Dinozavr qoldiqlari deb taxmin qilinayotgan topilma boʻyicha mutaxassis oʻz fikrini bildirdi

02:45 18 Fevral 2019 Jamiyat
1933 0

Saytimizda joriy yil 14-fevral kuni “Arxeologlar diqqatiga: Rishton tumanidan dinozavr qoldiqlari topildi” nomli maqola eʼlon qilingan edi. Ochigʻi, bu voqelikni efirlarida eʼlon qilmagan, nashrlarida chop etmagan OAV deyarli qolmadi hisob. Ijtimoiy tarmoqlarda-ku ushbu mavzu yuzasidan juda koʻplab bahs-munozaralar yuzaga kelgani ham bor gap.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida “Xalq soʻzi ONLINE” muxbiri Elyorjon Ehsonov Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya muzeyi direktori Ahmadjon Axmedshayev bilan suhbatlashdi.

— Bunaqa voqea 2015-yili Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida ham boʻlgan, — deydi A. Axmedshayev. — Lekin suyaklar dinozavr qoldiqlari sifatida oʻz isbotini topmagan. Fargʻona viloyatining Rishton tumani, Yangiyoʻl qishlogʻi, Yangiturmush koʻchasi, 2-uydan topilgan, ayni paytda dinozavr suyaklari qoldiqlari deb taxmin qilinayotgan topilmani hali shaxsan oʻzim borib koʻzdan kechirganim yoʻq. Lekin Rishton tumaniga borishga ham hech bir asos yoʻq, deb hisoblayman. Sababi, topilmaning dinozavr qoldiqlari emas, deyishimga yetarli dalillarim bor.

Birinchidan, mavzu davrimizdan 130 — 180 million yillar muqaddam yashagan dinozavrlar haqida ketyapti. Mazkur davrdagi suyak qoldiqlari toshga aylanmagan boʻlsa, bizgacha yetib kelmaydi. Bu ilmiy xulosa! Chunki yillar suroni, geografik oʻzgarishlar, tabiiy ofatlar, iqlim oʻzgarishlari uni yoʻq qilib yuboradi. Toshlarga esa bu kabi hodisalarning taʼsir qilishi qiyin. Rishton tumanidagi suyak qoldiqlarining shundoqqina pol ostidan sof suyak holida topilishi shu jihatdan ilmiy asossizdir.

Ikkinchidan, dinozavr suyaklariga baho berishda bizning ilmiy tildagi 60 million yillardan dalolat beradigan boʻr qatlam, yura davri qatlamlari boʻlishi kerak. Polning shundoqqina ostidagi suyak qoldiqlari neolit, paleolit kabi uzoq davrlardan qanday qilib “eson-omon” “oʻtib oldi” ekan?! Televideniye orqali shu mavzudagi lavhani diqqat bilan kuzatdim. Namoyish etilayotgan tasvirdagi suyaklar esa yaxshi saqlangan. Suyak qismlarini bogʻlab turuvchi vositalarga ham zarar yetmagan.

Mening fikrimcha, suyak qoldiqlari mushuksimonlar oilasiga taalluqli hayvonga tegishlidir. Yaydoq choʻl hududi boʻlganligi uchun bu bundan ikki-uch asr oldin, balki undan ham koʻproq yillarda yashagan choʻl mushugi, qamish mushugining suyak qoldiqlari boʻlishi mumkin.

Fargʻona davlat universitetining zoologiya kafedrasi mutaxassislari, professor va fan nomzodlari mazkur hodisaga nisbatan oʻzlarining ilmiy xulosalarini berishi kerak, deb oʻylayman.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?