Dima Qayum Komil Allamjonovga murojaat yoʻlladi. Nega?

21:00 25 May 2019 Jamiyat
850 0

Facebook ijtimoiy tarmogʻi orqali Dima Qayum taxallusi bilan tanilgan rishtonlik tadbirkor, bloger Dilshod Boltaboyev shikoyatida Rishton tumani markazidagi bozor ichkarisida joylashgan kutubxonasi “snos” ga tushganligi va buzilayotganligi aytiladi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, bir necha yil avval xuddi shu xalq kutubxonasining buzilishi yuzasidan tuman hokimi bilan bloger oʻrtasida muammolar yuzaga kelgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi keng jamoatchilik fikri, munosabatlar va tortishuvlar jarayonida Dima Qayum kutubxonani saqlab qolishga erishgan.

K.Allamjonov 24-may kuni bu murojaatga zudlik bilan javob yoʻlladi. Aynan keltiramiz: “Murojaatingizda aytilgan masala atroflicha oʻrganildi va uni hal etish choralari koʻrilyapti. Sizga telefon orqali qoʻngʻiroq qilib aytganimdek, bugungi kunda tumanda bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari boshlangan. Biz viloyat hokimi Shuhrat Madaminovich bilan kelishgan holda, sizning kutubxonangiz oʻz faoliyatini davom ettirishi uchun kerakli choralarni koʻryapmiz. Kutubxona uchun eng yaxshi joyni tanlasangiz,oʻsha yerda birgalikda kutubxona quramiz”.

Gap shundaki, davlatimiz rahbarining shu yil 6-7-may kunlari Fargʻonaga tashrifi chogʻida Rishtonni namunali tumanga aylantirish yuzasidan bildirgan taklifi asosida ayni kunlarda ulkan bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan. Koʻrimsiz, arxitektura talablariga javob bermaydigan turar joy va noturar joy binolari buzilmoqda.Mamlakatimizda yagona namunali hisoblangan Jizzax viloyati Mirzachoʻl tumanining avvalgi holati va bugungi goʻzal qiyofasini koʻz oldimizga keltirsak, kelgusi5-10 yillar davomida Rishton tumanining umumiy qiyofasi qanday chiroy ochishini tasavvur qilish qiyin emas.

Kuni kecha Rishton tumani faollari ishtirokidagi majlisda PrezidentmaslahatchisiTursunxon Xudoybergenov ishtirok etdi. Takidlandiki, endilikda namunali tuman sifatida Rishton butunlay boshqacha qiyofaga ega boʻlishi, zamonaviy va milliyligini oʻzida aks ettirgan bino va inshootlar bir birini takrorlamasligi , dizayn va qiyofasida ham qadimiy madaniyatimiz va anʼanalarimiz aks etishi kerak.

Biroq Rishton tumanidagi bu oʻzgarishlar ostonasida amalga oshirilayotgan buzish ishlariga chet el va mahalliy ommaviy axborot vositalari turli qarashlar va fikr mulohazalar, oʻz nuqtai nazarlarini bildirmoqda. Biz ham suhbatlarimiz davomida rasmiylar, tadbirkorlar, keng jamoatchilik vakillari va oddiy aholi bilan suhbatlashdik. Ularning quvonchu tashvishlarini tingladik:

Dilshodjon XOJIAHMEDOV, Rishton tumani hokimi oʻrinbosari:

Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan biz yangi hayot, yangi jamiyat quryapmiz. Namunaviy tarzda tumanimiz qaytadan chiroy ochadi. Bosqichma bosqich, boshqa resurslardan tashqari, birgina mahalliy byudjet xisobidan bunyodorlik ishlari uchun 30 mlrd.soʻm mablagʻ ajratiladi.Yaqin kelajakda 20 dona koʻpqavatli uylarga 480 dan ortiq xonadonlar koʻchib oʻtadi, 2 gipermarket, 5 supermarket, 8 hammom, 5 yirik korxonalar,bozor, kutubxona, koʻngilochar maskanlar qad rostlaydi. 14 km masofadagi yoʻllar qayta quriladi. Markazlashgan yoʻnalishga ulangan kanalizatsiya tizimi, tabiiy gaz va elektrenergiyasi, toza ichimli suvi tarmoqlari qaytadan, yangicha koʻrinishda tortiladi. Tuman markaziga quvvati 10 ming kilovatt boʻlgan T3 rusumli yangi va zamonaviy transformator oʻrnatiladi.

