Diniy erkinlik sohasidagi oʻzgarishlar — mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy-huquqiy islohotlarning muhim qismi

13:56 21 May 2020 Jamiyat
583 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida din va eʼtiqod erkinligini taʼminlash, sohadagi taklif va tavsiyalarni amalga oshirish boʻyicha 2018-yil 4-maydagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining Qoʻshma qarorlari bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi” ijrosi yuzasidan parlament eshituvi videokonferensiya tarzida oʻtkazildi.

Parlament eshituvida deputatlar, senatorlar, vazirliklar va idoralar rahbarlari, taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, fuqarolik institutlari, BMT Inson huquqlari Kengashining Din va eʼtiqod erkinligi masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachisi A. Shahid, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi, mazkur boshqarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha vakolatxonasi, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha Byurosi, AQSHning Davlat departamenti, mazkur departamentning Xalqaro diniy erkinliklar boʻyicha komissiyasi, “Global ishtirok instituti” xalqaro nodavlat tashkiloti, Brigam Yang universiteti vakillari, Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov kirish soʻzida 2017-yilning oktyabr oyida BMTning Inson huquqlari Kengashining Din va eʼtiqod erkinligi masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachisi A. Shahid 15 yil davomida Oʻzbekistonga ilk tashrif buyurgani, mazkur tashrif yakunlarida bildirilgan 12 ta tavsiya eʼtiborga olingan holda mamlakatimiz parlamenti tomonidan eʼtiqod erkinligini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlanganini aytib oʻtdi.

Taʼkidlanganidek, pandemiya koʻp mamlakatlarda diniy murosasizlikka olib keldi, nafrat uygʻotuvchi hislarni avj oldirish, virus tarqalishida boshqa din va eʼtiqod vakillarini ayblash kabi holatlar oʻtkir tus oldi. Eʼtiqod erkinligi borasida olib borilayotgan tub oʻzgarishlar Oʻzbekistonda yuz berayotgan siyosiy-huquqiy islohotlarning ajralmas tarkibiy qismi sanaladi. Bu oʻzgarishlar Oʻzbekistonni rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasining millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglikni taʼminlashga qaratilgan vazifalarida belgilangan. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan Rezolyutsiyasining qabul qilinishi tarixiy voqea boʻldi.

Oʻz navbatida, A. Saidov siyosiy va huquqiy islohotlarni amalga oshirish, fuqarolik institutlarining rolini kuchaytirishda, shuningdek, diniy erkinlik sohasida koʻmak berib kelayotgan barcha xalqaro hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.

Parlament eshituvi davomida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri oʻrinbosari A.Toshqulov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi oʻrinbosari D. Eshnayev va Xalqaro islom akademiyasi prorektori I. Usmonov axborotlari eshitildi.

Adliya vaziri oʻrinbosari A. Toshqulov diniy tashkilotlarni huquqiy tartibga solishda katta oʻzgarishlar roʻy bergani toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi. Xususan, roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun davlat bojining besh baravargacha kamaygani, taqdim etiladigan hujjatlar sonining sezilarli qisqartirilgani, diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga har chorakda hisobot berish bekor qilinib, bir yilda bir marotaba elektron tarzda qisqartirilgan hajmda maʼlumot taqdim etilishi, adliya organlarining diniy tashkilotni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish vakolati, diniy tashkilot tomonidan qonun yoki ustav talablariga rioya etilmaganligi uchun BHMning 100 baravari miqdorida jarima qoʻllash tartibi bekor qilinganligi keltirildi. Yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasiga kiritilayotgan qoʻshimchalar va oʻzgartishlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Qonun loyihasini tayyorlash jarayonida davlat va din oʻrtasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishda milliy, xorijiy va xalqaro tajriba eʼtiborga olinganligi taʼkidlandi.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi oʻrinbosari D. Eshnayev “Yoʻl xaritasi”ga muvofiq, amalga oshirilgan ishlar va natijalar boʻyicha maʼlumot berdi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda 16 ta konfessiyaga mansub 2277 ta diniy tashkilot faoliyat yuritayotgan boʻlib, ularning 2094 tasini islomiy diniy tashkilotlar, shu jumladan, 2067 tasini masjidlar tashkil etadi. Shuningdek, 166 ta xristian diniy tashkiloti, 8 ta yahudiy va 6 ta bahoiy jamoalari, bittadan krishnachilar jamiyati va buddaviylar ibodatxonasi hamda konfessiyalararo Oʻzbekiston Bibliya jamiyati faoliyat yuritmoqda. Din ishlari boʻyicha qoʻmita huzuridagi Konfessiyalar ishlari kengashi oʻzining yigʻilishlarini yiliga ikki marta oʻtkazib kelmoqda.

