Dillarni dillarga, ellarni ellarga payvand etayotgan sanʼat

12:42 15 Iyul 2020 Madaniyat
255 0

Bu yil Shahrisabz shahrida ikkinchi bor Xalqaro maqom sanʼati anjumani oʻtkaziladi.
 

Sanʼatim anda soz chalmoq ishi,

Bilmayin men kabi ishini kishi,

Ilmi advoru fanni musiqiy,

Mendin ul ilm ahli tahqiqiy.

Buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiyning “Sabʼai sayyor” dostonidan keltirilgan ushbu bandda musiqaning ilohiy sado, insoniyat ruhiyatining ozigʻi, xush kayfiyat ulashuvchi ulugʻ neʼmat ekanligiga ishora bor.

Darhaqiqat, musiqa — moʻjizakor olam. Ayniqsa, xalqimizning noyob madaniy merosi — maqomlarning tinglaguvchiga cheksiz maʼnaviy qudrat baxsh etuvchi sehrli kuchi, yuraklarni sel qiluvchi siri asrlar osha insonlarni hayratlantirib keladi.

Binobarin, maqom — chuqur mazmunga ega boʻlgan va murakkab qonun-qoidalar negizida yuzaga kelgan sinkretik mukammal musiqiy janr. U ohang, soʻz va harakatning goʻzal uygʻunligini ifoda etadi. Ushbu milliy sanʼatimiz negizida falsafa, ilm, obraz mujassamdir. Shu bois, maqom tinglovchini dunyoni teran idrok etishga, obrazlar, taassurotlar vositasida mukammallikka intilishga undaydi.

Mashoyiqlar maqom sanʼatini ulkan ummon deb taʼriflaydilar. Qaʼriga shoʻngʻiyversangiz, duru gavharlar chiqib kelaveradi. Qanchalik undan bahramand boʻlsangiz, shunchalik sir-sinoatlari oʻzini namoyon etaveradi.

Xalqimizga bebaho boyligini qaytargan muhim hujjat

Ushbu noyob sanʼatga munosabat turli davrlarda turlicha kechdi. Xalqimiz maqomlar bilan uxlab-uygʻonib, eʼzoz-ehtirom etgan zamonlar ham, afsuski, “eskilik sarqiti” sifatida qaralib, uni avaylab-asrash, oʻrganish va rivojlantirishga eʼtiborsizlik koʻrsatilgan yillar ham boʻldi.

Shukrki, istiqlol quyoshi milliy sanʼatimiz osmonini ham yoritdi. Maqomlarga munosabat oʻzgardi. Turli festivallar, anjumanlar tashkil etilib, ajodlarimizning ushbu noyob merosini oʻrganishga, targʻib etishga qulay sharoit yaratildi. Oʻzbek maqomlarining yangi toʻldirilgan koʻrinishda zamonaviy talqinlarini yaratish, cholgʻu va ashula yoʻllarini audio va videolarga yozib olish hamda “Shashmaqom” nota matnlarining zamonaviy namunasini shakllantirish borasida olib borilayotgan saʼy-harakatlar ilmiy-madaniy ahamiyatga egaligini eʼtirof etish lozim.

Yurtimizda maqom ansambllari, maqom jamoalari tashkil etildi, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida shu yoʻnalishda maxsus kafedra faoliyat koʻrsata boshladi.

Shunga qaramay, milliy oʻzligimizni anglash, madaniyatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz, avvalo, yosh avlodimizni yuksak insoniy tuygʻular ruhida tarbiyalash, ularning estetik didi va tafakkurini shakllantirishda maqom sanʼatining keng imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmay kelayotgandi.

