Deputatlar davlat byudjetining 2018-yildagi ijrosini koʻrib chiqdilar

10:03 29 May 2019 Jamiyat
260 0

2019-yil 28-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2018-yildagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqdilar. Bu haqda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdim etilgan hisobot palataning ­Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasida, siyosiy partiyalar fraksiyalarining va ­Ekoharakat deputatlar guruhi, parlament qoʻmitalarining majlislarida dastlabki tarzda koʻrib chiqilgan edi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2018-yildagi ijrosi yuzasidan hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov taqdim etdi.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarini tubdan rivojlantirish boʻyicha olib borilgan islohotlar ijrosi 2018-yil davomida iqtisodiyotning barqaror, muvozanatlashtirilgan holda rivojlanishi hamda iqtisodiy oʻsishning yuqori surʼatlarini taʼminladi. Shuningdek, valyuta ­siyosatini liberallashtirishni yanada chuqurlashtirish va tashqi savdo faoliyati sohasini takomillashtirish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, uning eksport salohiyatini oshirish, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishlarni yaratish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi. Buning natijasida 2018-yil yakuniga koʻra, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 407,5 trillion soʻmni tashkil etgan holda 2017-yildagiga nisbatan 5,1 foiz oʻsdi. YAIM oʻsish surʼatiga sanoat tarmogʻi eng katta taʼsir koʻrsatdi (2,1 foiz). ­Xizmatlar sohasining ijobiy taʼsiri esa 1,8 foizni tashkil etdi. Qurilish ishlari hajmi oʻtgan yildagi bilan taqqoslaganda 9,9 foiz oʻsdi va YAIMning mutlaq oʻsishida qurilish tarmogʻining ijobiy hissasi 0,5 foiz darajasida baholandi. Qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligida 0,3 foiz darajasida ijobiy oʻsish ­surʼati qayd etildi. Mazkur tarmoqning YAIM mutlaq oʻsish surʼatiga taʼsiri 0,1 foizni tashkil qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2018-yilgi ijrosida ijtimoiy sohalarni yanada rivojlantirish, aholining turmush darajasini oshirish va ularning ijtimoiy himoyasini taʼminlash borasidagi masalalarning moliyalashtirilishiga alohida eʼtibor qaratilgani qayd etildi. Jumladan, hisobot davrida aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan xarajatlar Davlat byudjetining 53,8 foizini, yaʼni YAIMga nisbatan 10,5 foizni tashkil etdi.

2018-yilda aholi umumiy daromadlari 286,3 trillion soʻmni tashkil etdi va 2017-yildagiga nisbatan 110,3 foiz real oʻsish surʼatiga erishildi. Yil yakunlariga koʻra, respublikada tashqi savdo aylanmasi 33,8 milliard AQSH dollarini ­tashkil etib, 2017-yildagiga nisbatan 27,3 foiz oʻsdi.

2018-yil davomida Davlat byudjeti daromadlari 79 trillion 99 milliard soʻmni tashkil qildi va 2017-yildagiga nisbatan 59,2 foiz oʻsdi hamda belgilangan 62 trillion 500 milliard soʻm reja 16 599,0 milliard soʻm ortigʻi bilan (126,6 foiz) bajarildi. Oʻz navbatida, Davlat byudjeti daromadlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 19,4 foizni tashkil qildi.

Deputatlar iqtisodiyotni mutlaqo yangi asosda tashkil etish va yanada erkinlashtirishning huquqiy asoslarini takomil­lashtirish borasida qator qonunlar, mamlakatimiz Prezidentining Farmon va qarorlari, davlat dasturlari qabul qilinib, ular bugun amaliyotga muvaffaqiyatli joriy etilayotganini, shuningdek, iqtisodiyot sohasida zamon talablariga javob beradigan, ­yangicha maʼno-mazmundagi islohotlarni ­yuritish yoʻlida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganini eʼtirof etdilar. 

