Diplomatiya universiteti kontraktlari 100 foiz oshirildi

10:27 28 Avgust 2018 Jamiyat
694 0
Foto: uwed.uz

2018/2019 oʻquv yilidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bakalavr va magistratura bosqichlari uchun toʻlov-kontrakt miqdorini ikki barobarga oshiradi. JIDU ilmiy kengashi tegishli qarori qabul qildi, deb yozadi Sof.uz.

Shu bilan birga, Oʻzbekistonda ilk bor kontraktlarni tabaqalashtirilgan shartlari joriy etildi.

Bakalavriat:

stipendiya toʻlovi bilan birgalikdagi toʻlov-kontrakt asosidagi taʼlim — 22,1 mln soʻm;

stipendiya toʻlovisiz toʻlov-kontrakt asosida taʼlim — 18,3 mln soʻm;

stipendiya toʻlovi hamda yotoqxonada yashash, sport-sogʻlomlashtirish majmuasidan foydalanish uchun xarajatlarni oʻz ichiga olgan toʻlov-kontrakt miqdori — 24,1 mln soʻm;

stipendiyasiz va yotoqxonada yashash, sport-sogʻlomlashtirish majmuasidan foydalanish uchun xarajatlarni oʻz ichiga olgan toʻlov-kontrakt miqdori — 20,3 mln soʻm.

Magistratura:

stipendiya toʻlovi bilan birgalikdagi toʻlov-kontrakt asosidagi taʼlim — 24,3 mln soʻm;

stipendiya toʻlovisiz toʻlov-kontrakt asosida taʼlim — 20,5 mln soʻm;

stipendiya toʻlovi hamda yotoqxonada yashash, sport-sogʻlomlashtirish majmuasidan foydalanish uchun xarajatlarni oʻz ichiga olgan toʻlov-kontrakt miqdori — 26,3 mln soʻm;

stipendiyasiz va yotoqxonada yashash, sport-sogʻlomlashtirish majmuasidan foydalanish uchun xarajatlarni oʻz ichiga olgan toʻlov-kontrakt miqdori — 22,5 mln soʻm.

JIDU rahbariyatidan “Gazeta.uz”ga oydinlik kiritilishicha, universitet yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va OTMni rivojlantirish strategiyasi xarajatlarini hisobga olgan holda har yili bakalavr va magistraturada kontraktlar miqdorini oshirish huquqiga ega boʻldi. Bu Oʻzbekiston Prezidentining 21 iyundagi “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida koʻzda tutilgan.

Bunda universitetda kontrakt boʻyicha oʻqish qiymati respublika oliy taʼlim muassasalari uchun tegishli yoʻnalish va mutaxassisliklar boʻyicha oʻrnatilgan kontraktlar miqdoridan uch barobardan ziyodroqqa oshirilishi mumkin emas.

Vazirlar Mahkamasining 15 avgustdagi qarori bilan OTMlar professor-oʻqituvchilari tarkibi uch bosqichda oshirilishi koʻzda tutilgan:

2018 yil 1 sentyabrdan — oʻrtacha 25 foizga;

2019 yil 1 yanvardan — 20 foizga;

2019 yil 1 iyuldan — 25 foizga.

Masalan, fan doktori darajasiga ega professor oyligi 1 sentyabrdan 3,8 mln soʻmgacha, 1 yanvardan — 4,6 mln soʻmgacha, 1 iyuldan — 5,8 mln soʻmgacha oshadi.

JIDUda kontraktlar miqdorining oshirilishidan koʻzlangan asosiy maqsad — taʼlim sifatini oshirishdan iborat, deya taʼkidladi OTM rahbariyati vakili.

“Agarda oʻqituvchining maoshi yaxshi boʻlsa, u boshqa tashvishlar haqida oʻylamaydi va bor kuchini taʼlimga qaratadi”, — dedi maʼmuriyat xodimi.

Universitetda jami boʻlib 1250 nafar talaba tahsil oladi. Har bir oʻqituvchiga oʻrtacha yetti nafar talaba toʻgʻri keladi.

2018/2019 oʻquv yilida universitet xarajatlari oʻqituvchilar oyliklari oshirilishini hisobga olganda 35 mlrd soʻm boʻlishi kutilmoqda. JIDU 25 mlrd soʻmlik daromadni kontraktlar koʻrinishida oladi. 10 mlrd soʻmni esa Moliya vazirligi davlat byudjetidan ajratadi.

Oʻtgan yili daromadlar 13 mlrd soʻmni tashkil etgan boʻlsa, uning 7,5−8 mlrdi superkontraktlar hisobiga toʻgʻri keldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?