Sohadagi mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish, oʻzbek maqom sanʼatini chuqur oʻrganib, oʻziga xos ijro maktablari va anʼanalarni yangi bosqichda ravnaq toptirish, uning “oltin fondi”ni yaratish va boyitish, xalqaro nufuzini oshirish va keng targʻib qilish maqsadida 2017-yil 17-noyabrda Prezidentimizning “Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjat ushbu sanʼatga doir chuqur ilmiy-nazariy tadqiqotlar, oʻquv-uslubiy adabiyotlar yaratish, maqom ustozlari, soha olimlari va mutaxassislari, iqtidorli va istiqbolli yosh ijrochilar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash ishlarini yana-da kuchaytirishga turtki boʻldi.

Ushbu qaror nafaqat tarixga, balki xalqimiz qalbiga muhrlandi. Keyingi uch yilda maqomlarga eʼtibor yuksak bosqichga koʻtarildi, deb bemalol ayta olamiz.

Ustozlarning intiqlik bilan kutgan orzusi amalga oshdi. Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi tuzildi. Markaz zimmasiga maqomlarning azaliy anʼanalarini tiklash yuzasidan bir qator vazifalar belgilandi.

Prezidentimiz qarori negizida, avvalo, xalqimizning maʼnaviy boyligi boʻlgan maqomning qadrini yana-da oshirish, maqom bilimdonlari boʻlgan ustozlarni izlab topish, ushbu sanʼat namunalaridan xalqimizni bahramand qilish, uning tarbiyaviy tomonlaridan foydalanib, sogʻlom avlodni shakllantirish, kelajakda ulugʻ mutafakkir, allomalarning yangi avlodini tarbiyalash gʻoyasi oʻz aksini topgan.

Ana shunday ezgu maqsad yoʻlida markaz tomonidan ajdodlarimizning madaniy boyligini ilmiy tadqiq etish, ularning asl holda oʻzlashtirilib, mukammal ustozona talqinlarda toʻldirilgan yangi zamonaviy namunalarini yaratish, maqomlarning nota namunasi, audio hamda video yozuvlarining yangi avlodini xalqimizga, ilm, ijod ahliga taqdim etish kabi dolzarb ishlar amalga oshirilmoqda.

Maʼlumki, maqom ijodiyoti va amaliyoti azaldan ogʻzaki anʼanaga asoslangan hamda ustoz-shogird qabilida oʻzlashtirib kelingan. Bu sanʼat namunalari yillar davomida musiqa bilimdonlari, xalq bastakorlari tomonidan yaratilgan. Demak, zamonaviy jarayonda taʼlim sohasida maqomlarga eʼtiborni mustahkamlash, oʻquv jarayonida ushbu sanʼat turiga doir fanlarni joriy qilish orqali nafaqat sohada “Ustoz-shogird” anʼanalarini rivojlantirish, balki oʻsib kelayotgan yosh avlodni maqom ohanglari asosida tarbiyalash, milliy qadriyatlarni mustahkamlash mumkin. Ushbu gʻoyani amalga oshirish boʻyicha markaz xodimlari “Ustoz-shogird” maktabi ustozlari, barcha hududdagi maqomdon-ustozlar, musiqashunos olimlar bilan birga keng koʻlamli saʼy-harakatlar olib bormoqda.

Aytish joizki, maqom sanʼati — bu, avvalo, ilm. U bir necha asrlik tarixga, nazariy va amaliy asoslarga, shaklu shamoili, ijodiyoti va amaliyotiga, eng muhimi, buyuk xalqning milliy ruhiyatini anglatuvchi ohangiga egadir. Bu borada maqomlar xalqimiz oʻtmish hayotining ulkan musiqiy qomusi, desak adashmagan boʻlamiz. Maqomlarni oʻrganish maxsus tayyorgarlikni talab etadi.

