Deputatlar taʼlim, noshirlik faoliyati, bola huquqlariga doir qonun loyihalarini muhokama qildilar

10:30 06 Sentyabr 2019 Jamiyat
446 0

2019-yil 6-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda mamlakat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari koʻrib chiqildi.

Kun tartibidagi dastlabki masala — “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni yangi tahrirdagi loyihasining birinchi oʻqishdagi muhokamasi qizgʻin kechdi.

Taʼkidlash joiz, mamlakatimizda malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojning keskin ortishi, bu sohaga xalqaro doiralarda umumeʼtirof etilgan zamonaviy standartlarni joriy etish, shu tarzda taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish va xalqaro hamjamiyat bilan uygʻunlashgan holda olib borishni taqozo etmoqda. Ana shu yondashuvlarga suyangan holda loyiha tashabbuskorlari qonun loyihasiga bir qator yangi normalar, tushunchalar va moddalar kiritishgan. Xususan, katta yoshdagilar taʼlimi, maxsus taʼlim, inklyuziv taʼlim, yakka tartibda pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish, davlat — xususiy sheriklik, taʼlim sohasiga investitsiyalarni kiritish, sohada davlat nazorati, taʼlim muassasalarining oʻzini oʻzi baholashi, taʼlim ishtirokchilarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarliklari, taʼlimda eksperimental, innovatsion faoliyat bilan bogʻliq yoʻnalishlar degan mutlaqo yangi norma va tushunchalar shular jumlasidandir. Eʼtiborlisi shundaki, yangi tahrirdagi qonun loyihasida avvalgi, zamon sinovidan oʻtgan mukammal normalar saqlab qolingan holda taʼlim sohasidagi davlat boshqaruv organlarining vakolatlari va taʼlim muassasalarining faoliyati erkinligini kengaytirishni nazarda tutuvchi yangi normalar va boshqa tushunchalar oʻz aksini topmoqda.

Deputatlarning qayd etishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi taʼlim tizimidagi mavjud muammolarni bartaraf etishga, soha ishini tubdan takomillashtirish va taʼlimni xalqaro hamjamiyat bilan uygʻunlashgan holda olib borish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Ayniqsa, fuqarolarning xorijda taʼlim olishi, chet elda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarning tan olinishi, shuningdek, ilk bor mamlakatimizda butun umr taʼlim konsepsiyasining kiritilishi kabi masalalarning qonun loyihasi normalarida ilgari surilishi taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga koʻtaradi.

Shundan soʻng parlament aʼzolari kitob va boshqa bosma mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va savodxonlik madaniyatini yuksaltirishga koʻmaklashuvchi soha faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgan “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda muhokama qildilar.

Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda yoshlarning maʼnaviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, ona Vatanimiz va xalqimizga muhabbat, sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashda kitobxonlik va kitob targʻibotini kuchaytirish, axborot-kutubxona faoliyatini takomillashtirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Mazkur qonun loyihasi ham ana shunday xayrli maqsadlarni roʻyobga chiqarishni koʻzlagani bilan ahamiyatlidir. Ushbu loyihaning qabul qilinishi yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy va estetik ehtiyojlariga mos sifatli kitoblarni nashr qilish, kitoblarni qulay narxlarda joylarga, shu jumladan, taʼlim muassasalariga yetkazib berish, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, oʻsib kelayotgan avlodda bolalikdan kitobga mehr uygʻotish, ularda elektron kitoblarni oʻqish qobiliyatini shakllantirish – kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Majlisda deputatlar “Bola huquqlari kafolatlarining yanada kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ham birinchi oʻqishda atroflicha muhokama qildilar.

Taʼkidlanganidek, qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida xorijiy davlatlarning qonunlarida bolaga nisbatan ishlatiladigan tazyiq va zoʻravonliklar turlari, ularning oldini olish choralari, jinoyat protsessi ishtirokchilari hisoblangan bolalarni himoya qilish boʻyicha qoʻshimcha kafolatlarga oid normalar atroflicha oʻrganilib, tahlil qilindi.

Qayd etilganidek, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunning 10-moddasi bolaga nisbatan ishlatiladigan tazyiq va zoʻravonliklarning barcha turlarini qamrab olmagani sababli ushbu moddaga davlat tomonidan huquqbuzarliklar va gʻayriijtimoiy harakatlarni sodir etishga jalb qilishdan himoyalash boʻyicha choralar koʻrilishini nazarda tutuvchi normalar kiritilmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasida davlat bolaga nisbatan ekspluatatsiya va zoʻravonlikning barcha shakllarining oldini olish, ular sodir etilishiga sabab boʻluvchi omillar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrishini belgilovchi qoida kiritilmoqda.

Qizgʻin kechgan bahs va tortishuvlar chogʻida mazkur qonunning qabul qilinishi jinoyat protsessi ishtirokchisi hisoblangan bola huquqlarining himoyasini kuchaytirishga, jinoyat protsessining barcha bosqichlarida voyaga yetmaganlar huquqlari muhofazasini taʼminlashda muhim huquqiy asos yaratishi qayd etildi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?