Deputatlar murojaati: Oy qolib quyoshni ham etak bilan yopayotganlar kimlar yoki suv keltirgan xor-u, koʻza sindirgan azizmi?

14:56 27 Iyul 2019 Iqtisodiyot
429 0

Xalqimizni rozi qilishga qaratilgan bugungi islohotlarni inobatga olsak, kichkina bir tumandagi ishlarni boshqarish ham kishidan katta masʼuliyat va javobgarlik talab qilinishini tasavvur qilish qiyin emas.

Shu oʻrinda joylardagi davlat organlari jumladan, mahalliy hokimiyatlarda ijobiy oʻzgarishlarni roʻyobga chiqarayotgan, haqiqiy mehnati bilan xalqni rozi qilayotgan koʻplab mard, fidoiy insonlar borligini taʼkidlab oʻtish joiz.

Biroq, faqatgina yuqori rahbarlarga yaxshi koʻrinish va maqtov eshitish uchun berilgan topshiriqlarni koʻr-koʻrona qonunlar, inson huquqlarini oyoqosti qilgan holda, eng yomoni xalqning noroziligini orttirish evaziga boʻlsa-da bajarishga urinayotgan shaxslar ham talaygina. Bunga koʻplab tuman va shaharlarda aholining uy-joylari, tadbirkorlarning koʻchmas mulklarini, hatto qaysidir “tadbirkor” manfaati uchun davlat muassasalarini ham qonun va qoidalarga zid holda buzib tashlash yoki fermer, oʻqituvchi, tibbiyot va boshqa byudjet tashkiloti xodimlarini majburiy mehnatga jalb etib, haqorat qilish, urish kabi holatlar uchrab turgani misolida keltirish mumkin.

Afsuski, bunday misollardan biror bir viloyat chetda qolayotgani yoʻq. Ayniqsa, Yangiyoʻl shahri, Rishton, Oltiariq, Qamashi, Yakkabogʻ, Sariosiyo tumanlaridagi fuqarolarning xususiy mulklari tartib-taomillarga zid holda buzilayotganligi qonun tugul oddiy insoniylik meʼyorlariga ham mos kelmayapti. Ushbu hududlarda hokimlar boshchiligidagi rahbarlarning bosh maqsadi xalq farovonligini oʻylash emas, xalqni qiynab boʻlsa ham avvalo yuqori rahbariyatga yaxshi koʻrinishga aylanib borayotganligini anglash qiyin emas.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqalayotgan yuqoridagi kabi holatlarga javoban kuni kecha davlatimiz rahbarining bildirgan tanqidiy munosabatlaridan ham tegishli xulosa qilish oʻrniga joylarda bunday bosh-boshdoqliklar davom ettirilayotganligini tushunish qiyin. Prezident va xalqning ularga bildirgan ishonchi va koʻrsatayotgan hurmatining ham chegarasi bor emasmi? Ayrim hokim yoki rahbarlar oʻzlarini cheksiz vakolat egasi hisoblab, urush holatlarida boʻlgani singari faqat natija uchun harakat qilayotganini Oʻzbekiston dunyoga yuz tutayotgan bir sharoitda qaysi qolipga sigʻdirib boʻladi?

Eʼtibor bering: Adliya vazirligining bergan rasmiy maʼlumotlariga koʻra, Toshkent shahar, Toshkent, Fargʻona, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida fuqarolarga koʻchmas mulklari buzilgani uchun deyarli 300 mlrd soʻm miqdoridagi kompensatsiya pullari berilmaganligi aniqlangan. Bu rasman qayd etilgan holatlar, biroq hali qayd qilishdan qochib, turli bahonalar bilan fuqarolar ortga qaytarilayotgan holatlar qancha.

Bejizga davlat rahbari qurilish va oliy taʼlimni korrupsiyasiz sohaga aylantirish tashabbusini ilgari surganlari yoʻq. Chunki bu mamlakat kelajagining barqarorligini taʼminlaydigan omillar.