Toʻgʻri, maqomning ilm sifatida muayyan tartibga asoslangan nazariy va amaliy qoidalari shakllangan. Masalan, faqatgina “Shashmaqom”ning tarkibidan 300 ga yaqin tizimlashgan kuy va ashulalar oʻrin olgan. Ular xalqimizning hayoti, maʼnaviyati va ruhiyatini ifodalovchi sanʼat namunalaridir. Ushbu bebaho merosni hayotimizga toʻla tatbiq etish esa muayyan vaqt, sharoit, mutaxassis talab qilishi muqarrar. Buning uchun yurtimizning har bir hududida mavjud maqomot namunalari haqidagi barcha maʼlumotni toʻplash va shunga asoslanib, ularning taʼlimini, amaliyotini va ilmiy oʻzlashtirish mezonlarini ishlab chiqish lozim. Shu nuqtayi nazardan respublikamizning har bir viloyatida Namunaviy maqom ansambllari tuzildi. Avvalo, maqomlarga mehr qoʻyib, ularni oʻrganish va oʻzlashtirishga bel bogʻlandi. Yangi ansambllar oldiga boy musiqa merosimizni ustozlarga xos, oʻtmish anʼanalari negizida oʻzlashtirib, sofligicha ijro etish va xalqimizni maqom ohanglaridan bahramand qilish kabi masʼuliyatli vazifalar yuklandi.

Maqomni tinglash orqali yoshlar qalbiga singdirish bogʻcha yoshidagi oʻgʻil-qizlardan boshlandi. Shuningdek, bolalar musiqa va sanʼat maktablarida “Maqom alifbosi” fani joriy etildi.

Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining “Musiqiy sharqshunoslik” kafedrasi negizida “Oʻzbek maqomi tarixi va nazariyasi” kafedrasi va fakultet ochildi. Viloyatlardagi pedagogik oliy taʼlim muassasalarining musiqiy taʼlim yoʻnalishlarida maqom sanʼati maxsus fan sifatida oʻqitila boshlandi.

Mumtoz musiqa merosimiz namunalarini notaga olish, mavjud yozuvlarni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish, maqom sanʼatining ijtimoiy-tarixiy ildizlari, ilmiy-nazariy negizlari, milliy va umumbashariy qadriyatlar bilan bogʻliq jihatlari yurtimiz olimlari va chet ellik mutaxassislar ishtirokida chuqur oʻrganilmoqda.

Ommaviy axborot vositalari orqali maqom haqidagi maʼlumotlarning rang-barang shakl va koʻrinishda muntazam targʻib etilishi natijasida yosh avlod oʻrtasida maqom ijrochiligiga qiziqish kuchaydi. Eng muhimi, xalqimizda maqom sanʼatiga boʻlgan munosabat oʻzgardi, ushbu moʻtabar musiqiy meros namunalariga eʼtibor oshdi.

Maqom insonga nima beradi?

Maqomlar yuksak badiiy va estetik imkoniyatlarga ega boʻlgan xalq musiqa ijodiyoti mevasi hisoblanadi. Asrlar davomida ilmli va bilimli xonanda, sozanda va bastakorlar tomonidan yaratilib kelingan ushbu mumtoz sanʼat namunalari oʻzining mukammalligi, badiiy estetik imkoniyatlar yuqoriligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Sharq mamlakatlarining 12 tasida maqomot tizimiga kiruvchi xuddi shunday musiqiy asarlar mavjud. Oʻzbekistonning oʻzida maqomlarning 5 turi shakllangan: Buxoro “Shashmaqom”i, Xorazm olti yarim maqomlari va dutor maqomlari, Fargʻona-Toshkent maqomlari, Surnay maqom yoʻllari va cholgʻu maqom turkumlari. “Shashqamom”ning har bir maqomi (“Buzruk”, “Rost”, “Navo”, “Dugoh”, “Segoh”, “Iroq”) tarkibidan 40 dan 65 tagacha kuy va ashulalar oʻrin olgan. Ular shaklan mutanosib turkumli, oʻzbek mumtoz adabiyoti namoyandalarining gʻazal va muhammaslariga, muayyan lad va usullarga asoslangan. Maqom “Ustoz-shogird” anʼanasida saboq olgan, mohir, bilimli, tarbiyali ovoz sohiblari tomonidan ijro etib kelingan.

