Diyetologlar Putin, Tramp va Merkelning ovqatlanish ratsionini taqqosladi

15:57 09 Mart 2020 Lifestyle
298 0

Illyustrativ surat

Semirish boʻyicha Yevropa tibbiyot instituti mutaxassislari Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, AQSH rahbari Donald Tramp, Germaniya kansleri Angela Merkel va Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanchesning ovqatlanish ratsionini taqqosladilar, deb yozmoqda El Confidencial.

JSST maʼlumotlariga koʻra, semizlik darajasi 25,7 foizni tashkil etadigan Rossiyada, prezident Vladimir Putin 67 yoshida ham havas qilsa boʻladigan darajada.

Vladimir Putinning odatiy ratsioniga yogʻsiz goʻsht, yogʻli va yogʻli boʻlmagan baliq, meva, sabzavotlar, donli mahsulotlar hamda tuxum kiradi. Prezident qayta ishlangan mahsulotlar va alkogol mahsulotlarni isteʼmol qilmaslikka harakat qiladi. Ammo bayram tadbirlarida zarurat boʻlib qolsa vino yoki pivoni tanlaydi.

Uning nonushtasida omlet yoki tuxum, mevalar va quruq mevalar yoki Oltoy asali qoʻshilgan grechka kashasi joy oladi. Kechki ovqatda esa sut yoki sut mahsulotlari isteʼmol qiladi. Vladimir Putin muntazam ravishda suzish, jang sanʼatlari, changʻi va xokkey bilan shugʻullanadi.

Semizlik darajasi 37,3 foizni tashkil etadigan Amerika Qoʻshma Shtatlarida Prezidenti Donald Trampning tana massasi indeksi (30,4) semirishning yengil shakliga toʻgʻri keladi.

Donald Tramp 73 yoshda. U fast-fudlar koʻp isteʼmol qiladi. Xususan, uning ratsionidan gamburger va sendvichlar, qovurilgan qanotlar, pissa kabilar joy olgan. Donald Tramp spirtli ichimliklar ichmaydi. Lekin shokoladli kokteyl va Coca-Cola layt ichimligini yaxshi koʻradi. Donald Tramp yoshligida beysbol va futbol bilan shugʻullangan. Ammo hozir sport bilan shugʻullanmaydi.

Mamlakatda semirish darajasi 25,7 foizni tashkil etadigan Germaniyada kansler Angela Merkel 65 yoshda changʻi sporti va yurishni yaxshi koʻradi. Lekin u har doim ham sport bilan shugʻullanmaydi. Merkel nemis oshxonasiga sodiq — uning ratsionida sosiska va kartoshka pyuresi, pishloq va pivo joy olgan. Lekin kechki ovqat uchun sabzavotlarni afzal koʻradi.

Aholi orasida semizlik darajasi 27,1 foizni tashkil etadigan Ispaniyada, mamlakat Bosh vaziri 48 yoshida juda yaxshi koʻrinishda. Pedro Sanches dengiz mahsulotlari parheziga qatʼiy amal qiladi. U koʻkatlar, salatlar, grillda pishirilgan goʻsht va baliqni koʻp isteʼmol qiladi. U yaxshi nonushta qiladi. Koʻp suv ichadi va spirtli ichimliklardan qizil sharobni afzal koʻradi. Shuningdek, Sanches haftada uch marotaba sport bilan shugʻullanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?