Deputatlar maktablar ochilishi boʻyicha qaror qabul qilishda masʼuliyatdan qochayotgani haqidagi gaplar asossiz

10:32 14 Sentyabr 2020 Siyosat
271 0

Shu kunlarda maktablarning yangi oʻquv yili uchun ochilishi masalasida masʼuliyat kimda boʻlishi haqida koʻplab va har xil fikrlar bildirilmoqda. 

Bu mavzu bahs-munozaralar markazida turgani bejiz emas. Chunki hech birimiz farzandlarimiz sogʻligi va bilim olishidek hayotiy muhim masalaga befarq boʻlolmaymiz. Bunga haqqimiz yoʻq.

Mahalliy Kengash deputatlari tomonidan oʻrganilib, maktablarni ochish boʻyicha qaror berilishini Xalq taʼlimi vazirligining masʼuliyatdan qochishi deb emas, balki hayotimizning mazmuni boʻlgan farzandlarimiz hayoti bilan bogʻliq masalada xalq bilan maslahatlashib, hamma joyda real vaziyat asosida ish tutish, deb tushunishimiz zarur, deb hisoblayman.

Mahalliy Kengash deputatlari bu borada qaror qabul qilish masʼuliyatdan qochmayaptilar. Har holda, koʻplab deputatlar bilan muloqot qilib, bunday fikrdagi deputatlarni uchratmadim. Aksincha, ular oʻz saylov okrugidagi taʼlim muassasalariga borib, holat bilan joyida tanishib, kerak boʻlsa, yordam koʻrsatib, toʻgʻri qaror chiqarilishi haqida qaygʻurmoqdalar.

Oʻzim saylangan Chortoq tumanidagi deputatlardan maktablar ochilishi haqida qaror qabul qilish masalasida eʼtiroz eshitmadim. Mahalliy Kengash deputatlari masʼuliyatdan qochayotgani haqidagi xulosalar qaysi asosga koʻra chiqarilayotganini, toʻgʻrisi, men tushunmadim.

Deputatlar taʼlim muassasalariga borganida ijtimoiy masofa saqlash uchun yoʻlaklar chizilgani, hojatxona holati, dezinfeksiya vositalari bilan taʼminlanganlik, qoʻl yuvish uchun suv va boshqa zarur vositalar mavjudligi oʻrganmoqda. Shu bilan bir qatorda deputatlarimiz maktablarni niqoblar, bir martalik nam salfetkalar bilan taʼminlashda homiylik yordamlarini ham tashkil etishyapti.

Men saylangan okrugda hamma maktabda ham suv taʼminoti yoʻlga qoʻyilmagan, mahalliy Kengash deputatlari aniqlagan kamchiliklar tuman Kengashi sessiyasida koʻtarilganidan soʻng maktablarga homiylar biriktirildi. Hovuzlar, katta sigʻimli baklar, qoʻl yuvish uchun kerakli moslamalar tashkillandi.

Toʻgʻri, joylarda maktabda anʼanaviy taʼlim jarayonini boshlash uchun muammolar oz emas. Lekin oʻsha muammolarni hal etish oʻzimizning qoʻlimizda. Buning uchun nafaqat mahalliy Kengash deputatlari, barcha mutasaddilarning, ayni paytda aholining koʻmagi, asosiysi, hamjihatligi muhim.

Hozir muammodan, masʼuliyatni zimmaga olishdan qochadigan vaqt emas. Aminmanki, mahalliy Kengash deputatlari ham, parlament aʼzolari ham, boshqa mutasaddilar ham buni toʻgʻri tushunishadi, shunday boʻlishi zarur ham.

Shohista Turgʻunova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?