Deputatlar videokonferensiya formatida muhim qonun loyihalarini koʻrib chiqishdi

18:39 24 Aprel 2020 Siyosat
762 0

Jamiyatda adolat tamoyillari ustuvorligini taʼminlash, inson huquq va manfaatlarini kafolatlash, oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga yana-da jiddiy ahamiyat qaratish bugun mamlakatda kechayotgan islohotlarning bosh mezoni sanaladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan ushbu yoʻnalishlarning huquqiy asosini takomillashtirishga oid bir qator qonun loyihalari atroflicha koʻrib chiqildi.

Dori vositalarining noqonuniy realizatsiyasiga chek qoʻyiladi

“Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” gi qonun loyihasining ikkinchi oʻqishdagi muhokamasida qizgʻin fikr-mulohazalar bildirildi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, inson salomatligi — bebaho boylik. Ayniqsa, hozirgi koronavirus pandemiyasi sharoitida aholining sihat-salomatligini saqlash, ularni sifatli dori vositalari bilan taʼminlash muhim vazifalardan sanaladi.

Ushbu hujjat bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarining tegishli moddalariga oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Chunonchi, Jinoyat kodeksining 1863-moddasiga koʻra, sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, shuningdek, dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish boʻyicha javobgarlik belgilash koʻzda tutilyapti.

Shu bilan birga, tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin yoki koʻp miqdorda sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi taklif etilyapti.

Muhokamalarda soʻzga chiqqan deputatlar koʻzda tutilayotgan oʻzgartishlar dori vositalarining noqonuniy realizatsiyasiga chek qoʻyish, ayniqsa, yosh avlodning sogʻligʻi va kelajagiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining notibbiy maqsadlarda qoʻllanilishining oldini olishda muhim oʻrin tutishini taʼkidlashdi. Shu maqsadda tegishli kodekslarga kuchli taʼsir etuvchi dori vositalarini retseptsiz berilganligi va berish tartibini buzganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik koʻzda tutilayotgani ayni muddao.

Qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda atroflicha koʻrib chiqildi. Uning aholining sogʻligʻini saqlashdagi ahamiyati inobatga olinib, deputatlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilindi.

Ayrim cheklovlar bekor qilinmoqda. Nega?

Deputatlar “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasida fikr bildirib, dastlab uni qabul qilish zaruratiga eʼtibor qaratishdi.

Xoʻsh, bu qaysi jihatlarga bogʻliq?

Xalq vakillarining fikricha, avvalo, mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, jazoni ijro etish tizimida shaxsni axloqan tuzatish va jamiyatga ijtimoiy moslashuvini taʼminlashda huquqiy mexanizmlarni yana-da takomillashtirish maqsadida Jinoyat-ijroiya kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish zaruratini yuzaga keltirdi. Voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashishga boʻlgan huquqiga nisbatan cheklovlarni bekor qilish yoʻli bilan ularni qayta tarbiyalash zarurati paydo boʻlayotgani ham ayrim sabablardan biri.

Onlayn muhokamalarda ushbu loyiha bilan mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga oid nazarda tutilayotgan yangiliklar qizgʻin munozaralarga sabab boʻldi. Qayd etilganidek, bu oʻzgartishlar, ayniqsa, tintuv jarayonida jismoniy kuch va maxsus vositalarni asossiz ravishda qoʻllanilishiga yoʻl qoʻymaslik, mahkumlarning shaxsiy xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi. Yaʼni inson manfaatlarini taʼminlash kafolatlanadi.

Mahkumlarni ragʻbatlantirishning adolatli mezonlarini ishlab chiqish ham muhim masala. Shu asosda ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash, voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi va ularni oʻrnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashishga boʻlgan huquqiga nisbatan cheklovlarni bekor qilish, mahkuma ayollarning oʻz farzandlari bilan uchrashishining alohida tartibini belgilash hamda mahkumlarning uchrashuvlari va telefon orqali soʻzlashuvlari sonini koʻpaytirish va uchrashuvlarni almashtirish tizimini tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida ushbu jihatlarga, siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalar takliflariga alohida eʼtibor qaratildi.

