Deputatlar Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi yuzasidan bir xulosaga keldilar

16:52 28 Aprel 2020 Jamiyat
412 0

2020-yilning 28-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyish masalasi koʻrib chiqildi.

Taʼkidlash lozim, bugun Oʻzbekiston tashqi siyosati chuqur oʻylangan oʻzaro manfaatli va amaliy jihatdan mustahkam yoʻnalishlar asosida rivojlanib bormoqda. Bunda Oʻzbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatidagi oʻrni va rolini oshirish, rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, chegaradosh davlatlar bilan xavfsizlik, barqarorlik va ahil qoʻshnichilik muhitini shakllantirish ustuvorlikka ega.

Oʻzbekiston uchun xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va jahon bozoriga integratsiyalashuv jarayonlari har qachongidan ham dolzarb boʻlib qolmoqda. Bu borada Oʻzbekiston oʻz manfaati uchun muhim boʻlgan dadil qadamlarni tashladi.

YEOII bilan integratsiyalashuv masalasini chuqur, ilmiy asoslangan holda oʻrganish maqsadida parlament quyi palatasi tomonidan Ishchi guruhi tuzilib, mazkur masala boʻyicha barcha taklif va mulohazalarni umumlashtirish topshirilgan edi. Majlisda Iqtisodiy Ittifoq bilan hamkorlik masalasi yuzasidan Ishchi guruhining axboroti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizning YEOII bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyish, xususan Ittifoqqa toʻlaqonli aʼzo boʻlib kirish yoki kuzatuvchi maqomiga ega boʻlish kabi shakllari Oʻzbekiston manfaatlariga nechogʻlik mos kelishi va ayni paytda maqbul emas deb hisobalangan jihatlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan har tomonlama oʻrganildi, ochiq tahlil qilindi.

YEOII bilan hamkorlikning huquqiy asoslari, tartibga soluvchi organlar va ularning faoliyati, shuningdek oʻzaro kelishuv va bitimlar tuzish va ularni amlaga oshirish mexanizmlari mamlakat uchun qanday istiqbolli samaralar beradi va qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Shu va boshqa qator mavhum savollarga aniq, asosli javob topish uchun ushbu masalaning konseptual jihatlari barobarida boshqa yirik, mayda qirralarini oʻrganish ham nazardan chetda qolmadi.

Xususan, Oʻzbekistonning YEOII bilan aloqalarining milliy iqtisodiyotga taʼsirini tahlil qilish, qisqa, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda milliy iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlariga ushbu Tashkilot bilan hamkorlikning mosligini oʻrganish, iqtisodiyot tarmoqlariga ijobiy va salbiy jihatdan taʼsirini koʻrib chiqish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bu jarayonda Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligi masalasi yuzasidan fuqarolar hamda biznes hamjamiyati oʻrtasida oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrov natijalari, olimlar, ekspertlar, mutaxassislarning ham mazkur masala yuzasidan bildirgan munosabatlari ham chuqur tahlil qilindi.

Mazkur masala Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalarning fraksiyalari hamda qoʻmitalarda Hukumat aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, mutahassislar ishtirokida bir necha bor atroflicha koʻrib chiqildi.

Shuningdek, YEOII bilan hamkorlik yuzasidan joriy yilning 10-aprel kuni Hukumat vakillari ishtirokida “Hukumat soati”, 16-aprel kuni esa “Parlament eshituvi” oʻtkazilib, ularda deputatlar tomonidan koʻtarilgan bir qator masalalar muhokama qilindi.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligi tashqi savdo aylanmasining ortishi, iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligining kuchayishi hamda xorijiy davlatlarda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz huquqlarining himoyasi mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Bunday hamkorlik natijasida qoʻshimcha ravishda qiymati 1,6 mlrd. AQSH dollariga teng mahsulotlarni eksport qilish, temir yoʻlda tashish xarajatlarini 220 mln. AQSH dollariga arzonlashtirish hamda mehnat migrantlari daromadlarini 15-20 foizga oshirish imkoniyatlari paydo boʻladi.