Tumandan oʻtuvchi“Fargʻona halqasi” avtomobil yoʻli va unga tutash boʻlgan Rishton markazidagi barcha yoʻllar yoqasidagi obyektlarni shaharsozlik talablari asosida qayta qurish boshlandi.Hozirgacha ishchi guruhi tomonidan 149 noturar joy, 178 turar joy obyektlarida birlamchi ishlar boshlab yuborildi. 10 ming hasharchi ijtimoiy soha obyektlarini qaytadan qurish ishlariga jalb etilgan. Tuman yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi hamda Arxitektura va qurilish boshqarmasi rahbarlariga buzilgan uylar oʻrniga boshqa yer maydonlari taklifini kiritish va hujjatlashtirish masʼuliyati yuklangan.

Manzura SHOKIROVA, tadbirkor:

20 yilda Markaziy dehqon bozorida 6-marta qurilish ishlari olib borildi. Bozor qirgʻogʻidagi ikkita doʻkonimni shu yillar mobaynida 3-marta buzib qayta qurdim. Qoʻshnilarimda ham xuddi shu ahvol. Bozorda qurilish boʻlarkan, deguncha yurak hovuchlab turamiz. Ortiqcha hujjatbozlik, vaqt uvoli, xarajatlar,moddiy yetishmovchiliklar... tasavvur qilyapsizmi. Alam qiladigan jihati shuki, doʻkondan tushgan mablagʻlarimizning hammasi deyarli mana shu qurilishlarga sarflandi. Orttirib biror yirikroq ishlab chiqarishni ham yoʻlga qoʻya olmadik. Tuman markazidagi qurilishlar va buz-buzlarning adogʻi bormi oʻzi?

Islomjon ORIFJONOV, Rishton tumani dehqon bozori MCHJ rahbari:

Rishton tumanidagi hozirgi dehqon bozori va uning atrofidagi doʻkonlar yongʻin xavfsizligi talablari, meʼyorlari va qoidalariga umuman toʻgʻri kelmaydi. Bozorlarning bunyod etilishi talablaridan kelib chiqadigan boʻlsak, toʻrt tarafi ochiq boʻlishi shart. Markaziy bozorimizning toʻrttala tomoni ham qurilgan doʻkonlar bilan yopiq holatda. Xudo koʻrsatmasin, agar hozir shu holatda tungi vaqtdami ichkari doʻkonlarning biridan yongʻin chiqsa nafaqat barcha tutash doʻkonlar balki, butun bozor bir zumda kulga aylanadi. Oʻt oʻchiruvchi mashinalar ichkari tomon umuman kira olmaydi.Chunki markazdan Telmon, Kulalon mahallalariga olib kiruvchi koʻchalar doimo tirband, bozor ichkarisiga yoʻl yoʻq. Avtomashinalar turargohi yetishmaydi, xullas, hammasi aralashib ketgan.Yangi loyihalarda esa, shu jihatlar toʻliq koʻzda tutilgan.

Odiljon SOLIJONOV, Rishton tumani Oqer qishlogʻi, oʻqituvchi:

Tuman markazidan ikki kilometr uzoqlikda, yoʻl yoqasida yashaymiz. 5 metr uzunlikdagi 3 ta uy, yarim hovlim tortilgan “qizil chiziq” ichkarisida ekan. Buzasiz, deyishdi. Rozi boʻldim. Tovon pullarini toʻlab berishadigan boʻldi. Boshqa qurib olaveramizda. Menimcha har bir inson oz boʻlsada vatanparvar, elparvar boʻlishi lozim.

Yoʻldoshali DADABOYEV,

Rishton tumani Navoiy mahalla fuqarolari yigʻini faoli:Nabiralarim bilan tuman markaziga chiqishni xush koʻraman, biroq har safar chogʻlanganimda yurak dov bermaydi. Rishton markazida, xoh u bozor yoki koʻngilochar maskan boʻlsin yil - oʻn ikki oy avtomobillar tirbandligi, chang, tutun,tartibsiz harakatlarni kuzatasiz. Prezidentimizning Rishton tumanini namunaviy tumanlardan biriga aylantirish taklifini eshitib xursand boʻldim. Toʻgʻri, biroz muddat qurilish ishlariga vaqt talab etiladi. Lekin bir narsaga erishish uchun boshqasidan kechish kerak, axir. Agar rishtonliklar bir yoqadan bosh chiqarib, harakat qilishmasa,bu boshlangan xayrli ishlar paysallanib turaveradi. Rishton tumani qadimdan choyxona palovlari,betakror kulolchilik sanʼati bilan mashhur. Yaqin kelajakda tumanimiz chiroyi ham elga doston boʻlishiga ishonaman. Bu esa biz va sizning qoʻlingizda.

ElyorjonEHSONOV, “Xalq soʻzi”muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?