Deputatlar tuman hokimi oʻrinbosariga nega eʼtiroz bildirishdi?

07:28 07 Mart 2019 Jamiyat
453 0

Illyustrativ foto

Tuman obodonlashtirish boʻlimi rahbari Baxtiyor Ubaydullayevning chiqishi xalq deputatlari Piskent tumani Kengashi sessiyasi ishida tub burilish yasadi, deyish mumkin. Respublika ishchi guruhi tomonidan tumanni oʻrganish yakunlari muhokama etilayotgan yigʻilishda hududlarni obodonlashtirish ishlarining qoniqarsiz ahvoli tanqid qilindi.

Ushbu tarmoqqa masʼul rahbar vaziyatga oydinlik kiritish, mavjud muammolar hal etilishida boʻlim faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa omillar borligi haqida gap boshlaganida, tuman hokimining oʻrinbosari Sunnat Isoqulov uning gapini boʻlib, joyiga oʻtirishini soʻradi.

Bu esa deputatlarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻldi. Ularning qistovi bilan boʻlim boshligʻi yana oʻrnidan turib, oʻz fikrlarini davom ettirdi. Azaliy anʼanalarimizga sodiq boʻlish, aholi oʻrtasida hovli-joylarni, tomorqalarni obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish ishlari yuzasidan targʻibot-tashviqot tadbirlarini olib borish yuzasidan qator takliflarni oʻrtaga tashladi.

Demak, tuman, umuman, hudud taqdiriga, uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga daxldor har bir masala deputatlarni yanada faol boʻlishga undadi. Shu tariqa sessiya ishtirokchilarining faolligi yanada kuchaydi. Ular ishchi guruhi tomonidan oʻrganilgan muammolarning yechimini topishda amaliy takliflari bilan batafsil oʻrtoqlashdi.

Oʻrganish davrida hududda 15 ming 594 ta muammo aniqlangan. Sohalar kesimidagi tahlillarda yoʻllarni taʼmirlash, elektr energiyasi, ichimlik suvi hamda gaz taʼminoti bilan bogʻliq masalalar ustunlik qiladi. Shuningdek, sogʻliqni saqlash, bank, kredit, bandlik, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish sohalarida ham muammolar talaygina ekani kuzatildi.

“Obod qishloq” dasturiga muvofiq, 14 kilometrdan ortiq masofadagi koʻchaga asfalt yotqizilishi rejalashtirilgandi. Amalda esa bu koʻrsatkich 8 kilometrdan ziyodni tashkil etdi, xolos. Piyodalar yoʻlaklarini taʼmirlash, koʻcha chiroqlarini oʻrnatish, gulzorlar barpo etish kabi ishlar oxiriga yetkazilmay qoldi.

Tuman aholisining 17 foizi muqobil suv manbalaridan foydalanmoqda. Vaholonki, 2013 yilda Piskent shahri ichimlik suvi tizimini rekonstruksiya qilish, suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha maxsus qaror qabul qilingan edi. Bu qaror toʻliq bajarilmay qolib ketdi. Tuman “Suvoqova” filiali tasarrufidagi 45 ta, suv quduqlaridagi 28 ta nasos eskirgan boʻlib, ular yordamida aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash imkoniyati mavjud emas. 37 ta suv inshootida esa ichimlik suvini zararsizlantirish uskunalari ishlamaydi. Suv tarkibini tozalash ishlari qoʻlbola usulda amalga oshirilmoqda. Natijada tumanda yuqumli kasalliklarning koʻpayishi kuzatilyapti.

Tumanning Oqtom, Taraqqiyot, Mustaqillik, Qoʻlota, Saidobod mahallalari sharoiti eng ogʻir hududlar, deb eʼtirof etildi. Mazkur mahallalar tuman markazidan 25 — 30 kilometr uzoqlikda, chegara hududida joylashgan. Masalan, Taraqqiyot mahallasida kundalik ehtiyoj uchun ariq suvidan foydalanib kelinmoqda. Ayrim koʻchalarga transformator oʻrnatilmagan. Elektr simyogʻochlari avariya holatida. Hududda maktabgacha taʼlim muassasasi, qishloq vrachlik punkti yoʻq. Bu kabi kamchiliklar yuqorida nomlari qayd etilgan mahallalar uchun ham xosdir.

Sessiyada deputatlar bu va boshqa muammolarni hal etish barobarida, bahor kunlaridan unumli foydalanish, hududda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini yanada kuchaytirish, tomorqa imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha bir qator amaliy tadbirlarni belgilab olishdi.

Oliy Majlis Senati aʼzolari ishtirokida oʻtgan sessiya deputatlarning faolligi bilan ajralib turdi. Majlisda koʻrib chiqilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha hamkorlikdagi “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.

Rahmatilla Sheraliyev (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?