Qizgʻin muhokamalardan soʻng, ushbu qonun qabul qilindi.

Yosh avlod tarbiyasida masʼuliyat kuchaytiriladi

Taʼlim va tarbiya bu avvalambor masʼuliyat demakdir. Taʼlim sohasida ayni paytda eʼtibor qaratilayotgan jihat ham aynan shu. Har tomonlama yetuk, Vatan ravnaqi uchun xizmat qiladigan avlodni tarbiyalash mamlakat kelajagini belgilovchi muhim indikator.

Majlisda deputatlar taʼlim-tarbiya sohasiga taalluqli qonun loyihasini ham qizgʻin muhokama qilishdi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi mazkur hujjatni ikkinchi oʻqishga tayyorlashda siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalar, shu bilan birga, soha, mutaxassislari, olimlar fikrlari, takliflari oʻrganildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaganlik uchun Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasida javobgarlik nazarda tutilmoqda. Xususan, mazkur moddaning birinchi qismida jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha, ikkinchi qismida — besh baravaridan oʻn baravarigacha, uchinchi qismida — oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha, toʻrtinchi qismda esa oʻn besh baravaridan — yigirma besh baravarigacha etib belgilanyapti.

Onlayn muhokamalarda soʻzga chiqqan deputatlar samarali taʼlim tizimini yaratish pedagogik kadrlarning jamiyatdagi oʻrniga bevosita bogʻliqligini taʼkidlashdi. Oʻqituvchi maqomining yuqori nufuzga ega emasligi, uning huquqiy himoyalanmagani hamda faoliyatining daxlsizligi kafolatlanmagani taʼlim sifatini jahon standartlari darajasiga koʻtarishga imkon bermayotgani aytib oʻtildi.

Shu bois, qonun loyihasida mazkur kodeksni yangi 1975-modda bilan toʻldirilgani maqsadga muvofiqligi qayd etildi. Ahamiyatlisi, yangi modda boʻyicha maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish masalasini maʼmuriy sudlar vakolatiga kiritish taklif etilayotganidir.

Shuningdek, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun 301-modda toʻldirilmoqda. Unda pedagogik xodimlarning kasbiy shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsi davlat himoyasida ekanligini, shuningdek, pedagogik xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga hamda xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilishga yoʻl qoʻyilmasligini belgilash nazarda tutilmoqda.

Deputatlar ushbu hujjatni moddama-modda, batafsil koʻrib chiqishdi. Qayd etilganidek, uni qabul qilish natijasida ota-onalarning bola tarbiyasi uchun masʼuliyatini kuchaytirishga, oʻqituvchilarning jamiyatdagi mavqei oshishiga hamda ularning huquqiy himoyasini taʼminlashga erishiladi.

Oilaviy tadbirkorlik subyektlariga qanday huquqlar berilyapti?

Aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, yoshlarning biznes gʻoyalarini amalga oshirish borasidagi ishlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash maqsadida “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, mazkur qonun loyihasi yurtimizda oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini amalga oshirish hamda oilaviy biznesni kelajakda rivojlantirish yoʻli bilan oilalarning farovonligi hamda turmush darajasini yuksaltirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Aholining daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shugʻullanishiga, oilaviy tadbirkorlik rivojlanishiga har tomonlama koʻmaklashish, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni takomillashtirish va tizimli tashkil etish ushbu loyihaning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Qonun loyihasi bilan kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar bilan yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy tadbirkorlik subyektlariga 3 nafargacha doimiy ishchilarni yollash imkoniyati berilmoqda. Shuningdek, noturarjoy bino-inshootlaridan foydalanilganda kommunal toʻlovlar uchun toʻlov aholi uchun belgilangan tariflar boʻyicha va shartlar asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Deputatlarning fikriga qoʻra, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi aholi bandligini taʼminlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yana-da yaxshilashda muhim huquqiy asos boʻladi.

Ziyoda ASHUROVA.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?