“Digital Generation Uzbekistan” qanday loyiha?

13:41 15 Iyul 2019 Jamiyat
2309 0

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda Toshkentdagi Inha universiteti bilan hamkorlikda 18-22-iyun kunlari tashkil etilgan“Digital Generation Uzbekistan” loyihasiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. “Yoshlar press-klubi”da boʻlib oʻtgan ushbu tadbirda Inha universiteti vakillari, Yoshlar ittifoqi rahbariyati, loyiha ishtirokchilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda loyiha doirasida intensiv kuchaytirilgan “Digital Camp” besh kunlik yozgi oromgohning tashkil qilingani alohida eʼtirof etildi. Ushbu lagerga Yoshlar ittifoqi tomonidan onlayn eʼlon berilib, ijodiy insho va suhbat asosida 900 dan ortiq arizachi ichidan 90 nafar yoshlar saralab olindi. Oromgohda besh yoʻnalish: dasturlash, dizayn, robototexnika, raqamli iqtisodiyot va raqamli media texnologiyalari boʻyicha treninglar oʻtkazildi.

— Ushbu loyihani amalga oshirishimizdan asosiy maqsad yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish va shu orqali yaxshi daromad topishga oʻrgatish, yangi loyihalar ixtiro qilishga unda kabi vazifalardan iborat. — deydi “Digital Generation Uzbekistan” loyihasi asoschilaridan biri Alisher TOJIYEV. — Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan yoʻlga qoʻyilgan beshta muhim tashabbusning uchinchi bandi aynan axborot texnologiyalariga bagʻishlangan va bu borada barcha tashkilotlarda ish boshlangan. Ammo tan olish kerakki, buni amaliy koʻrsatish juda ham kam. Shu maʼnoda, biz mana shu tashabbusning natijasini amaliy koʻrsatishni koʻzlaganmiz. Loyihamiz shiori “Oʻrgan, ulash, ruhlantir” (“Learn, share, inspire”) deb nomlanadi. Bundan koʻzlangan maqsad, texnologik trendlarga qiziquvchi yoshlarni jamoaviy boʻlib ishlashlarini taʼminlash, hamkorlik hamda rejalashtirish qobiliyatlarini kuchaytirish va IT sohasiga qiziquvchi iqtidorli yoshlar hamkorligini yoʻlga qoʻyishdan iborat.

Yoshlar ittifoqi bergan maʼlumotlarga koʻra, “Raqamli avlodlageri”da dasturlash shoʻbasida ishtirokchilarga veb texnologiyalar, mobil texnologiyalar hamda mantiqni kuchaytirishga qaratilgan skretch dasturlari haqida maʼlumotlar berilgan. Dizayn yoʻnalishidagi qatnashuvchilarga esa 2D va 3D boʻyicha, robototexnikada sunʼiy intellekt va boshqa texnologiyalardan foydalangan holda gaz hidini sensor orqali biladigan robotlar, yoʻllarda avtomatik harakatlanadigan mashinalar kabilarni yaratish oʻrgatilgan. Τrading, yaʼni raqamli iqtisodiyot yoʻnalishida esa onlayn marketing va undagi xavfsizlik unsurlari xususida, raqamli media shoʻbasida suratga olishdan tortib videoga olishgacha, montaj jarayoni, tayyor media mahsulotini turli ijtimoiy tarmoqlarga toʻgʻridan toʻgʻri joylash, qolaversa, ularni reklama qilish, matn va heshteg qoidasi kabilar haqida umumiy tushunchalar berilgan. Taʼkidlash joizki, yoshlarga raqamli media shoʻbasi doirasida drondan foydalanish qonun-qoidalari ham tanishtirib oʻtilgan. Har bir darslar nazariya bilan birgalikda amaliyot bilan uygʻunlikda oʻtkazilgani alohida eʼtiborlidir.

— Men ushbu loyihada dizayn yoʻnalishida ishtirok etdim va oʻzim hozirda tahsil olayotgan litseyimda shu yoʻnalish boʻyicha toʻgarak tashkil etishni maqsad qildim. — deydi Xalqaro Vestminister universiteti qoshidagi akademik litsey oʻquvchisi Axror SAIDOV. — Men “Raqamli avlod lageri”da turli hududlardan kelgan yosh dasturchilar bilan yaqindan tanishdim, fikrlar almashdim. Bu esa kelgusida yangi gʻoyalar yaratishga hammamizni ruhlantirdi.

Yulduz OʻRMONOVA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?