Derazani oching endi...

00:14 21 Mart 2020 Madaniyat
240 0

Derazani oching endi,

Oching koʻngil qulfini ham.

Koʻcha eshik ochilsin lang,

Kelib qoldi, yashil koʻklam!

Ana qarang, qirda maysa,

Olcha guli, sumalak u.

Nilufarjon, Muxlisaxon,

Tolpopukli — jamalak u.

Baland-baland uchar varrak,

Qaldirgʻochdan oʻzarman der.

Bahor — rassom. Tomlarnida,

Qizgʻaldoqla bezarman der.

Sakson yoshli onaxonga,

“Yuring ketdik, — deydi yellar.

Anov yoqda sayli Navroʻz!

Dupur-dupur otlar yelar”.

Oʻn sakkiz yosh Bahoroyni,

Suyib momo pichirlaydi:

“Senikidek yuzim shirmoy ,

Ham sochlarim tolim edi”.

Yetaklashib chopar qirda,

Bahor — bola. Bola — bahor.

Egizakdek ikkisida

Birga oʻtar — umri nahor.

Shoshqaloqdir endi tonglar,

Zuhro goʻyo Quyosh boʻlar.

Osmon yetmay Yer vasliga.

Hijronlari koʻz yosh boʻlar.

Derazani oching endi,

Oching koʻngil qulfini ham.

Koʻcha eshik ochilsin lang,

Kelib qoldi, mehmon koʻklam!

Ahmadali ShERNAZAROV.

Sirdaryo viloyati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?