Deputatlar Davlat byudjetining 2019-yil 9 oylik ijrosini muhokama qildilar

12:10 22 Noyabr 2019 Jamiyat
270 0

Kecha Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2019-yil toʻqqiz oyligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqdilar. Bu haqda quyi palata axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur hisobot avvalroq, quyi palataning Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasida, siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda Ekoharakat deputatlar guruhi yigʻilishlarida dastlabki tarzda muhokama qilingan edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2019-yil toʻqqiz oyligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining oʻrinbosari A.Haydarov taqdim etdi.

Majlisda taʼkidlanganidek, 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarini tubdan rivojlantirish, bunga masʼul idoralar faoliyatini tarkibiy oʻzgartirish boʻyicha olib borilgan islohotlar ijrosi natijasida 2019-yilning toʻqqiz oyi davomida iqtisodiyotning barqaror, muvozanatli tarzda taraqqiy ettirish hamda iqtisodiy oʻsishning yuqori surʼatlari taʼminlandi.

2019-yilda soliq siyosatini tubdan takomillashtirish konsepsiyasining amalga tatbiq etilishi, qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha joriy qilingan yangiliklar hisobiga iqtisodiyotda tashqi va ichki savdo aylanmasining oʻsishiga, valyuta bozorining yanada erkinlashuviga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilishiga erishildi.

Natijada joriy yilning toʻqqiz oyida yalpi ichki mahsulotning oʻsishi 5,7 foizni tashkil etdi, xususan, xizmatlar koʻrsatish 1,7 foiz, sanoat mahsulotini ishlab chiqarish hajmi 1,6 foiz, mahsulotlarga sof soliqlar 0,7 foiz, qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaliklari mahsuloti hajmi 0,6 foiz hamda qurilish ishlari hajmi 1,1 foiz oʻsgan.

Davlat byudjeti daromadlari 79,2 trln. soʻmni, xarajatlari esa, 86,5 trln. soʻmni tashkil etib, yalpi mahsulotdagi ulushi tegishincha 21,9 va 23,9 foizni tashkil etgan.

Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasi 31,6 mlrd. AQSH dollarini tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 37,2 foiz oshgan, eksport hajmi 13,7 mlrd. AQSH dollarini va import hajmi 18,0 mlrd. AQSH dollarini tashkil qilgan.

Xarajatlarning ijtimoiy yoʻnaltirilganligi saqlab qolinib, ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 45,9 trln. soʻm yoki umumiy xarajatlarning 53,2 foizi miqdorida mablagʻ sarflangan. Bu xarajatlar YAIMga nisbatan 12,7 foizni tashkil etgan.

Deputatlar muhokamalarda hisobot davrida amalga oshirilgan ustuvor vazifalardan biri — taʼlim tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, taʼlim jarayoni darajasi hamda sifatini oshirishga qaratilgan taʼlim standartlari va dasturlarini mukammallashtirish, shuningdek, maktabgacha taʼlim muassasalari, umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar hamda oliy oʻquv yurtlari xodimlarining ish haqini oshirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlashni davom ettirish masalalariga ham alohida eʼtibor bilan yondashdilar.

Xususan, ijtimoiy xarajatlarning asosiy qismini yoki 52.6 foizini taʼlim tizimi muassasalarini saqlash va rivojlantirish xarajatlarini moliyalashtirishga Davlat byudjetidan 24,2 trln. soʻm miqdorida mablagʻ ajratilgani diqqatga molik, deya baholandi.

Shu bilan birga, parlament vakillari bu borada yoʻl qoʻyilgan sustkashliklarga ham alohida eʼtibor qaratdilar. Hisobot davrida taʼlim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga ajratilgan 1 236,5 mlrd. soʻmlik mablagʻ oʻzlashtirilishi taʼminlanmagani tanqid qilindi.

Deputatlar tibbiyot muassasalarini moliyalash masalalarini ham atroflicha muhokama qildilar. Hisobot davrida sogʻliqni saqlash sohasiga Davlat byudjetidan 10,6 trln. soʻm yoki ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan umumiy xarajatlarning 23 foizi miqdorida mablagʻ ajratilgani taʼkidlandi.

Muhokamalar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlari asosida sogʻliqni saqlash sohasining ayrim tadbirlarini amalga oshirishga va boshqa maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlarning 519,6 mlrd. soʻmi oʻzlashtirilmay qolgani tanqid ostiga olindi.

Deputatlar koʻzda tutilgan har bir vazifa va topshiriqning oʻz vaqtida, sifatli ijro etilishi mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, xalqimiz farovonligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlagan holda, bu borada ijro masʼuliyatini yanada kuchaytirish lozimligini qayd etdilar.

Hukumat hisoboti yuzasidan har bir siyosiy partiya fraksiyasi hamda Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari oʻz nuqtayi nazarini bayon qildi.