Qator imtiyozlar berilganiga qaramay arzon uy-joylar narxining bozor narxidan ham qimmatga tushayotgani, boz ustiga koʻpchilik bunday uylarning sifatsiz qurilayotganidan noroziligi kelgusida jamiyatimiz uchun ham, iqtisodiyotimiz uchun ham oʻrnini toʻldirib boʻlmas zarar keltirishi mumkin. Yangi namunali loyihalar asosidagi uylarning bir metr kvadrati uchun oʻrtacha toʻrt million soʻm belgilansa-da, aynan oʻsha uyning kadastr narxidagi bir metr kvadrati uchun ikki, ikki yarim million soʻm yoki davlat va jamiyat manfaatlari uchun, degan bahona bilan buzilayotgan uy-joylarga kompensatsiya toʻlashda bir metr kvadrati narxi bir million soʻmdan ham toʻgʻri kelmayotganini qanday tushunish mumkin? Bu fuqarolarga nisbatan ochiq firibgarlikku...

Yana bir qiziq holat: yillar davomida xaroba holdagi maktab, bogʻcha, kasalxona yoki ichki yoʻllarni qurish, ichimlik suvini keltirish, madaniyat maskanlarini yaxshilash uchun topilmagan mablagʻ, qaysidir mansabdor, uchar “tadbirkor”ning shaxsiy boylik orttirish maqsadiga “tasodifan” mos tushadigan bozorlarni qayta qurish, koʻp qavatli uy-joy barpo etishga mablagʻ ham, gʻayrat ham topilaverishi gʻalati emasmi. Uch-toʻrt yil oʻtmasdan bozorlarda qayta qurish ishlarining takrorlanaverishi koʻpincha mahalliy hokimiyatdagi rahbarlarning almashishi bilan ustma-ust kelishini ham tasodif, deyish qiyin.

Achinarlisi, yuqoridagi kabi holatlarga qarshi kurashuvchi, javobgarlikka tortish uchun vakolatlari boʻlgan huquq tartibot organlarining bunday holatlarni oldini olish, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish borasidagi oʻrni yetarli darajada sezilmayapti, ular jamoatchilik nazarida turgan koʻp holatlarga ham koʻz yummoqdalar.

Qizigʻi, murojaatlar yuzasidan vakolati doirasida ish olib borayotgan, soʻz erkinligidan foydalanib munosabat bildirayotgan hamda masalalarni chuqurroq oʻrganish maqsadida joylarga borib fuqaro va masʼullar bilan suhbatlashgan, oʻrganayotgan DEPUTATni xalqni noroziligini orttirishda ayblayotgan baʼzi hokimlik va idoralar masʼullarning munosabatini nima deb baholash mumkin? Birgina Toshkent viloyatining Yangiyoʻl shahridagi noqonuniy buzilishlardan norozi boʻlgan aholi dardini eshitishga borgan deputatga nisbatan “xalqni noqonuniy miting qilishga chorlash” mazmunida ayb qoʻyishga, oʻzlarining qonunsiz ishlarini yopishga urinishi boshqa hokimlik masʼullarining ham xalq dardini eshitishga intilayotgan vakillariga nisbatan qarashning qanday ekanligiga ishora boʻlmoqda. Bundan ortiq nomardlik va pastkashlik boʻlmasa kerak.

Nahotki, mavjud qonun va qoidalarga amal qilmasdan, bir emas, butun boshli mahallalardagi uy-joylarni, bozorlardagi xususiy mulklarni noqonuniy buzib tashlanishiga sababchi boʻlgan hokimiyat vakillari oʻrniga bu kabi salbiy holatlarni oldini olishga harakat qilayotgan DEPUTAT hammasiga aybdor boʻlsa. 

Suv keltirgan xor-u, koʻza sindirgan aziz boʻlaveradimi?

Yuqoridagi holatlar saylovchilarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotganligini inobatga olib, parlament oliy vakillik organi sifatida mazkur muammolarni alohida oʻrganib, Bosh vazirning tegishli oʻrinbosarining hududlarda qonun hujjatlariga amal qilmay fuqarolarning xususiy mulklariga ziyon keltirilishi holati, shu jumladan, bu borada “dong taratayotgan” (Yangiyoʻl shahri, Rishton, Oltiariq, Qamashi, Yakkabogʻ, Sariosiyo tumanlari) joylar boʻyicha zudlik bilan parlamentda deputatlar va jamoatchilikka asoslantirilgan tushuntirish berishi, eshituv natijasi boʻyicha esa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar zarur choralar qoʻllashi zarur deb hisoblaymiz.

Rasul KUSHERBAYEV,

Abdurashid ABDUQODIROV,

Akmal UMIRZAKOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?