Deputat yakkabogʻlik fermerlar murojaatini ijobiy hal etdi

18:59 16 Iyul 2020 Siyosat
385 0

Illyustrativ foto

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari qonun loyihalarini maromiga yetkazish, huquqiy hujjatlarning joylardagi ijrosini oʻrganish barobarida, aholi murojaatlari bilan ishlash, mavjud muammolarni bartaraf etish choralarini koʻrishga jiddiy eʼtibor qaratmoqda. Ayniqsa, hozirgi murakkab sharoitda saylovchilarni oʻylantirayotgan masalalarga daxldorlik hissi bilan yondashish masʼuliyatli vazifalardandir.

Maʼlumki, Prezidentimizning shu yil 6-maydagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urugʻchiligini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, kartoshkachilikka ixtisoslashtiriladigan tumanlarda kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalari tashkil etilishi belgilandi. Shuningdek, 2020-yil 1-maydan boshlab, urugʻlik kartoshka xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish uchun 12 oy muddatgacha tijorat kreditlari ajratilishi, 2023-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatga chetdan olib kirilayotgan urugʻlik kartoshka bojxona bojidan ozod etilishi nazarda tutilgandi.

Ushbu qarorga koʻra, isteʼmol va urugʻlik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan tumanlar hamda hududlar roʻyxatiga Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumani ham kiritilgan.

Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Xolmaxamatova yakkabogʻlik fermerlarning ushbu hududda kartoshka ekish uchun shartnoma asosida ularga sifatsiz urugʻli kartoshka berilayotgani toʻgʻrisida yuborgan videomurojaatini oʻrganib chiqdi.

— Murojaatni atroflicha oʻrganish jarayonida haqiqatan ham, «Egoist-ast» MCHJ tomonidan shartnoma asosida berilgan urugʻli kartoshkalar sifatsizligi maʼlum boʻldi, — deydi deputat Sh. Xolmaxamatova. — Bu boʻyicha mutasaddi rahbarlar bilan bogʻlandik. Shundan soʻng, Yakkabogʻ tumani hokimi tashabbusi bilan fermerlarga sifatli urugʻli kartoshkalar yetkazib berildi. Xalqimiz farovonligi uchun qabul qilinayotgan qarorlar ijrosini taʼminlashda har bir rahbar vijdonan yondashishi, kerak boʻlsa, ular tadbirkor va fermerlarimizga chin maʼnoda, koʻmakchi boʻla olishi bugun har qachongidan-da muhimdir. Biz, deputatlar ham bu yoʻlda bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?