Diniy taʼlimda tub oʻzgarishlar yuz berdi, ilmiy-tadqiqot faoliyati izchillik bilan olib borilmoqda. “Yoʻl xaritasi”da belgilangan xalqaro uchrashuv va tadbirlar muntazam ravishda tashkil qilinmoqda. Misol tariqasida 2019-yil noyabr oyida Toshkent va Samarqandda AQSHning Global jalb qilish instituti hamkorligida oʻtkazilgan “Din va qonun ustuvorligi” mavzusida Oʻzbekiston — Amerika ilmiy-amaliy seminarini keltirish oʻrinli.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori, professor I. Usmonov oʻz chiqishida bugungi kunda respublikada Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, “Mir Arab” oliy madrasasi, 9 ta madrasa, jumladan, 2 ta ixtisoslashtirilgan xotin-qizlar bilim yurti, Toshkent pravoslav diniy seminariyasi, Toshkent protestant seminariyasi kabi oʻquv muassasalari faoliyat yuritib kelayotganini taʼkidladi. Mamlakatda Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy hamda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilgan. Viloyatlarda kalom, hadis, fikh, aqida va tasavvuf ilmi maktablari ochilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston toʻliq Injil xristianlari markazi, Oʻzbekiston Injil xristian-baptistlar cherkovlari ittifoqi faoliyat yuritmoqda.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Dinshunoslik”, “Fikh”, “Qurʼon”, “Hadis” kabi yangi diniy mutaxassisliklar boʻyicha oʻquv rejasi joriy etildi. Akademiyada diniy taʼlim sohasida malakali kadrlar tayyorlash maqsadida “Qurʼonshunoslik va hadisshunoslik”, “Islom tarixi va manbashunoslik”, “Aqida” kabi kafedralar ochildi. Ushbu diniy mutaxassisliklar boʻyicha 100 nafar talaba oʻqishga qabul qilingan.

Parlament eshituvida BMT Inson huquqlari boʻyicha Kengashining Din va eʼtiqod erkinligi masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachisi A. Shahid nutq soʻzladi. U Oʻzbekistonda eʼtiqod erkinligini taʼminlash sohasida sezilarli oʻsishga erishilganini eʼtirof etdi.

Parlament eshituvining boshqa ishtirokchilari ham Oʻzbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida muhim islohotlar roʻy berayotganini taʼkidlashdi. Xususan, diniy konfessiyalar vakillarining aytishlaricha, qonunchilik va amaliyotdagi oʻzgarishlar davlatning diniy sohadagi siyosatini amalga oshirish yoʻlida real va jiddiy qarorlar qabul qilganining yaqqol tasdigʻidir.

Qatnashchilar respublikada COVID-19 pandemiyasi sharoitida infeksiya tarqalib ketishining oldini olishda turli diniy tashkilotlar vakillari ham katta hissa qoʻshishayotganini qayd etib oʻtishdi. Turli konfessiyalarning yetakchi namoyandalarining koronavirus infeksiyasi yuqishining oldini olish boʻyicha aholining keng qatlamlari oʻrtasida olib borilayotgan faol targʻibot va maʼrifiy faoliyati mamlakatdagi sanitariya-epidemiologik vaziyatga ijobiy taʼsir etdi.

Yakunda parlament eshituvi ishtirokchilari takliflarini inobatga olgan holda “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni samarali bajarishga qaratilgan tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?