Deputatlik vakolatini amalga oshirishga toʻsqinlik qilgan mansabdor shaxs qonun oldida javob beradi

12:09 10 Aprel 2019 Jamiyat
549 0

Oliy Majlisning davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish, qabul qilinayotgan qonunlar, muhim ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy ahamiyatga ega davlat dasturlarining ijrosini soʻzsiz taʼminlashga qaratilgan ishlari sezilarli darajada faollashmoqda.

Markazda ham, mahalliy Kengashlarda deputatlar mahalliy byudjetni tasdiqlash, uning ijrosini nazorat qilishdan tortib, hududdagi eng dolzarb masalalarni ham bevosita xalq deputatlari mahalliy Kengashlar sessiyalarida koʻrib chiqib, hal etmoqda. Sessiyalarda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari, ichki ishlar, sogʻliqni saqlash, taʼlim kabi muhim soha rahbarlarining hisobotlarini doimiy ravishda eshitish amaliyoti keng yoʻlga qoʻyildi. Bularning barchasi deputatlik korpusining faoliyatini tubdan oʻzgartirib, qonunchilikda belgilangan vakolatlardan unumli foydalanish samaradorligini oshirayotir.

Biroq amaliyot deputatlik korpusi vakillari ­toʻ­laqonli faoliyat olib borishiga toʻsqinlik qiluvchi ayrim omillar mavjudligini koʻrsatmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan davra suhbatida shu xususda soʻz yuritilib, deputatlik va senatorlik faoliyati kafolatlarining huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Unda deputatlar, Senat aʼzolari, siyosiy partiyalar faollari, Oliy sud vakillari hamda jurnalistlar qatnashdi.

Qayd etilganidek, parlament nazoratining muhim institutlaridan hisoblangan deputat soʻrovi va senator soʻrovi institutidan foydalanish, uning kafolatlarini yanada mustahkamlash bilan bogʻliq tashkiliy-huquqiy masalalar borasida muammolar bor. Masalan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 193-moddasiga muvofiq, mansabdor shaxslar tomonidan deputatlar hamda senatorlar oldidagi oʻz vazifalarini bajarmaslik, ularning ishiga toʻsqinlik qilish, ularga ataylab soxta maʼlumot berish, deputatlik va senatorlik faoliyatining kafolatlarini buzish, xuddi shuningdek, mansabdor shaxslar tomonidan parlament soʻrovini, deputat soʻrovi, senator soʻrovini koʻrib chiqmasdan qoldirish yoki ularni koʻrib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish yoxud ular yuzasidan bila ­turib notoʻgʻri maʼlumotlarni qasddan taqdim etish uchun javobgarlik belgilangan. Ammo bu boradagi oʻrganishlar ushbu javobgarlik choralari amaliyotda deyarli qoʻllanilmasdan kelinayotganini koʻrsatmoqda. Buni 2017-2018 yillar davomida maʼmuriy sudlar tomonidan ayni yoʻnalishda atigi 12 ta ish koʻrilgani ham tasdiqlaydi. Vaholonki, shu yillarda respublikamiz boʻyicha barcha darajadagi deputatlik korpusi aʼzolari tomonidan mansabdor shaxslarga jami 62 ming 714 ta deputatlik soʻrovi yuborilgan boʻlib, ulardan 4499 tasining koʻrib chiqish muddati uzrli sabablarsiz buzilgan, 2956 tasi esa umuman koʻrib chiqilmasdan qoldirilgan.

Davra suhbatida deputat soʻrovi va senator soʻroviga mansabdor shaxslar tomonidan vaqtida yoki umuman javob qaytarmaslik holatlariga doir aniq misollar keltirilib, bunga sabab boʻlayotgan omillar tahlil qilindi, qonunchilikdagi boʻshliqlar hamda uni takomillashtirish masalalari muhokama etildi.