Xoʻsh, maqom insonga nima beradi?

Musiqa insoniyat uchun berilgan ilohiy neʼmat. Inson ushbu noyob sanʼat orqali oʻzini koʻrishi, olamni tasavvur etishi, tarbiya olishi, oʻz fikr-tuygʻularini aks ettirishi, saboq berishi, boshqarishi, davolanishi mumkin. Shu maʼnoda, maqom shunchaki hordiq chiqarish uchun tinglanadigan ohang emas. Teran anglansa, u — tarix, u — anʼana, u — qadriyat, u — maʼnaviyat, u — maʼrifat, u — tarbiya, u — orzu, u — muhabbat, u — doʻst. Kim nimani xohlasa, istaganini topadigan sirli moʻjizalar dunyosidir. Faqat unga shaydo boʻlish kerak, u bilan yashash kerak, hayotiga uni oshno qilib, faoliyatini u bilan muntazam sugʻorib turishi lozim. Shundagina uning sirli dunyosini anglaymiz, sehrli va moʻjizaviy taʼsirini sezamiz va shu orqali oʻzimizni ham har doim tetik, bardam, baquvvat his etamiz. Hayotning bebaho neʼmat ekanligini, goʻzallik va ijodiyotning mislsiz qudratini anglab yashaymiz.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, agar biz asl, haqiqiy sanʼatni bilmoqchi, oʻrganmoqchi boʻlsak, avvalo, mumtoz maqom sanʼatini bilishimiz, oʻrganishimiz kerak.

Agar biz sanʼatni, madaniyatni koʻtarmoqchi boʻlsak, avvalo, mumtoz maqom sanʼatini koʻtarishimiz kerak.

Shukrki, maqomchilar elimizning nazarida, eʼzozida boʻlib, doimo ardoqlab kelingan. Ularning nomlari hamda ijodlari tarix zarvaraqlariga bitilgan. Buning zamirida esa bir umrlik mehnat, merosning ardogʻi, mashoyiqlar hikmati, ustozlar hurmati, kasbga sadoqat, shogirdlarga mehr, xalqimizga saxovat, hayot va faoliyatda esa tavozeʼ kabi bir qator sharafli, lekin mashaqqatli omillar oʻz inʼikosini topgan.

Demak, maqom insoniyatga ruhiy ozuqa, quvvat, xush kayfiyat, ijodiy ilhom, shijoat baxsh etadi. Shu bois kishi mumtoz ohanglar sadosiga maftun boʻladi. Hazrat Navoiy taʼbiri bilan aytganda: “Shodlik oshiruvchi xonanda: gʻamni tarqatuvchi sozanda... koʻngil xush ohangdan quvvat, ruh esa xush ovozdan ozuq oladi... oʻzi chalib, oʻzi kuylasa, koʻngil mulkiga qoʻzgʻolon soladi”.

Oʻzbek hofizlik sanʼati bir qator dilbar, xush ovozli, bilimli, ibratli xonandalariga egadir. Ular, avvalo, avlodlar orasida koʻprik, maʼnaviyat bobida koʻzgu, zamon uchun ibratli hofiz, yosh avlod uchun ustoz, musiqa merosimizga nisbatan saqlovchi va oʻtkazuvchilardir. Xalqimiz Hoji Abdulaziz Abdurasulov, Mulla Toʻychi Toshmuhamedov, Hamroqul qori, Mamatbuva Sattorov, Yunus Rajabiy, Domla Halim Ibodov, Hojixon Boltayev, Madrahim Sheroziy, Joʻraxon Sultonov, Maʼmurjon Uzoqov, Ochilxon Otaxonov, Orifxon Hotamov kabi zamonasining bilimdon va betakror ovoz sohiblarini doimo eʼzozlab keladilar. Sababi ular qadriyatlar koʻrinishida xalqimizning necha asrlik maʼnaviyatida muhrlangan azaliy anʼanalarini sof holatida avlodlarga yetkazib kelganlar.

