Deputatlar saylov va Hukumat aʼzolarini tayinlash tartibiga oid qonun loyihalarini koʻrib chiqdilar

06:03 16 Fevral 2019 Siyosat
379 0

Illyustrativ foto

Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari koʻrib chiqildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Kun tartibidagi dastlabki masala — “Hukumat aʼzolarining parlament oldidagi masʼuliyati kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining muhokamasi qizgʻin kechdi.

Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi hamda 2019 yil 28 yanvardagi Farmoniga muvofiq tayyorlangan ushbu loyiha bilan hukumat aʼzolarini tayinlash va tasdiqlashning yangi tartibi joriy etilmoqda. Xususan, Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari, oʻrinbosarlari, vazirlar hamda davlat qoʻmitalari raislari nomzodi Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullanganidan keyin, Bosh vazir taqdimiga binoan Prezident tomonidan tasdiqlanadi. Hukumat aʼzosining nomzodi avvaliga Qonunchilik palatasidagi masʼul qoʻmita, fraksiyalar tomonidan dastlabki tarzda, keyin Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqilib, maʼqullanadi.

Nomzod majlisda Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan oʻzaro bogʻliq boʻlgan, istiqbolga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar va vazifalarga erishish borasida huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni hamda istiqboldagi vazifalarni nazarda tutuvchi oʻz harakatlar rejasini taqdim qiladi.

Qonunchilik palatasi hukumat aʼzosi nomzodini rad etgan taqdirda, Bosh vazir koʻrib chiqish va maʼqullash uchun yangi nomzodni taqdim qiladi. Hukumat aʼzosi Prezident tomonidan tasdiqlanganidan keyin oʻz vazifalarini bajarishga kirishadi.

Shu bilan birga, loyiha bilan Hukumatning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiquvchi tegishli yilga moʻljallangan Davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi hisobotini koʻrib chiqish boʻyicha ham yangi tartib belgilanmoqda. Unga binoan, Bosh vazir Hukumat aʼzolari bilan birgalikda har chorakda parlament palatalariga Murojaatnomadan kelib chiquvchi, tegishli yilga moʻljallangan Davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi hisobotni taqdim qiladi.

Muhokamalar chogʻida deputatlar taklif etilayotgan ushbu oʻzgartish va qoʻshimchalar Oliy Majlisning muhim qarorlarni qabul qilish hamda qonunlar ijrosini nazorat etish borasidagi faoliyatini kuchaytirishga, shuningdek, Hukumat aʼzolarining parlament oldidagi masʼuliyatini oshirishga xizmat qilishini alohida taʼkidladilar.

Shundan soʻng deputatlar navbatdagi masala — “Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasiga kirishdilar.

Taʼkidlanganidek, Oliy Majlis quyi palatasi deputatlarining qonun tashabbusi huquqi asosida kiritilgan ushbu loyiha 2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan.

Maʼlumki, bu yil mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon — parlamentga saylovlar yili boʻladi. Hozirgi kunda mamlakatimiz saylov qonunchiligi 5 ta Qonun bilan tartibga solinadi. Bu esa huquqni qoʻllashda bir qator murakkabliklar tugʻdiradi. Bundan tashqari, saylov jarayoni va uni oʻtkazish tartib-tamoyillari hamda qoidalarining koʻpchiligi qonun darajasida emas, balki Markaziy saylov komissiyasining nizom va yoʻriqnomalari bilan tartibga solinadi.

Shulardan kelib chiqib tayyorlangan Saylov kodeksi loyihasini yaratish jarayonida 20 dan ortiq xorijiy mamlakatning ushbu sohadagi amaliy tajribasi puxta oʻrganildi. Kodeks loyihasining jamoatchilik muhokamasini tashkil etish maqsadida 2018 yil 19 iyulda Oliy Majlis palatalari tomonidan Markaziy saylov komissiyasi bilan birgalikda Amaliy harakatlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”) tasdiqlandi. Unga muvofiq, loyiha jamoatchilik, ekspertlar, ilmiy doiralar, amaliyotchilar, mutaxassislar hamda xalqaro tashkilotlar ekspertizasidan oʻtkazildi. YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, Venetsiya komissiyasi, MDH Ijroiya qoʻmitasi hamda boshqa xalqaro tashkilotlarning xulosa va fikrlari olindi. 2018 yil 16-17 noyabr kunlari Buxoro shahrida oʻtkazilgan xalqaro konferensiyada olingan takliflar xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi.

Loyiha bilan mamlakatimizning Saylov kodeksini tasdiqlash taklif etilmoqda. Amaldagi 5 ta Qonunda ifodalangan normalarni mujassamlashtirishni nazarda tutadigan ushbu Kodeks loyihasi bilan bir qator yangi qoidalar ham oʻrnatilmoqda. Jumladan, Qonunchilik palatasida deputatlik oʻrinlari uchun Ekologik harakat vakillariga kvota ajratish instituti chiqarib tashlanmoqda. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga nomzod koʻrsatish tartibi bekor qilinmoqda. Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish tartibi qonun bilan tartibga solinadi. Muddatidan ilgari ovoz berish va saylov kuni ovoz berish uchun yagona saylov byulletenini joriy etish orqali “saylov varaqasi” tushunchasi chiqarib tashlanadi. Saylovlarni oʻtkazish yoki tashkil qilishning boshqa masalalari yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi kiritiladi. Siyosiy partiyalar tomonidan imzo yigʻish jarayonida saylovchilarning bir yoki bir nechta nomzodlarni yoxud partiyalarni qoʻllab-quvvatlab imzo qoʻyishi mumkinligi belgilanmoqda. Ovoz berish jarayonida saylovchilarga bir nechta belgilardan birini qoʻyish imkoni beriladi. Ovoz berish tugaganidan keyin uchastka saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladigan ishlar (ovozlarni sanab chiqish, bayonnoma tuzish va boshqalar) aniq koʻrsatilmoqda. Shuningdek, Qonunchilik palatasiga, mahalliy Kengashlarga saylov bir vaqtda oʻtkazilgan taqdirda yagona saylov uchastkalarini tuzish nazarda tutilmoqda. Ilgari Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan Oliy Majlis Senati aʼzolarini saylash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni bekor qilib, bu masalani qonun darajasida belgilash taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir qilgan shaxslarning saylovda ishtirok etishini cheklovchi normalar chiqarib tashlanmoqda. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga 3 kun qolganida tugashi belgilanmoqda. Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillari sonini 3 dan 5 kishigacha koʻpaytirish nazarda tutilmoqda.

Deputatlarning fikricha, Saylov kodeksining qabul qilinishi huquqni qoʻllashda bir qator qulayliklar yaratadi, saylov jarayoni va uni oʻtkazish tartib-tamoyillari hamda qoidalarini toʻla qonuniylik, demokratik va shaffof oʻtkazishda muhim huquqiy asos vazifasini bajaradi.

Bahs-munozara, qizgʻin muhokamalardan soʻng mazkur qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Majlisda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?