Deputatlar aholi hayot darajasini yuksaltirishga qaratilgan qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar

10:29 27 Iyun 2018 Siyosat
356 0

26 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar mamlakatda Harakatlar strategiyasi asosida ijtimoiy hamda iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar izchilligi ta’minlanishi uchun huquqiy asoslar yaratishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Deputatlar dastlab O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar bilan ishlab chiqilgan va joriy yilning 22 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy

va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasining mazmun-mohiyatiga to‘xtaldilar. Mazkur tarixiy hujjatning qabul qilinganligi 2017 yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbusning amaliy ijrosi ekanligi mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shu bilan birga, hujjat hamkorlikda umumiy muammolarni hal qilish, mintaqamizning taraqqiyoti va uning ko‘p millionli aholisi farovonligini ta’minlashga qodir yaxlit, birlashgan mintaqa sifatida shakllanishida muhim bosqich bo‘lib xizmat qilishi deputatlar tomonidan alohida ta’kidlandi. Shuningdek, mazkur hujjat O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qilishi qayd etilib, siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar joylarda uning ahamiyatini targ‘ib qilishga kelishib oldilar.

Shundan so‘ng, deputatlar majlis kun tartibiga kiritilgan masalalarni ko‘rib chiqishga kirishdilar. Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini tubdan isloh qilish, amaldagi tizimni yanada takomillashtirishga qaratilgan, shuningdek, sohaga oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasida mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil 12 dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorini amaliyotga samarali tatbiq etish mexanizmlari ko‘zda tutilgan. Jumladan, tadbirkorlik subyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi “yagona darcha” tizimi qayta tashkil etilganligi bois qonunda “Davlat xizmatlari markazlari” maqomi va vakolatlari mustahkamlanmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlariga, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida keng qulayliklar yaratishga, “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyilining hayotiy ifodasini ta’minlashda muhim omil bo‘lishi deputatlar tomonidan alohida qayd etib o‘tildi.

Tadbirkorlik subyektlarining mustaqilligini yanada mustahkamlash va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash maqsadida Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi ham deputatlarning qizg‘in bahs-munozaralariga sabab bo‘ldi.

Qonun loyihasi bilan xususiy mulk huquqini, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish tartibini, litsenziyalash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini va ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, tadbirkorlik subyektlarini homiylik qilishga va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish hamda tadbirkorlik subyektlaridan qonun hujjatlarini buzgan holda hujjatlar talab qilib olish, umuman, qonuniy tadbirkorlik faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish belgilanmoqda.

Deputatlar tomonidan mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatda ishbilarmonlik muhiti yanada yaxshilanishiga, iqtisodiyot tarmoqlariga investitsiyalar jalb etishni faollashtirishga, pirovardida, xalqimiz farovonligini ta’minlashga imkon berishi aytib o‘tildi.

Kun tartibidan o‘rin olgan navbatdagi qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unga asosan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “Mikromoliyalash to‘g‘risida”gi hamda “Mikrokredit tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qayd etib o‘tilganidek, mazkur qonun loyihasi bilan mikromoliyalash xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, shu jumladan, mikromoliyalash xizmatlari bo‘yicha to‘lovlarni asossiz ravishda oshirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha me’yorlarni joriy qilish nazarda tutilgan.

Deputatlarning mulohazasiga ko‘ra, kiritilayotgan ushbu qoidalar mikromoliyaviy xizmatlar iste’molchilar zimmasiga tushadigan qarz yukini kamaytirib, to‘lov qobiliyatini yaxshilaydi hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirishda muhim rol o‘ynaydi.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildilar.

Deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil

7 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan qonun loyihasini ham qabul qildilar. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, qayta ishlash va ulardan olingan mahsulotlardan foydalanish tartibini buzganlik, shuningdek, Inspeksiyaning qonuniy talablarini bajarmaganlik va ular faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Bundan tashqari, bir qator qonunlarga mazkur Inspeksiyaning vakolatlarini belgilovchi normalar kiritildi.

Majlisda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiAxborot xizmati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?