Deputatlar turli sohalarni isloh qilishga doir dolzarb qonun loyihalarini muhokama qildilar

09:47 21 Iyun 2018 Siyosat
750 0

20 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar mamlakatni rivojlantirishning bugungi bosqichida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan va amalga oshirilayotgan ijtimoiy hamda iqtisodiy islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Kun tartibidan o‘ndan ortiq masala o‘rin oldi. Ularning har biri avvalroq siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhining yig‘ilishlarida vazirliklar hamda idoralar, fuqarolik jamiyati instituti vakillarining ishtirokida qizg‘in muhokama qilingan edi.

Deputatlar o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdan boshladilar.

Kiritilayotgan qo‘shimchalarga ko‘ra, avtomobillar va mototransport vositalarini ijaraga berish huquqi mazkur sohada xizmat ko‘rsatadigan yuridik shaxslarga berilib, ular yengil avtomobillar va mototransport vositalarini o‘ttiz kungacha bo‘lgan muddatga ijaraga berish shartnomasini oddiy yozma shaklda tuzishlari mumkinligi belgilanmoqda.

Deputatlar fikriga ko‘ra, mazkur qonunning qabul qilinishi mamlakatning turistik salohiyati va turizm sohasi rivojlanishiga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda olib borilayotgan tub islohotlar ta’lim tizimida ham ijobiy o‘zgarishlarga olib kelmoqda. Kun tartibiga kiritilgan navbatdagi qonun loyihasi ta’lim sohasidagi islohotlarning qonuniy asoslarini yaratayotgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, unda ta’lim tizimidagi yangi yo‘nalishlar qonun bilan mustahkamlanmoqda.

Mazkur qonun loyihasi umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’limda 11 yillik tizimning majburiyligi, kasb-hunar ta’limining 11 yillik bazadan so‘ng ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi, nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilayotgan ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, mazkur faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish hamda nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibini soddalashtirishni nazarda tutadi.

Deputatlarning qayd etishicha, qonunning qabul qilinishi ta’limdagi yangilanishlarni huquqiy jihatdan mustahkamlab, sohaning yanada takomillashuviga imkon beradi.

So‘ngra deputatlar yangi tahrirdagi “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qildilar.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida Prezidentimizning sohani takomillashtirishga doir Farmon va qarorlaridagi g‘oyalarni singdirishga jiddiy e’tibor qaratildi.

Shuningdek, mas’ul qo‘mita tomonidan mazkur loyiha yuzasidan hududlarda soha mutaxassislari, tadbirkorlar, dehqon va fermer xo‘jaliklari vakillari bilan davra suhbatlari, uchrashuvlar o‘tkazildi va ulardan 100 dan ortiq takliflar olindi.

Deputatlar qayd etganlaridek, ushbu qonunning qabul qilinishi o‘simliklar karantini sohasidagi munosabatlarni tartibga solish mexanizmini takomillashtirish, karantin xizmati faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar va ish uslublarini joriy etishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, xalqaro savdo aloqalarini rivojlantirishda o‘simliklar va o‘simlik mahsulotlari bilan savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yishda fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash, import va eksport bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik subyektlari amal qilishi kerak bo‘lgan zararli o‘simlik kasalliklari, hasharotlar va begona o‘tlar kirib kelishining oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar va normalarni joriy qilish imkonini beradi.

Majlisda, shuningdek, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan bir guruh deputatlar tomonidan quyi palata muhokamasiga kiritilgan “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalarni chekishni cheklash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi fuqarolarning sog‘lig‘ini chilimlar va elektron sigaretalarning zararli ta’siridan, u bilan bog‘liq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan muhofaza qilishga, xususan, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga, shuningdek, butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimiz jamoatchiligi o‘rtasida ham kashandalikka qarshi kurash muhitini shakllantirish hamda qaror toptirishning tashkiliy va huquqiy sharoitlarini yaratishga qaratilgan.

Munozaralar davomida siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari tomonidan qonun loyihasining qabul qilinishi jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekish keng tarqalishining, chilim va elektron sigaretalar chekilishi natijasida kelib chiqadigan kasalliklarning, shuningdek, guruh bo‘lib chekish oqibatida yuqish xavfi bo‘lgan yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga xizmat qilishi qayd etib o‘tildi.

Deputatlar, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunni ham qabul qildilar.

Majlis davomida parlament Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Axborot xizmati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?