Deputatlar “yashirin iqtisodiyot”ga barham berish boʻyicha aniq takliflar berdi

11:01 29 Oktyabr 2020 Siyosat
133 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi tomonidan “Yashirin iqtisodiyot”ga barham berish, soliq maʼmuriyatchiligi samaradorligini oshirish” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Videokonferensiya tarzida oʻtkazilgan davra suhbatida Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish va Moliya vazirliklari hamda Davlat soliq va Statistika qoʻmitalari rahbarlarining “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurashish, uning hajmini keskin qisqartirish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼruzalari eshitildi.

Maʼruzalarda taʼkidlanishicha, mamlakatimizda biznesga qoʻshimcha qulayliklar yaratish orqali “yashirin iqtisodiyot” hajmini kamaytirish boʻyicha kompleks choralar koʻrilmoqda. Xususan, valyuta bozori erkinlashtirildi, yangi soliq tizimi joriy etildi, 100 ga yaqin ruxsat berish va litsenziyalash qoidalari qisqartirildi.

Tadbirda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi keltirgan maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda tadbirkorlik faoliyatini yuritishda tadbirkorlarning qonunchilik boʻyicha savodxonlik darajasining yetarli emasligi, noqonuniy yoʻllar orqali tovarlarni olib kirish va olib chiqish, bojxona narxlarini rasmiylashtirishda tovarlar narxini past qilib koʻrsatish orqali bojxona toʻlovlaridan (bojxona boji, aksiz soligʻi va bojxona yigʻimlari) qochish hamda bank xizmatlarining qamrovi va ommalashuvining pastligi, shu bilan birga naqd pulsiz hisob-kitob tizimining (koʻchmas mulk va avtomobillarning ikkilamchi bozori, mikromoliyalashtirish va h.k.) rivojlanmagani yalpi ichki mahsuloti tarkibida “yashirin iqtisodiyot” koʻlamining yuqori boʻlishiga olib kelmoqda.

Bu omillar tadbirkorlik muhitida tengsizlikni yuzaga keltirib, oʻz oʻrnida boshqa tadbirkorlik subyektlarini ham yashirin faoliyat yuritishga turtki boʻlmoqda.

Davra suhbatida deputatlar tomonidan yashirin iqtisodiyotni bartaraf etish boʻyicha vazirlikka bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

Moliya vazirligining maʼruzasida taʼkidlanishicha, xufiyona iqtisodiy bitimlar hajmining eng yuqori koʻrsatkichlari transport vositalari va mototsikllarni taʼmirlash, turizm, oʻyin-kulgi va dam olish, koʻchmas mulk bilan bogʻliq bitimlarda qayd etilgan. Xufiyona iqtisodiyot hamda korrupsiya darajasini kamaytirishning yana bir usuli bu davlat ishchilarining daromadlarini deklaratsiya qilish tajribasi hisoblanadi. Koʻplab rivojlangan davlatlarda ushbu metod orqali korrupsiya darajasi ancha pasaytirilgan. Hozirda Xalqaro valyuta fondi ekspertlari bilan davlat ishchilarining daromadlarini deklaratsiya qilish masalasi chuqur tahlillar asosida oʻrganilmoqda va Oʻzbekistonda tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda.

Soliq tizimida roʻy bergan oʻzgarishlar ham xufiyona iqtisodiyot bilan kurashga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Xususan, soliq organlari maʼlumotiga koʻra, aholining oʻzini-oʻzi band qilish tizimini soddalashtirish natijasida hozirgacha 300 ming nafar fuqaro oʻz faoliyatini rasmiy sektorga oʻtkazish imkoniga ega boʻldi. Biroq, norasmiy bandlik darajasi qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish, transport va boshqa xizmat koʻrsatish sohalarida yuqoriligicha qolmoqda. Qoʻshilgan qiymat soligʻi(QQS) tizimining oʻzgarishi natijasida QQS toʻlovchilar soni bir yilda 20 foizga oshgan.

Qayd etilganidek, joriy yil yanvar-iyun oylarida 4 ming 670 ta holatda 140 milliard soʻmlik tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy olib kirish holatlariga chek qoʻyilgan. Bu koʻrsatkichlar bojxona tizimida xufiyona iqtisodiyotning ulushi koʻpligidan dalolat beradi. Bojxona tizimini rivojlantirish va sohada xufiyona iqtisodiyot ulushini kamaytirish maqsadida mutaxassislar tomonidan samarali metodlar oʻrganilyapti.

Davlat soliq qoʻmitasining maʼlumotiga koʻra, sohada yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, uzoq yillardan buyon “bir kunlik” (obnal) firmalar faoliyati bilan kurashib kelinayotgani, bunday tadbirkorlar faoliyatini qonuniylashtirish, ularga IT texnologiyalarni joriy etish orqali faoliyatni legallashitirish ishlari olib borilmoqda.

Davra suhbatida deputatlar tomonidan hali hanuz oʻz yechimini kutayotgan koʻplab muammolarga eʼtibor qaratdi. Xususan bugungi kunda ham tovarlarning bizda kodifikatsiyasi (klassifikatsiyasi) yoʻqligi, savdoda chek urmaslik holatlari davom etayotgani, tizimga zamonaviy audit tizimini joriy etish, soliqqa tortishda sohalarning daromadliligiga eʼtibor qaratish, yer va mulk obyektlarini soliqqa tortishning yangi konsepsiyasini yaratish ishlari orqada qolmoqda.

Videokonferensiya tarzida oʻtkazilgan tadbirda xalq vakillari iqtisodiyotda “yashirin” faoliyat ulushini keskin qisqartirish maqsadida jahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar ekspertlarini jalb qilgan holda, eng muvaffaqiyatli xorijiy davlatlar tajribasi asosida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha Strategiya ishlab chiqishni tezlashtirish, davlat organlarida yashirin iqtisodiyot koʻlamini aniqlashda tahliliy ishlarni keng olib borish hamda unga qarshi kompleks choralar koʻrish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish, Moliya vazirliklari va Davlat soliq qoʻmitasining tarkibiy tuzilmalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish hamda boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilash hamda inson omilisiz dastur orqali soliq tekshiruvlariga nomzodlarni tanlash boʻyicha “Risk – analiz” dasturiga oʻtishni tezlashtirish va tekshirish oʻtkazishda xalqaro standartlarni qoʻllash zarurligi boʻyicha takliflar berishdi.

Yigʻilish yakunida bildirilgan takliflar, fikrlar asosida qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?