Gʻururbaxsh nafosat bayrami

Odatda til har qanday millatning borligini anglatsa, uning madaniyati, maʼnaviyati jahon tamaddunidagi oʻrnini namoyon etadi. Bu borada oʻzbek xalqining ibratli maʼnaviy dunyosi hamda mumtoz musiqa merosiga dunyo ahli alohida hurmat-eʼtibor bilan qaraydi.

Shu bois yurtimizda musiqa sanʼati, xususan, maqomchilik rivojiga alohida eʼtibor berilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan oʻlmas sanʼatimizni xalqaro miqyosga olib chiqish, uning sirli dunyosidan umumbashariyat ahlini ham bahramand etish hamda jahonning eng sara ashulachilarini yurtimizga taklif etib xalqimiz eʼtiboriga havola qilish maqsadida maqom sanʼati boʻyicha xalqaro anjuman taʼsis etildi. 2018-yilning 6-10-sentyabr kunlari Shahrisabz shahrida I Xalqaro maqom sanʼati anjumani oʻtkazildi va ushbu nufuzli tadbirni har ikki yilda muntazam tashkil etish koʻzda tutildi.

Dunyodagi xalqlarning oʻzaro madaniy aloqada boʻlib kelishi — bu hayot qonuniyatidir. Ayniqsa, elu elatlar oʻrtasidagi madaniy-maʼnaviy munosabatlar, turli koʻrinishdagi aloqalar bir-biriga boʻlgan taʼsiriy omillarni yuzaga keltiradi. Bu esa oʻz-oʻzidan xalqlar madaniyatidagi umumiylik jihatlarining yuzaga kelishiga asos boʻlib, tarix davomida oʻziga xos anʼanaga aylangan. Shu bois xalqaro miqyosda maqom sanʼati bayramining oʻtkazilishi ana shu umumbashariyat miqyosida unutilib borayotgan anʼanani taklash uchun xizmat qilishi shubhasiz.

Shahrisabzda oʻtgan birinchi Xalqaro maqom sanʼati anjumanining iliq xotiralari, shukuhi hali ham ishtirokchilar qalbidan arigani yoʻq, desak, adashmagan boʻlamiz. Respublikamiz sanʼat ahli, mumtoz musiqa muxlislari, qolaversa, oʻzbek milliy maqom sanʼatiga astoyidil qiziqish bildirgan oʻzga yurtlar sanʼat ixlosmandlari, musiqashunos olimlar tomonidan ushbu keng koʻlamli tadbirning koʻtarinki ruhda tashkil etilgani milliy va jahon ommaviy axborot vositalarida eʼtirof etilmoqda.

Zotan, bunga toʻla asoslar bor. Birinchidan, ilk bor bunday nufuzli anjumanning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taʼsis etilishi va oʻtkazilishi sanʼat ahlining hayratiga sabab boʻldi. Nufuzli tadbirning ochilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq soʻzladi. Mamlakatimizda birinchi bor tashkil qilingan ushbu sanʼat bayramida dunyoning 73 davlatidan 300 ga yaqin ishtirokchilar va mehmonlar qatnashdi. Ularning orasida nafaqat oʻz yurtida, balki jahon miqyosida ham mashhur boʻlgan xonanda va sozandalar, madaniyat va sanʼat arboblari, musiqashunos olimlar bor edi.

Ikkinchidan, koʻhna va navqiron, ulugʻ allomalar, jumladan, sohibqiron tavallud topgan yurtning betakror koʻrki, tabiati, mehmondoʻst xalqimizning munosabatlari anjuman qatnashchilarida iliq taassurot qoldirdi. Masalan, Misr Arab Respublikasidan tashrif buyurgan musiqashunos olim doktor Ashraf Abdal Rahmon “Misr ehromlari bizning yurtimizning faxri, lekin Oʻzbekistonda faxrlanishga arziydigan oʻzbek xalqining madaniy merosi koʻp ekan. Bu maqom sanʼati, tarixiy obidalar va eng muhimi, oʻzbek xalqining olijanob milliy urf-odatlaridir”, deya eʼtirof etdi.

