Deputatlar zarbdor oy vazifalari ijrosida faollik ko‘rsatmoqda

10:27 09 Iyun 2018 Iqtisodiyot
428 0

“G‘o‘zada kafolatli hosil yaratish zarbdor oyligi” uchun belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi Namangan viloyatida ham izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, suv tanqisligi kutilayotgan bu yilgi sharoitda obihayot resurslaridan oqilona foydalanish, bunda sohada to‘plangan ilg‘or tajribalarni keng qo‘llash orqali ekinning suvga bo‘lgan talabini to‘la qondirishga alohida ahamiyat qaratilayotir. Aytish lozimki, mazkur masalaning xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida ko‘rib chiqilib, deputatlar va jamoatchilikning ayni yo‘nalishdagi chora-tadbirlardagi ishtirokining belgilab berilishi parlament vakillari zimmasiga ham muhim vazifalar yukladi.

Joriy yilda viloyatdagi fermer xo‘jaliklari 65 ming 606 gektar maydonda paxta yetishtirishyapti. Agrotexnika tadbirlarining to‘liq o‘tkazilishiga qaramasdan bahor mavsumida haroratning past kelishi hisobiga g‘o‘za rivoji orqada qolayotgan paykallar ham uchraydi. Mintaqadagi suv omborlarida obihayotning bulturgiga nisbatan birmuncha kam to‘planganligi ham o‘ziga xos muammolarni paydo qilmoqda. Shunga binoan, har bir tumanda suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekinni sug‘orishda tejamkorlikning sinovdan o‘tgan usullarini keng qo‘llash bo‘yicha seminarlar tashkil etildi. Chortoq tumanidagi “Vali Dono Omon” fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan ana shunday tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sh. Yakubov, xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashi deputatlari, tegishli mutaxassislar ishtirok etishdi. Seminar avvalida O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining mamlakatimiz fermerlariga Murojaatida ilgari surilgan vazifalar haqida gap bordi. So‘ngra suv taqchilligi sezilayotgan sharoitda uning har qatrasini ekin rivojiga yo‘naltirishning samarali usullari haqida atroflicha tushuncha berildi, ko‘p yillik tajribaga ega suvchilarning tavsiyalari tinglandi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasi hamda tumanlarda o‘tkazilgan seminarlarda o‘rtaga qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib, joylarda amaliy harakatlar kuchaytirilgan. Dolzarb masalaga parlament a’zolaridan tortib, quyi bo‘g‘in deputatlarigacha jalb qilingan bo‘lib, ular suv tanqisligi oqibatlarini yumshatish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etishda qishloq xo‘jaligi mehnatkashlariga yaqindan ko‘mak berishayotir. Ayni paytda joylarda tashkil qilingan 51 maxsus shtab tomonidan mavjud suv resurslaridan unumli foydalanish, gidropostlar faoliyati, suvchilar uchun yetarli shart-sharoit yaratish masalasi qat’iy nazoratga olingan.

— Zarbdor oyda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasida ekinni sug‘orish hamda suvdan foydalanish, xususan, dalaga yo‘naltirilayotgan obihayotning har qatrasi g‘o‘za rivojiga xizmat qilishiga erishish ustuvor vazifa sifatida belgilangan, — deydi fermer, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa va yer egalari viloyat kengashi raisi Isroil Hoshimov. — Keyingi kunlarda mavjud gidropostlarning barchasi qaytadan ko‘zdan kechirildi, ichki ariq-zovurlar hashar yo‘li bilan tozalandi. Sug‘orish ishlarini puxta yo‘lga qo‘yishning maxsus jadvali ishlab chiqilgan bo‘lib, suv tarashni eng oxirgi paykaldan boshlash tartibiga rioya etilmoqda. Viloyat bo‘yicha uch ming gektardan ko‘proq maydondagi g‘o‘za egiluvchan quvurlar yordamida sug‘oriladi.

Fermer hamda mutaxassislar ekin maydonlarida namlik uzoq vaqt saqlanishini ta’minlash maqsadida paykallar tepasida mahalliy o‘g‘it jamg‘arish masalasini kun tartibiga qat’iy qilib qo‘yishgan. Birgina iyun oyining o‘zida har gektar ekinzor hisobiga to‘rt tonnadan organik o‘g‘it solinadi. Bundan tashqari, suvni tejash maqsadida joriy yilda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga ekiladigan takroriy ekinlar hajmini 13 ming gektar qisqartirish ko‘zda tutilgan. Hosili o‘rib olingan paykallarni uzog‘i bilan uch kun ichida shudgordan chiqarish va takroriy ekinni joylashtirish tajribasi qo‘llaniladi. Pirovardida haydov oldidan sug‘orish uchun talab etiladigan obihayot tejaladi.

Ayni kunlarda viloyat dalalarida 142 ta sug‘orish otryadiga bo‘lingan 17,5 ming nafarga yaqin suvchi hamda mutaxassislar zarbdor oydagi eng muhim agrotexnik tadbir — sug‘orish ishini namunali tashkil qilishga jalb etilgan. Ularning unumli ishlashi yo‘lida yaratilgan shart-sharoit, birinchi navbatda, mehnat haqining har besh kunda qat’iy hisob-kitobi yo‘lga qo‘yilgani o‘z samarasini bermoqda. Bu kabi omillarning barchasi joriy yil paxta xirmoniga ishonchli poydevor yaratayotgani bilan muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.

TAHRIRIYATDAN: Ta’kidlash joizki, yuqoridagi dolzarb masalalar xalq deputatlari Farg‘ona, Samarqand, Jizzax viloyatlari Kengashlarining sessiyalarida ham mufassal ko‘rib chiqildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?