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 7-iyundagi mahalliy byudjetlarni shakllantirishda joylardagi davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kengaytirish hamda mahalliy byudjet daromadlarini shakllantirishdagi masʼuliyatini oshirishga qaratilgan Farmon va qarorlarining ijrosi natijasida oʻtgan yilda mahalliy byudjetlarning daromadlar qismi prognozga nisbatan 124,3 foiz bajarilgan.

Hukumat hisoboti yuzasidan har bir ­siyosiy partiya fraksiyasi hamda Oʻzbekiston ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari oʻz nuqtai nazarini bayon qildi.

Xususan, “Adolat” SDP fraksiyasi vakillari oʻzlarining asosiy yoʻnalishlaridan boʻlgan sogʻliqni saqlash sohasiga 2018-yilda Davlat byudjetidan yoʻnaltirilgan mablagʻlar miqdori 9,4 trillion soʻmni yoki ijtimoiy xarajatlarga ajratilgan mablagʻlarning 21,9 foizini tashkil etganini ijobiy baholadilar. Lekin sohadagi ­ayrim kamchiliklar ham mavjudligi qayd etildi. Xususan, bu borada Davlat byudjetidan yoʻnaltirilgan mablagʻlar yil sayin oʻsib borayotgan bir sharoitda, Prezident tomonidan qabul qilingan hujjatlar ijrosi uchun rejalashtirilgan 121,7 milliard soʻm mablagʻlar oʻzlashtirilishi taʼminlanmagani fraksiya aʼzolarining haqli eʼtiroziga sabab boʻldi. Fraksiya aʼzolari byudjet mablagʻlarining oʻz vaqtida oʻzlashtirilmagani tizimdagi islohotlar samarasiga taʼsir oʻtkazayotganini hisobga olib, bu kabi masalalarni vaqtida ijobiy hal etish zarur, deb hisoblashini maʼlum qildilar. Shu bilan birga, deputatlarning hududlardagi oʻrganishlari asosida tez tibbiy yordam xizmatlarini aloqa vositalari bilan toʻliq taʼminlash, fuqarolarning yagona elektron tibbiy xaritasini yaratish, “Elektron poliklinika” avtomatlashtirilgan axborot tizimini barcha hududda qisqa muddatlarda joriy qilish ishlarini yakunlash ham dolzarb masala ekani qayd etildi.

