Diana Yenikeyevaning o‘limi yuzasidan rasmiy sud qarori e’lon qilindi, mansabdorlar jazolandi

11:00 25 May 2018 Jamiyat
423 0
Foto: xabar.uz

Bosh prokuratura tomonidan Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tuman hokimiyati, tuman xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari tamomlandi. Bu haqda Bosh prokuratura rasmiy sayti xabar tarqatdi.

Aniqlanishicha, M.Muzaffarov Kattaqo‘rg‘on tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari hamda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri A.Jumanazarovlar, 2018 yil 13 va 14 mart kunlari Kattaqo‘rg‘on tumanida faoliyat olib boruvchi 98 ta maktablar va 12 ta kasb-hunar kolleji direktorlariga ular rahbarlik qiluvchi o‘quv muassasalarining o‘qituvchi va texnik xodimlarini Kattaqo‘rg‘on tumanining Alijon, Olmazor, Navbahor, Zarqo‘rg‘on, Zarafshon, Qoradaryo, Yakkabog‘ mahallalari hududidan o‘tuvchi, jami uzunligi 14 km. bo‘lgan M-37 “Samarqand-Buxoro” avtomobil yo‘lining qatnov qismi va atroflarida obodonlashtirish ishlarini bajarishga noqonuniy ravishda jalb qilishgan.

2018 yil 14 mart kuni soat 11:30 da tumandagi M-37 “Samarqand-Buxoro” avtomobil yo‘lining “Alijon” mahallasi hududidan o‘tuvchi 66 kilometrida “Buxoro-Samarqand” yunalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan A.Elmurodov boshqaruvidagi “Kamaz” rusumli yuk avtomashina old chap qismi bilan yo‘lning qatnov qismini ikkiga bo‘luvchi beton to‘siqlari atrofini tozalayotgan 42-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Yenikeyeva Diana Aleksandrovnani urib yuborgan va D.Yenikeyeva olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.

Dastlabki tergov natijasiga ko‘ra, 02.05.2018 yilda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari M.Muzaffarov va tuman XTB mudiri A.Jumanazarovlarga nisbatan JKning 206-moddasi 1-qismi bilan ayb e’lon qilinib, 04.05.2018 yilda jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining 10.05.2018 yildagi hukmi bilan M.Muzaffarov va A.Jumanazarovlar JKning 206-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, ularning har biriga JKning 45-moddasiga asosan 1 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 2 yil muddatga ahloq tuzatish ishlari, ish haqidan 20% davlat foydasiga undirish tarzidagi jazo tayinlangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?