Agar 20-iyulgacha diplomni olmasa, nima boʻladi? — abituriyentlarni qiziqtirgan eng muhim savollarga javob berildi

14:41 15 Iyul 2020 Jamiyat
614 0

Bugun AOKA huzuridagi shtabda Davlat test markazi boshqarma boshligʻi Diyorbek Qoʻchqorov ishtirokida brifing oʻtkazildi.

Brifingda muhim savollar yuzasidan javob qaytarildi.

Savol: Abituriyentlar hozir bitirganlik haqida diplomni qoʻlga olgani yoʻq, bu esa OTMga hujjat topshirish uchun toʻsqinlik qilyapti. Agar 20-iyulgacha diplomni olmasa, nima boʻladi?

Javob: Karantin cheklovlari joriy etilgani sababli, joriy yil bitiruvchilariga shahodatnoma va diplomlar elektron shaklda yetkazilishi, asl nusxalari esa epidemiologik vaziyat yaxshilanganidan keyin topshirilishi belgilandi.

Joriy yil bitiruvchilariga qulaylik yaratish maqsadida ularning tugatgan taʼlim muassasasi boʻyicha maʼlumotlari tegishli vazirliklardan, yaʼni, umumtaʼlim maktablari bitiruvchilarining maʼlumotlari Xalq taʼlimi vazirligidan, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining maʼlumotlari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligidan olinmoqda.

Ular roʻyxatdan oʻtishda tugatgan taʼlim muassasasi maʼlumotlarini kiritmaydi.

Savol: Oliy harbiy taʼlim muassasalariga nomzodlar fanlar ketma-ketligiga mos yana beshta bakalavriat yoʻnalishlari boʻyicha uchta taʼlim shakli (kunduzgi, kechki, sirtqi)dan istalgan birini tanlashi mumkinmi? Yoki faqat kunduzgi taʼlim boʻyicha hujjat topshiradimi?

Javob: Davlat komissiyasining 1-son bayoniga muvofiq, nomzodlarga oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish boʻyicha roʻyxatdan oʻtishda test topshiradigan fanlari majmuasi va ketma-ketligi bir xil boʻlgan harbiy boʻlmagan oliy taʼlim muassasalarining beshtagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini tanlash huquqi beriladi.

Bunda nomzodlar beshtagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini uchta taʼlim shakli (kunduzgi, kechki, sirtqi)dan istalgan biri boʻyicha tanlashlari mumkin.

Savol: Men topshirayotgan yoʻnalishdan faqat 2 tagina universitet chiqyapti, qolganlari chiqmayapti, nima qilishim kerak?

Javob: Davlat komissiyasining 1-son bayoni bilan 2020/2021 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga davlat buyurtmasi asosida oʻqishga qabul qilish parametrlari taʼlim shakli, taʼlim yoʻnalishlari va oʻqitish tillari boʻyicha taqsimlangan.

Abitur.dtm.uz saytida abituriyentlarni onlayn roʻyxatga olish mazkur qabul parametrlari asosida amalga oshiriladi.

Bunda oliy taʼlim muassasasi uchun qabul parametrlari ajratilgan boʻlsa, dasturda avtomatik chiqadi. Agar oliy taʼlim muassasasi uchun qabul parametrlari ajratilmagan boʻlsa, dasturda chiqmaydi.

Savol: Otasi yoʻq, onasi bilan yolgʻiz yashaydigan yoshlarga yoki ota-onasi vafot etganlarga qanday imtiyozlar bor?

Javob: Prezidentning 2019-yil 22-apreldagi PQ-4296-son “Bola huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan “Mehribonlik” uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari boʻlgan chin yetimlar uchun qoʻshimcha ravishda bir foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalari ajratiladi.

Shuningdek, ular test sinovlari uchun toʻlovdan ham ozod etilgan.

Agar ular “Mehribonlik” uyi yoki Bolalar shaharchasining bitiruvchilari boʻlsa, mazkur imtiyozlardan foydalanishlari mumkin.

Savol: Men IELTS dan 4 ball olganman, imtiyoz sifatida foydalansam boʻladimi?

Javob: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 395 son qaroriga muvofiq, test sinovlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) majmuasiga chet tili fani kiritilgan barcha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari uchun milliy yoki xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori boʻlgan sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball beriladi.

Bunda ingliz tilidan maksimal ball berish uchun IELTS 5,5 dan kam boʻlmasligi lozim.

Savol: Abituriyentman, lekin hozir fuqarolik pasportim yoʻq, yaqindagina 16 yoshga toʻlganlarga 10 kun ichida fuqarolik pasporti berilsin, degan qaror qabul qilingan edi. Pasport stolga borsam, karantin tufayli ishlamayapti, deyishdi. Nima qilay?

Javob: Davlat komissiyasining 1-son bayoni bilan Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2020/2021 oʻquv yilida maktab, akademik litsey hamda kasb-hunar kollejlarining 16 yoshga toʻlgan bitiruvchilari pasport olish uchun murojaat qilganda, ularga navbatlarsiz, belgilangan tartibda pasport berilishi taʼminlanishi belgilangan.

Agar sizda pasport olishda muammolar yuzaga kelayotgan boʻlsa, Ichki ishlar vazirligining 71 231 50 35 raqamiga qoʻngʻiroq qilishingiz mumkin.

Savol: 6-iyul kuni onlayn hujjat topshirdim. Toʻlovni 7-iyul kuni amalga oshirdim. Roʻyxatga olingan-olinmaganimni qanday bilsam boʻladi?

Javob: Toʻlov muvaffaqiyatli amalga oshirilganini “Shaxsiy kabinet”dagi “Qabul-2020” boʻlimiga kirib, bilib olish mumkin.

Bunda, abituriyent qayd varaqasining quyi qismida “Toʻlovingiz muvaffaqiyatli amalga oshirildi!” degan xabar chiqadi.

Savol: Toʻlovni qaysi kungacha amalga oshirish mumkin?

Javob: Abituriyentlar test sinovlari uchun toʻlovni roʻyxatdan oʻtish yakunlangunga (20-iyul) qadar amalga oshirishlari lozim.

Belgilangan muddatda toʻlovni amalga oshirmagan abituriyent roʻyxatdan oʻtmagan hisoblanadi va test sinovlarida ishtirok eta olmaydi.

Savol: Har bir taʼlim yoʻnalishiga qancha odam roʻyxatdan oʻtganini qanday bilish mumkin?

Javob: Davlat test markazi tomonidan qabul.dtm.uz sayti ishga tushirilgan boʻlib, mazkur sayt orqali har bir oliy taʼlim muassasasi boʻyicha yoʻnalishlar kesimida roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar soni va tanlov koʻrsatkichini koʻrish mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?