Deputatlarning sukuti qariyb yetti yarim mingta muammoni hal qilib beradimi?

17:19 25 Yanvar 2019 Jamiyat
579 0

Arxiv foto. (O‘zA).

“Xalq soʻzi ONLINE”. Ilhom Rahmatov/Surxondaryo. Xalq deputatlari tuman Kengashi hududning oliy organi sanaladi. Xoʻsh, 30 ta deputatlik mandatini egallab turganlar tumanni yoki shaharni har tomonlama rivojlantirish, aholini qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun bugun qanchalik faollik koʻrsatmoqda?

Odamlar dardi bilan ishi yoʻq, “Sen menga tegma, men senga” qabilida faoliyat olib boradigan deputatlar bilan murosa qilolmasligimiz tobora oydinlashmoqda. Faqat sessiya kun tartibiyu qarorini tasdiqlashnigina amallagan, muhokamalarda shunchaki kuzatuvchi boʻlib oʻtirgan deputatlardan boshqa nima kutish mumkin?!

Gap Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida oʻtkazilgan xalq deputatlari Jarqoʻrgʻon tumani Kengashining sessiyasi xususida boryapti. Maqsad — oliy. Jarqoʻrgʻon tumanini kompleks rivojlantirish, shuningdek, aholini tashvishga solayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish boʻyicha vazifalar ijrosi yuzasidan parlament, deputatlik hamda jamoatchilik nazoratini taʼminlash.

Sessiya maqsadi xususida bejiz alohida toʻxtalmadik. Muammolar bor. Gap faqat ularning yechimida. Bu esa oʻz-oʻzidan boʻlmaydi...

Endi bevosita sessiya ishi haqida. Tumandagi 65 ta mahalla fuqarolar yigʻini hududida uyma-uy yurish hamda ijtimoiy obyektlarni oʻrganish davomida jami 7425 ta muammo aniqlangan. Jumladan, 1-sektor hududida 674 ta, 2-sektorda 3857 ta, 3-sektorda 1150 ta, 4-sektorda 1744 ta turli masalalar oʻz yechimini topmagan.

Mazkur raqamlarning oʻzi qaysi sektor rahbari oʻz ishiga qay darajada masʼuliyat bilan yondashganligini koʻrsatib turibdi. Har holda, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bevosita masʼul boʻlgan rahbarlar harakatiga tuman hamda viloyat Kengashi deputatlari, tuman faollari bosh qoʻshganida, ijobiy koʻrsatkichlar yanada oshgan boʻlardi.

Eʼtibor qarating: tumanda uy-joyi taʼmirga muhtoj, oʻta ogʻir sharoitda yashayotgan oilalar soni 46 ta, uy-joyga muhtojlar soni 109 ta, yangi uy-joy toʻloviga imkoniyati yoʻq oilalar soni 98 ta boʻlsa-da, hozirgi kunga qadar sektorlar rahbarlari tomonidan bu masalalar mutlaqo hal etilmagan. Qishning sovuq kunlarida ushbu oilalar dardu tashvishini his etish uchun esa ular yashayotgan xonadonda bir kecha mehmon boʻlishning oʻzi kifoya... Shu kabi aksariyat muammolar aniqlangandan buyon oradan 2 oy vaqt oʻtgan boʻlsa-da, bor-yoʻgʻi, ularning 8 foizi hal qilingan, xolos.

Uzumzor, Kamar, Qoʻshtepa mahallalari — zarur shart-sharoit yoʻq, ahvoli ogʻir hududlardan. Birgina Uzumzor mahallasidagi 603 ta, Qamar mahallasidagi 630 ta xonadon ichimlik suvi bilan taʼminlanmagan. Ichki yoʻllar nosoz, yangi transformator oʻrnatish ishlari ham hamon paysalga solinayotir.

Tumandagi 26 ta mahallada maktabgacha taʼlim muassasasi umuman yoʻq. 14 ta bogʻchaning isitish tizimi, 3 tasining tom qismi taʼmirga muhtoj. 11 maktabgacha taʼlim muassasasi mukammal taʼmirlanishi, 21 tasi uchun esa qoʻshimcha binolar qurilishi lozim. Ishchi guruhi tomonidan oʻrganishlar natijasida aksariyat tibbiy muassasalar, umumtaʼlim maktablarida ham shu kabi koʻplab kamchiliklar aniqlangan.

Sessiya ishida aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlarga ham eʼtibor qaratildi. Hozir tumanda 8 mingdan ortiq ishsizlar roʻyxatga olingan boʻlib, oʻtgan yili 1640 ta ish oʻrni yaratilgan, xolos. Shu bois bandlik muammolarini bartaraf etishga doir ishlar oʻta tanqidiy ruhda muhokama qilindi.

Aniqlanishicha, tumandagi 15 ta novvoyxona, 22 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi sanitar talablarga javob bermaydi. 46 ta umumiy ovqatlanish obyektida faoliyat yuritayotgan 192 nafar ishchidan 52 nafari tibbiy koʻrikdan oʻtmaganini esa tumanda yuqoridan tortib quyigacha loqaydlik hukm surayotganidan oʻzga yana qanday izohlash mumkin?!

“Toza hudud” davlat unitar korxonasi tuman filiali tomonidan 65 ta mahalladan 27 tasi, yaʼni 41 foizi qamrab olingan. Ana endi qolgan 38 ta mahalla fuqarolar yigʻinidagi antisanitar holatni koʻz oldingizga keltirib koʻring... Nima deb oʻylaysiz, fuqarolarning eʼtirozlari oʻrinlimi yoki yoʻq?

Sessiyada shu kabi dolzarb muammo va masalalar tahlil etildi. Ammo, afsuski... xalq deputatlari tuman Kengashining 30 nafar deputati majlisni lom-lim demasdan tark etdi...

Qiziq, islohotlarni odamlar his qilishi, ular samara berishi uchun, avvalo, xalq vakillari boʻlgan deputatlar, rahbar va yetakchilar oʻzgarishi kerak emasmi? Bunday sustkashlik bilan aniqlangan 7425 ta muammoni qachon hal etib boʻladi?!

Buni endi vaqt koʻrsatadi...


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?