Uchinchidan, ushbu anjuman sabab ishtirokchilar nafaqat xush navolardan bahramand boʻldilar, balki ilm ahli, sanʼatshunoslar maqomning umumbashariy nazariy va amaliy muammolarini ilmiy nuqtayi nazardan tadqiq etdilar. Tadbir doirasida oʻtkazilgan “Maqom musiqa sanʼati va uning jahon sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bunga imkoniyat yaratdi.

Maqomshunos olimlar oʻz maqomot tizimlari haqida ilmiy qarashlarini oʻrtoqlashar ekanlar, oʻzbek maqomlarining jozibadorligi, sirli tarkibiy tuzilmalari, cholgʻularga boyligi va ijrochilik mahoratlari toʻgʻrisida iliq mulohazalar bildirdilar.

Ahamiyatlisi, milliy qadriyatlarimiz, xalqimiz maʼnaviyatining ohanglarda aks etgan qomusi sifatida ilk bor maqomlar butun dunyoga tarannum etildi. 30 ga yaqin mamlakatlardan tashrif buyurgan maqomot ijrochilari anjuman tanlovida ishtirok etdi. Qardosh tojikistonlik maqomchilar tanlovning Gran-Pri mukofotiga sazovor boʻldi. Ushbu nafosat bayrami xalqimizga cheksiz gʻurur baxsh etish bilan birga, Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati dovrugʻini dunyoga yoyishga keng imkoniyat yaratdi.

 

Navbatdagi anjumanga tayyorgarlik ishlari qizgʻin

Davlatimiz rahbari ushbu olamshumul anjumanning nashidasi dunyo boʻylab avj olayotgan bir paytda maqom sanʼatining ilmiy asoslarini oʻrganish, azaliy va zamonaviy namunalaridan umumjahon xalqlarini bahramand etish, Sharq xalqlari maqomotining goʻzal anʼanalari va mohir maqom sanʼati namoyandalari ijodini yana-da mukammal oʻrganib, targʻib qilish maqsadida “II Xalqaro maqom sanʼati anjumanini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishni imzoladi. Bu maqom ustozlari, ijrochilari, ushbu nodir sanʼatning rivojida faoliyat olib borayotgan har bir kishiga katta quvonch hamda yangi ilhom bagʻishladi.

Ikkinchi anjumanni avvalgisidan ham yuksak saviyada tashkil etish masʼuliyati naqadar ulkanligi farmoyishda koʻzlangan vazifalarda oʻz ifodasini topgan.

Ayni paytda mazkur hujjat asosida tadbirga tayyorgarlik ishlari qizgʻin davom etmoqda. Bunga butun Oʻzbekistondan mutaxassislar jalb etilib, har bir hudud vakillari oʻzlarining oʻziga xos lokal uslublarini sanʼatning barcha sohalarida namoyish etish uchun ilk namunalarni muhokamaga tavsiya qilyapti. Ayniqsa, ikki yil davomida maqom namunalarini muayyan darajada oʻzlashtirgan viloyatlardagi Namunaviy maqom ansambllari maqom sanʼatining sirli dunyosini oʻziga xos talqinlarda butun dunyoga tarannum etish uchun tayyorgarlik qilmoqdalar.

Nufuzli tadbirga respublika va jahon miqyosida munosib maqomshunos olimlar va maqomot ijrochilarini jalb etishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Hududlarda maqom ansambllarining konsert dasturlari, yosh ijrochilar oʻrtasida “Yosh maqom ijrochilari”, bastakorlar oʻrtasida “Maqom yoʻlida yaratilgan eng yaxshi asar” nominatsiyalari boʻyicha respublika tanlovlari tashkil etilib, taniqli maqomshunos olimlar, tajribali maqom ijrochilari ishtirokida ijodiy uchrashuvlar va mahorat darslari oʻtkazilyapti.