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari Davlat byudjetining 2018-yilgi ijrosiga doir hisobotda ijtimoiy sohalarni qoʻllab-quvvatlash, aholining turmush darajasini oshirish va ijtimoiy himoyasini taʼminlash borasidagi tadbirlarni moliyalashtirishga alohida eʼtibor qaratilganini eʼtirof etdi. Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 42 883,3 milliard soʻm yoki umumiy xarajatlarning 53,8 foizi miqdorida mablagʻ sarflangani bevosita Oʻzbekiston XDPning elektorati manfaatlariga mos keladi. Shu bilan bir qatorda, hisobot davrida hanuzgacha Davlat byudjeti sohasidagi munosabatlarda huquqbuzarliklarning oldini olish, bu bilan byudjet mablagʻlarini maqsadli va samarali ishlatish muammosi saqlanib qolayotgani, mazkur yoʻnalishda sezilarli ijobiy natijalarga erishilmagani koʻrsatib oʻtildi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiya­si fraksiyasi aʼzolari 2018-yilda iqtisodiyotni yangi asosda tashkil etish va yanada erkinlashtirish, uni diversifikatsiya qilish, tarkibiy oʻzgartirish, ishlab ­chiqarishga eng zamonaviy, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish orqali uni modernizatsiyalash milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini va ­raqobatdoshligini oshirishga xizmat qi­layotganini alohida taʼkidlab, bular, oʻz ­navbatida, iqtisodiyotning yuqori oʻsish surʼatlarini va makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlaganini qayd etdilar. Shu bilan birga, madaniy meros obyektlarini taʼmirlash va tiklash maqsadlariga qa­ratilgan xarajatlarni mahalliy byudjetlar hisobiga koʻpaytirish zarurligi taʼkidlandi. Xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish, xususan, zamonaviy xizmat turlarini kengaytirish, turizm sohasi salohiyatidan keng foydalanishni jadallashtirishga yoʻnaltirilgan mablagʻlarni koʻzda tutuvchi parametrlar keltirilmaganini inobatga olib, kelgusida taqdim etiladigan hisobotlarda ushbu sohaga ham alohida eʼtibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiya­si fraksiyasi aʼzolari tomonidan Davlat byudjeti va davlat maqsadli jam­gʻarmalari byudjetlari ijrosi OʻzLiDeP elektoratining manfaatlari hamda saylov­oldi dasturida belgilangan vazifalarni roʻyobga chiqarish nuqtai nazaridan tahlil qilindi. Unda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi chora-tadbirlar ijrosini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan choralarga alohida eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, fraksiyaning bir qator takliflari ilgari surildi. Jumladan, hududlarda faol investitsiya ­siyosatini olib borish va toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalarini jalb etishni yanada ragʻbatlantirish yuzasidan takliflar berildi. Fraksiya aʼzolarining fikricha, real iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida past rentabelli, iqtisodiy nochor davlat korxonalarining xususiy mulkdorlarga, eng avvalo, professional xorijiy investorlarga sotilishi boʻyicha qoʻshimcha choralarni koʻrish, xususiy mulkni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun xom ashyo resurslarini ochiq birja, yarmarka-savdolarida sotish hajmlarini kengaytirish choralarini koʻrish hamda shu orqali ularning xarid imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadga muvofiq.

Ekoharakat deputatlar guruhi vakillari esa hisobot davrida Davlat byudjetidan atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni bartaraf etish uchun mablagʻlarning ajratilishi hamda sarflanishini ijobiy baholagan holda, Hukumat tomonidan olib bori­layotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda, hali oʻz yechimini kutayotgan masalalar ham borligiga eʼtibor qaratdilar. Jumladan, tegishli qonun hujjatlariga asosan, oʻsimlik dunyosi va hayvonot ­dunyosi obyektlarining davlat kadastrini hamda oʻsimlik dunyosi va hayvonot dunyosi obyektlarining davlat hisobini yuritishga doir ishlarni mablagʻ bilan taʼminlash Davlat byudjeti hisobidan amalga oshirilishi belgilangan boʻlsa-da, ammo bugungi kunda ushbu ishlar uchun ­Davlat byudjetidan mablagʻlar ajratilmayotgani tanqid qilindi.

Deputatlar parlament aʼzolari tomonidan joylardagi haqiqiy holatni oʻrganish hamda nazorat-tahlil faoliyatini amalga oshirish jarayonlarida Davlat byudjeti mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish, hududlarda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish borasida hali yechimini kutayotgan masalalar borligiga ham eʼtibor qaratdilar. Shu bilan birga, hududlarning resurs salohiyatini toʻliq amalga oshirish, byudjet mablagʻlaridan yanada samarali foydalanishni taʼminlash, mahalliy byudjetlar daromadini oshirish borasida joylarda mavjud imkoniyat va rezervlarni toʻla ishlatishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi ­taʼkidlandi.

Muhokamalar davomida deputatlar mahalliy davlat organlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini oshirish, ­Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining kelgusi davr uchun oʻz vaqtida, sifatli ijro etilishi ustidan par­lament nazoratini kuchaytirish, buning uchun xalq deputatlari tegishli Kengashlari bilan hamkorlik qilish yuzasidan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligini taʼkidladilar.

Majlis yakunlariga koʻra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2018-yildagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot yuzasidan tegishli qaror qabul qildi.

Deputatlar parlament Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalarni ham muhokama qildilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?