Qishloq xoʻjaligida bojxona tartiblarini soddalashtirish hisobidan YEOII davlatlariga Oʻzbekistondan meva-savzavot mahsulotlarini yetkazib berish hajmi oshadi. Shuningdek, xalqaro tashishlar sohasida ruxsat berish tartiblari soddalashtiriladi, yoʻlovchilarning, yuklar va transport vositalarining erkin harakatlanishi taʼminlanadi.

Shu bilan birga, oʻrganishlar mamlakatimizning YEOII bilan hamkorligi Oʻzbekiston uchun ayrim tarmoqlarda ishlab chiqarishning pasayishi, ish oʻrinlarining qisman yoʻqotilishi, investitsion faollikning hamda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish surʼatlarining pasayishiga olib kelishi mumkinligini koʻrsatdi.

Taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, YEOII bilan hamkorlik Oʻzbekistonning tashqi savdo va toʻlov balansiga hamda milliy valyuta barqarorligiga taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Shuningdek, deputatlar Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyishning mamlakat ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotining asosiy koʻrsatkichlariga, davlatimiz iqtisodiy mustaqilligining asoslariga taʼsirining ijobiy va salbiy jihatlarini hisobga olish lozim deb hisoblaydilar.

Majlis davomida deputatlar tomonidan YEOII bilan hamkorlikning ayrim jihatlari yuzasidan qator masalalar koʻtarildi. Jumladan, xalq vakillarini Oʻzbekiston korxonalari YEOII makonida raqobatbardosh boʻla olishi, ehtimol kutilayotgan salbiy oqibatlarining oldini olish uchun qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligi masalalari qiziqtirdi.

— YEOII bilan hamkorlik mamlakatimizning bundan keyingi tashqi savdo aloqalari rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Eng asosiysi, turizm sohasida, xalqaro yuk hamda yoʻlovchi tashuvlari soddalashtiriladi va bu boradagi imkoniyatlarimiz yana-da kengayadi,  deydi, Qonunchilik palatasi deputati Zulayho Akromova. — Biroq, Oʻzbekiston YEOII bilan hamkorlik oʻrnatishidan oldin tegishli infratuzilmani barpo etish va milliy qonunchilikni YEOII doirasida qabul qilingan standartlarga moslashtirib borishi lozim boʻladi. Xususan, bojxona postlari infratuzilmasini tamomila qaytadan koʻrib chiqishi kerak.

— Tashkilot bilan hamkorlik oʻrnatilishi Oʻzbekistondagi isteʼmolchilarning mintaqa bozoridagi iqtisodiy raqobat natijasida nisbatan arzon va sifatli mahsulotlarni xarid qilish imkoniyatini yana-da oshiradi, — deydi, Qonunchilik palatasi deputati Oʻktamjon Islomov. — Shu bilan birga, mamlakatimizda hali rivojlanib ulgurmagan ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish segmentlari Ittifoqning boshqa aʼzo davlatlari korxonalari tomonidan egallab olinish xavfi ham saqlanib qoladi.

Konstruktiv va amaliy ruhda kechgan muhokamalardan soʻng barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari soʻzga chiqib, Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyish masalasi boʻyicha oʻz pozitsiyalarini bayon qildilar.

Muhokamalardan soʻng Qonunchilik palatasi huzurida tuzilgan Ishchi guruhining xulosasi maʼqullandi va Oʻzbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida “kuzatuvchi davlat” maqomida ishtirok etishi maqsadga muvofiq, deb topildi hamda parlament quyi palatasining tegishli qarori qabul qilindi. Ushbu qaror Oliy Majlis Senati hamda Vazirlar Mahkamasiga joʻnatiladigan boʻldi.

Ziyoda ASHUROVA,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?