Xususan, OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari tomonidan Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari ijrosi tahlilida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish borasida koʻrilayotgan choralarga alohida eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, fraksiya aʼzolari bir qator masalalarda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganiga toʻxtalib oʻtdilar. Jumladan, mamlakatimizning ayrim viloyatlarida ishsizlik darajasi yuqoriligicha qolayotgani, bu oʻz oʻrnida ushbu hududlardagi mahalliy hokimiyat organlarining masʼuliyatini oshirishi, imkon qadar biznes vakillarini qoʻllab-quvvatlash orqali qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish lozimligi taʼkidlandi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari respublikamizda bolalarning maktabgacha taʼlim tizimi bilan qamrab olingani masalasiga eʼtibor qaratar ekan, hozirgi koʻrsatkichni yanada koʻtarish boʻyicha amaliy ishlarni yanada kuchaytirish, partiyaning kelgusi besh yillikka moʻljallangan saylovoldi dasturiga muvofiq, ushbu sohada sezilarli oʻzgarishlarni amalga oshirish boʻyicha oʻz pozitsiyasini bayon etdi.

Shuningdek, sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha parlament quyi palatasi deputatlari ishtirokida keng qamrovli tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, oilaviy poliklinikalarda shifokor qabuliga yozilish va maʼlumotlar bazasini shakllantirish boʻyicha “Elektron poliklinika” tizimiga bosqichma-bosqich oʻtilayotgani, har bir viloyatda bittadan shahar va bittadan tuman tibbiyot tizimi namunali shaklga keltirilayotgani qayd qilindi.

Oʻz navbatida, respublikamizning boshqa hududlarida ham bittadan shahar va tuman tibbiyot boʻlimlarining namunali tashkil etilishi boʻyicha amaliy ishlar boshlangan boʻlishiga qaramasdan, hali mahalliy byudjetlardan mablagʻlarning bu sohani rivojlantirishga toʻliq ajratilmayotgani fraksiya aʼzolari tomonidan tanqid ostiga olindi. Fraksiya aʼzolari bu borada ishlar koʻlamini jadallik bilan olib borish, sohaga ajratilayotgan mablagʻlarning samarali ishlatilishi masalalariga oʻzining prinsipial munosabatini bildirdi.

Oʻzbekiston XDP fraksiyasi Davlat byudjeti xarajatlarida yildan-yilga ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablagʻlarning ulushi oshirib borilayotganini, yaʼni, bu yoʻnalishdagi xarajatlarga 2018-yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobar koʻp mablagʻ ajratilganini alohida eʼtirof etdilar. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlariga toʻla mos kelishi taʼkidlab oʻtildi. 

Shu bilan birgalikda, fraksiya aʼzolari hisobot yuzasidan ayrim taklif va mulohazalarni bildirdilar. Jumladan, Davlat byudjetida rejalashtirilgan mablagʻlarning tushumi hamda ularning samarali ishlatilishi yuzasidan deputatlik korpusi tomonidan nazoratni yanada kuchaytirish kerakligi aytib oʻtildi. Ushbu yoʻnalishda daromadlarni oʻz vaqtida va toʻliq hajmda tushishi hamda ajratilgan mablagʻlarni oʻz oʻrnida, samarali ishlatilishi, eng muhimi, kam taʼminlangan oilalarga ajratilgan mablagʻlarning manzilli boʻlishini nazorat qilish lozimligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi vakillari 2019-yil 9 oyi davomida umumtaʼlim sohasiga Davlat byudjetidan yoʻnaltirilgan mablagʻlar miqdori 14,2 trln. soʻmni tashkil etgani va bu, oʻz navbatida, tizimda sifat oʻzgarishlari uchun turtki boʻlganini alohida eʼtirof etib oʻtdilar. Ushbu mablagʻlar tizimda ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish, maktab taʼlimi tizimidagi rahbar va pedagog xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash, iqtidorli yoshlarni aniqlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, respublikaning chekka hududlarida pedagoglar tanqisligining oldini olish hamda boshqa masalalarga yoʻnaltirilgani quvonarli hol, sifatida baholandi.

Shu bilan birga, fraksiya aʼzolari sogʻliqni saqlash sohasiga ajratilgan 519,5 mlrd. soʻmlik mablagʻlar xarajat qilinmay qolganiga toʻxtalib oʻtar ekan, mablagʻlarning oʻzlashtirilmaslik sabablari oʻtgan yillar byudjet ijrolarida ham uchraganini tanqid qildilar. Shu bois, oʻzlashtirilishi taʼminlanmagan sohalardagi muammolarni joriy yilning oxirigacha hal etishda mutasaddi rahbarlar masʼuliyatini oshirish zarurligi qayd etildi.

Ekoharakat deputatlari guruhi vakillari esa, hisobot davrida Davlat byudjetidan atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni bartaraf etish uchun mablagʻlarning ajratilishi hamda sarflanishini ijobiy baholagan holda, bu borada olib borilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda, oʻz yechimini kutayotgan masalalar ham borligiga eʼtibor qaratdilar.

Qizgʻin muhokamalardan soʻng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2019-yil toʻqqiz oyligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tasdiqlash yuzasidan qaror qabul qildi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?