Dezinfeksiya ishlari koʻlami kengaymoqda

12:20 20 Aprel 2020 Jamiyat
586 0

Koronavirus pandemiyasi kirib borgan dunyoning 200 ga yaqin davlati bugun mazkur koʻrinmas dushmanga qarshi urush ochgan. Afsuski hozircha tojli virusning qoʻli baland kelmoqda. Dunyo mamlakatlarining koʻp sonli aholisi ushbu kasallik sabab aziyat chekayotir, qurbonlar soni aks etgan raqamlar ham kishi koʻngliga xavotir soladi. Lekin psixologlarning taʼkidlashicha, pandemiyaga qarshi kurashishning eng samarali usullaridan biri vahimaga berilmaslikdir. Ana shunda kasallik sizga yaqin yoʻlay olmaydi. Bundan tashqari barchamizdan, butun xalqimizdan hushyorlik va ogohlikni yana-da kuchaytirish, yurtimizda karantin bilan bogʻliq joriy etilgan barcha tartib-qoidalarga soʻzsiz va qatʼiy amal qilish boʻyicha masʼuliyatni teran his etish talab etiladi.

Kuzatib guvohi boʻlayotganingizdek, butun dunyoda, jumladan, respublikamizda ham koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha muntazam ravishda muhim chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Ushbu global masalada barcha tegishli idora va tashkilotlar xalqimiz sogʻligʻini himoya qilish uchun oʻzining munosib hissasini qoʻshayotir. Keng miqyosda tashkil etilayotgan mazkur tadbirlarda harbiy xizmatchilar ham faol ishtirok etmoqda.

Mamlakatimiz Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondonining maxsus topshirigʻiga binoan joriy yilning 20-aprelidan 20-may kuniga qadar yurtimiz boʻylab Mudofaa vaziri rahbarligida Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya hamkorligida hokimliklarning obodonlashtirish boshqarmalari xodimlarini jalb etgan holda maxsus taktik oʻquv mashgʻulotlari boshlandi.
 

Hamkorlikdagi mazkur maxsus taktik oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad aholi koʻp toʻplanadigan jamoat joylari, savdo markazlari va bozorlarda, shahar koʻchalarida, koʻp qavatli uylarda, mahallalarda, magistral, asosiy yoʻllar va koʻchalarda keng masshtabda dezinfeksiya ishlarini olib borish, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, fuqarolarimiz xavfsizligi, salomatligini taʼminlashdan iboratdir.

Poytaxtimizning barcha hududini qamrab olgan mazkur keng qamrovli hamkorlikdagi koʻrgazmali taktik oʻquv mashgʻulotiga zamonaviy maxsus texnikalar, 50 ga yaqin avtoquyuvchi stansiyalar, 300 dan ortiq dezinfeksiya apparatlari ajratildi. Maxsus taktik oʻquvlarini uyushqoqlik bilan oʻtkazish uchun Mudofaa vazirligi Radiatsion kimyoviy biologik muhofaza qoʻshinlari va Sanitariya epidemiologiya nazorat markazi, shuningdek, boshqa hamkor tashkilotlarning yetakchi mutaxassislaridan iborat yigʻma batalyon tuzildi. Asosiy mashgʻulotlarga kirishishdan avval sektorlarga ajratilgan mazkur yigʻma batalyon shaxsiy tarkibi tomonidan hududlarda dezinfeksiya ishlarini sifatli olib borish boʻyicha zarur koʻrsatma va yoʻl-yoʻriqlar amalda namoyish etildi.
 

Mashgʻulotlar davomida butun dunyo tajribasidan kelib chiqib, gipoxlorit natriy, bioaktiv xlor, super xlor, Javil-D kabi dori vositalari aralashmasidan kimyoviy suyuqlikni tayyorlashda eʼtibor qaratish lozim boʻladigan muhim jihatlar ham inobatga olinmoqda. Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, mazkur kimyoviy aralashma oʻz tarkibida 50 foiz aktiv xlorni saqlaydi. Bu esa, hech shubhasiz, barcha turdagi zararli viruslarni yoʻq qilish imkonini beradi.

Taʼkidlash joizki, amalga oshirilayotgan bu kabi saʼy-harakatlarimiz yagona maqsadga qaratilgan. Bu ham boʻlsa, xalqimiz salomatligini asrash. Hamkorlikda olib borilayotgan tadbirlarda Qurolli Kuchlar tuzilmalarining harbiy xizmatchilari ham tojli virusning ommaviy tarqalib ketish xavfining oldini olishda shifokorlar, sanitariya-epidemiologik nazorati mutaxassislari bilan yelkama-yelka turib, xalqimiz, yurtdoshlarimiz sogʻligi yoʻlida oʻzining matonati, jasoratini amalda namoyon etmoqda. Albatta, hamjihatlikda olib borilayotgan bunday saʼy-harakatlar mamlakatimizda COVID-19 epidemiyasi ustidan tezroq gʻalaba qozonishga, koronavirus infeksiyasini toʻliq yakson qilishga xizmat qiladi.
 

Eslatib oʻtamiz, ushbu maxsus taktik oʻquvi respublikamizning barcha hududlarida harbiy okruglar qoʻmondonlari boshchiligida oʻtkaziladi.

Islomjon QOʻCHQOROV

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?