʼlim jarayoniga jalb qilinadi. Joriy oʻquv yilida chet eldan kamida 10-15 nafar yetakchi xalqaro olimni taklif qilish rejalashtirilgan.

“Universitetda toʻlov-kontrakt asosida oʻqish narxining oshishi haqidagi yangilik ijtimoiy tarmoqlarda turlicha reaksiyaga sabab boʻldi. Yuqorida biz ushbu qadamning zarurligini oqlaydigan qator dalillarni keltirdik. Bu dalillar shuni koʻrsatadiki, barcha qoʻshimcha mablagʻlar talabalarga va talabalarning manfaati uchun maqsadli tarzda foydalaniladi. Shuningdek, taʼlim jarayonini yangilash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadiga erishish uchun ishlatiladi”, - deyiladi xabarda.

Maʼmuriyatdan bildirilishicha, Universitet Ilmiy kengashi muayyan talabalar uchun toʻlov foizini kamaytirishga harakat qiladi, ularning universitet hududida ish bilan taʼminlash imkoniyatini yaratadi, shuningdek, talabalar kuchi bilan startaplar yaratilishiga, ularga biznes yuritish uchun koʻmak koʻrsatadi. Boshqa tomondan, Ilmiy kengash biznes hamjamiyatdan maʼlum bir talabalar oʻqishiga xarajatlarni qoplab berish haqida soʻraydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?