Shahrisabz shahri aholisi bugungi kunda Xalqaro maqom anjumani havosi bilan nafas olmoqda, desak yanglishmaymiz. Bundan tashqari, ushbu sanʼat bayramida respublikamizning har bir hududining tarixi va madaniyati ham namoyish etiladi. Shu bilan birga, hududga mos taomlar turlarini tayyorlash va bundan mehmonlarning bahramand boʻlishi taʼminlanadi.

Oqsaroy atrofidagi maydonlar, hududlar kesimida taqsimlanib, milliy anʼana va qadriyatlarimizni aks ettiruvchi ssenariy va dasturlar lavhalari ustida ish olib borilmoqda. Sahna dekoratsiyasi va maydonni obodonlashtirish ishlari avjida.

Anjuman doirasida uyushtiriladigan ilmiy konferensiyani “Maqom sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusiga bagʻishlash va unga xorijiy hamda mahalliy musiqashunos olimlarni, taniqli sanʼatkorlar, yetuk mutaxassislar, faxriy mehmonlarni jalb etish yaxshi natijalar berishiga umid bogʻlanmoqda. 

Shahrisabz shahridagi Maqom muzeyini ushbu sanʼatga oid tarixiy, ilmiy-ijodiy manbalar, qadimiy va zamonaviy cholgʻu asboblari va boshqa yangi eksponatlar bilan boyitish choralari koʻrilyapti.

Bu boradagi barcha ishlar nufuzli tadbirni yuqori saviyada tashkil etish bilan birga, jahon hamjamiyatida maqom sanʼati nufuzini yana-da oshirishga xizmat qiladi.

Yorqin ufqlarni koʻzlagan yangi tashabbuslar

Davlatimiz rahbarining maqom sanʼatining rivojlantirish borasidagi gʻoyasining navbatdagi bosqichi sifatida maqom ijrochiligi, xalq musiqasi yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi Madaniyat vazirligi tizimidagi oliy taʼlim muassasasi shaklida Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti tashkil etildi.

Mazkur oliy taʼlim dargohi yosh ijrochilarni tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega. Zero, yuksak mahorat mahsuli boʻlgan sado tinglovchi qalbida iz qoldiradi, zavq uygʻotadi, uni mana shu lazzatli holatga qaytadan intilishga chorlaydi. Agar ohangdan taʼsirlansa, tinglovchida unga nisbatan ishtiyoq kuchayadi. Shubhasiz, bu beqiyos qudratdir va tinglovchini bunga undaydigan jarayon, albatta, mahorat bilan qilingan ijrodir.

Ijrochilik — bu jonli jarayon. U doimo harakatda. Ijrochilikdagi ana shu harakat — soflik, aniqlik, badiiylik, badihaviylik, ehtiroslilik, goʻzallik, dardlilik, sayqallilik, jozibalilik ijodiy munosabatlarning goʻzal uygʻunligida aks etadi. Ijrochilikda musiqiy cholgʻular asosiy tarannum vositasidir. Bu borada dunyo miqyosida cholgʻularga eng boy xalqlardan birimiz. Odatda cholgʻular — xalq va millat maʼnaviyati hamda ruhiyatini sadolarda aks etuvchi asbobdir. Har bir cholgʻuning tarovati oʻzgacha. Oʻtmish allomalari, dard ahli, maʼnaviyat peshvolari ularning har birini alohida taʼriflagan. Shular qatorida shoir Furqat:

Gohi qonun, gohi gʻijjak, goh dutor istar koʻngul,

Doʻstlar, ayshu tarab, fasli bahor istar koʻngul,

deb musiqa asboblarining sirli qudratini goʻzal taʼriflasa,

Men dutor birlan tugʻishgan, koʻhna bir devonaman,

Ul tugʻishgonim bilan bir oʻtda doim yonaman,

deya shoir Choʻlpon sozlar oʻz darddoshiga aylanganini ifodalaydi.