— Keyingi yillarda barcha darajadagi deputatlar faolligi kuzatilayotgan boʻlsa-da, deputatlik faoliyati samaradorligini oshirish yoʻlida hali qator toʻsiqlar mavjud, — deydi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi oʻrinbosari, Oliy Majlis Senati aʼzosi ­Maqsuda Vorisova. — Chunonchi, aksariyat deputat soʻrovlariga mansabdor shaxslar tomonidan vaqtida javob qaytarilmaydi, ayrim holatlarda esa umuman javob berilmayotganini kuzatyapmiz. Masalan, XDPning mahalliy Kengashlardagi deputatlari tomonidan 2017-2018 yillarda mansabdor shaxslar nomiga jami 13933 ta deputat soʻrovi yuborilgan boʻlib, ularni koʻrib chiqmasdan qoldirish holatlari 1227 tani, koʻrib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish holatlari esa 1078 tani tashkil etgan. Prezidentimiz aytganidek, qonunchiligimizga bu boradagi javobgarlikni yanada kuchaytirishni nazarda tutuvchi tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish lozim.

“Milliy tiklanish” demo­kratik partiyasining par­lament quyi palatasidagi fraksiyasi aʼzosi Jahongir Shirinovning taʼkidlashicha, deputatlik korpusi aʼzolari maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma tuzish huquqiga ega emas. Shu bois deputatlar bu masalada boshqa organlarga murojaat qilishga majbur. Qolaversa, mansabdor shaxsning javobgarlik masalasini hal etish borasida deputat mustaqil qaror qabul qila olmaydi, balki tegishli davlat organining deputat taklifiga rozi boʻlishi yoki boʻlmasligini kutadi. Yaʼni deputat kiritadigan materialning toʻgʻri yoki notoʻgʻriligiga sud emas, balki sudgacha boshqa organ baho beradi. Bu esa amaliyotda muayyan qi­yinchiliklarni keltirib chiqaradi, ortiqcha vaqtni oladi va rasmiyatchilikni talab qiladi.

— Sudlarimizda ayni yoʻnalishda koʻrilgan ishlar soni oʻta kamligining asosiy sabablaridan biri sodir etilgan huquqbuzarlikni rasmiylashtirish va uni sudga oshirish mexanizmining amaldagi qonunchilikda belgilanmaganligidir, — deydi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasi aʼzosi Qodir Joʻrayev. — Muammo shundaki, deputatlik va senatorlik faoliyatining kafolatlari buzilgan taqdirda deputat, senatorning oʻzi tegishli mansabdor shaxsni javobgarlikka tortish haqida sudga chiqa olmaydi. Shu bois ushbu muammoning yechimi sifatida amaldagi ­Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga xalq noiblariga toʻgʻridan-toʻgʻri sudga murojaat qilish huquqini berishga doir qoʻshimcha kiritish maqsadga ­muvofiqdir.

Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari ins­tituti boʻlim boshligʻi Ixtiyor Bekovning aytishicha, aksariyat xorijiy mamlakatlarda xalq saylagan vakillarga nisbatan eʼtiborsizlik, mensimaslik yoki bepisandlik bilan qarash holatlari qattiq qoralanadi. Ularning qonunchiligida mansabdor shaxslar tomonidan deputatlar faoliyatining qonuniy kafolatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Jumladan, qator Yevropa mamlakatlari, Rossiya, Polsha, Ukraina, Moldova kabi davlatlarda ushbu javobgarlikni deputatning toʻgʻridan-toʻgʻri sudga murojaat qilishi asosida rasmiylashtirish tartibi belgilab qoʻyilgan. Bizda ham bunday tartib joriy qilinsa, ayni muddao boʻlar edi.

Davra suhbati ishtirokchilari milliy qonunchiligimizdagi bu kabi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish, shuningdek, deputatlik korpusi faoliyati samaradorligini yuksaltirish maqsadida boshqa bir qator tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish lozimligini taʼkidladilar.

Yakunda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Ziyoda ASHUROVA (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?