Deputatning hukumatga yoʻllagan murojaati ijobiy hal etiladigan boʻldi

16:05 07 Yanvar 2019 Jamiyat
593 0

Foto: parliament.gov.uz

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi “Kallamozor” qishlogʻi hududidan oqib oʻtadigan Sherobod daryosi oʻzani sellar oqibatida kengayib, 100 metrdan oshib ketgani, daryoda yil davomida suvning koʻp miqdorda oqishi 2500 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladigan qishloq aholisiga qiyinchiliklar tugʻdirayotgani maʼlum boʻlgandi.

Parlament quyi palatasi deputatlari tomonidan aholi va homiylar bilan hamkorlikda tumandagi “Yangi turmush” mahalla fuqarolar yigʻinidagi “Kallamozor” qishlogʻida yillar davomida aholini qiynab kelgan muammo — qishloq bilan M-39 xalqaro avtomobil trassasini bogʻlovchi aholi va avtomashina oʻtadigan, barcha talablarga javob beradigan, xavfsiz, zamonaviy koʻprik qurilishi boshlab yuborildi. Bugungi kunga kelib, koʻprikning qariyb 80 foiz qismi qurib bitkazildi. Ammo mablagʻ yetishmasligi sababli qolgan qurilish ishlari toʻxtab qoldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Murodulla Tursunov 2018 yilning 25 dekabr kuni koʻprik qurilishida koʻp sonli fuqarolarning vakili sifatida ushbu koʻprikning bitmasdan turgan qismini qurilish meʼyorlari asosida oxirigacha bunyod etilishida amaliy yordam berishni soʻrab Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosariga murojaat yoʻlladi.

2018 yilning 29 dekabr kuni deputatning ushbu murojaatida koʻrsatib oʻtilgan masala yechimi yuzasidan amaliy yordam koʻrsatish maqsadida Surxondaryo viloyati hokimligi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi va “Koʻprikqurilish” trestiga topshiriqlar berilgani haqidagi javob xati olindi.

Unga koʻra, mazkur masala nazoratga olinib, endi amaliy harakatlar boshlanyapti. Demak, Sherobod tumani “Yangi turmush” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli “Kallamozor” qishlogʻida yillar davomida aholini qiynab kelgan muammo yaqin-orada toʻliq oʻz yechimini topadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?