Buyuk sohibqiron Amir Temur davrida musiqiy cholgʻular nafaqat maʼnaviyatimizni ohanglar orqali tarannum etuvchi vosita, balki harbiy matonat, shijoat nishoni, jangchilarning tabaqa va martabalarini koʻrsatuvchi harbiy daraja belgisi sifatida ham qadrlanib kelingan. Bu borada “Temur tuzuklari”da quyidagicha bayon etilgan:

“Amr qildimki, oʻn ikki katta amirlarning har biriga bitta bayroq va bir nagʻora berilsin. Amir ul umaroga bayroq va nagʻora, tuman tugʻi va chortugʻ taqdim etsinlar. Mingboshiga esa bir tugʻ va karnay bersinlar. Yuzboshi va oʻnboshiga bittadan katta nagʻora bersinlar. Aymoqlarning amirlariga boʻlsa bittadan burgʻu taqdim etsinlar. Toʻrt beglarbegining har biriga bittadan bayroq, nagʻora, chortugʻ va burgʻu bersinlar”.

Ushbu tarixiy faktlar xalqimiz qadimdan musiqiy bilimi bor, biror sozni chala oladigan insonlarga alohida hurmat bilan qaraganini isbotlaydi.

Shu bois Prezidentimizning yaqinda Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida kelajak egalari boʻlmish yoshlarning aynan musiqiy cholgʻu ijrochiligiga doir bilim va salohiyatini yana-da yuksaltirishga qaratilgan takliflari yurtdoshlarimiz tomonidan koʻtarinki ruhda kutib olindi. Ushbu tashabbus zamirida har bir inson oʻz hayotida ohang sehrini tuysin, sozlarni sadolantirib, uning betakror unlarini faxr bilan taratsin degan oliy maqsad mujassamdir. Zero, har qanday ijodning oʻz shakli, husnu tarovati va, albatta, zavqi boʻlishi muqarrar. Musiqa sadolarida insonga eng goʻzal onlarni hadya etish imkoniyati koʻproq. Sanʼatga oshufta inson qalbida esa ezgulikka xizmat qilish tuygʻusi doimo ustundir.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bugungi zamonda barcha ezgu niyatli insonlarni birlashtirish, yoshlarni yuksak gumanistik ideallar ruhida tarbiyalashda musiqa sanʼatining oʻrni va ahamiyatini hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydi.

Yurtboshimizning yosh avlodni sanʼatga oshno etishga qaratilgan navbatdagi tashabbusi mamlakatimizda maqom sanʼatini yana-da rivojlantirish borasida ham yangi ufqlarni ochadi. Zotan, bugun musiqa sirlarini qunt bilan oʻrganayotgan yosh iqtidor sohiblaridan kelgusida xalqimizning noyob madaniy xazinasini yana-da boyitadigan, uning obroʻ-eʼtiborini bundanda oshiradigan isteʼdodli maqom ustalari, sanʼatshunoslar yetishib chiqishiga ishonchimiz komil.

Maqomlarni mukammal va goʻzal ijrolarda tinglovchisiga yetkazish koʻngillarni sururga toʻldiradi. Insonlarga quvonch, ezgulik ulashish esa katta savob. Bu yil Vatanimizning goʻzal oshiyonlaridan biri — Shahrisabzda ikkinchi Xalqaro maqom sanʼati anjumani ishtirokchilarida ana shunday xayrli ishni amalga oshirish imkoniyati bor. Umid qilamizki, mamlakatimizda yangragan xush navolar dunyo boʻylab taralib, millionlab qalblarda ezgulik urugʻlarini koʻkartiradi.

Ezgu niyatlar bilan boshlangan kori amallarimizga Yaratganning oʻzi madad bersin!

Soibjon BEGMATOV,
Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi bosh direktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?