Deputat: “UzAuto Motors” xalqqa oshnomi yoki...

13:38 10 Mart 2020 Siyosat
651 0

Mamlakatdagi yagona yengil avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblangan “UzAuto Motors” bir qator mahsulotlari narxini toʻsatdan oshirdi. Bu xalqimizning noroziligiga sabab boʻldi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati va “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi sifatida ushbu holatda xalqimizning eʼtirozlari oʻrinli deb bilaman.

Qayerdaki, mavhumlik, yopiqlik boʻlsa, oʻsha yerda savollar, noroziliklar koʻpayaveradi. Shu boisdan barcha sohalarda ochiqlik, oshkoralik siyosati olib borilayotgan bir sharoitda mamlakatimiz aholisini yengil avtomobil bilan taʼminlovchi yakka-yu-yagona korxona, hech qanday tushuntirishlarsiz, ogohlantirishsiz mahsulotlari narxnomasini yangilab qoʻydi. Bu esa avtomobil bozoridagi narxlarini keskin oshib ketishiga sabab boʻlishi hammamizga ayon. Oʻz-oʻzidan xalqimizda savollar kelib chiqmoqda va hozirgacha birorta masʼul javob berishga shoshilmayapti. Biz kimga, nimaga gapiryapmiz oʻzi?

Shunday boʻlsa ham “UzAuto Motors” mutasaddilari quyidagi masalalar boʻyicha oʻz munosabatini bildirishidan umid qilib qolamiz. Har qalay deputatlar ular ishlab chiqarayotgan mashinaning eng asosiy haridori hisoblangan shu xalqning vakillari hisoblanadi.

Birinchidan, nega “UzAuto Motors” na saytida, na biror bir boshqa ommaviy axborot vositalarida narxlari oshganini rasmiy xabar va tushuntirish tarzida maʼlum qilmayapti? Xuddi ayb ish qilayotgandek, saytning ichki qismidagi narxnoma imi-jimida yangilab qoʻyish, eʼlon qilishga kirmaydi.

Ikkinchidan, xoʻp narxlar oshishga oshibdi. Biroq nima sababdan, umumiy qilib qaysi omillar tufayli oshganini isteʼmolchi bilishga haqqi bormi yoki yoʻqmi?

Uchinchidan, nega aynan xalqimiz orasida eng talabgir hamda “ekonom” hisoblangan Damas, Spark, Nexia, Cobalt va Lacetti kabi avtomobillar narxi oshirilmoqda. Oylikka qarab qolmagan, nisbatan oʻziga toʻqlar xarid qiladigan Malibu 2, Tracker, Trailblazer, Equinox, Traverse va Tahoe narxlari esa oʻzgartirishsiz qolmoqda. Yoki bu “Kambagʻalni tuyani ustida ham it qopadi” naqlining amaldagi ifodasimi?

Toʻrtinchidan, oshirilgan narxlar eksportga chiqarilayotgan mashinalarga taalluqlimi? Oʻzi nima uchun “UzAuto Motors” hanuzgacha eksportga ichki bozordan ancha arzon narxda avtomobil sotmoqda. Misol uchun bizda 30 000 ming AQSH dollaridagi Malibu 2, boshqa davlatlarda ikki barobar arzon narxlarda sotilmoqda. Agarda buni valyuta oqimini koʻpaytirish bilan deb izohlamoqchi boʻlsangiz, boshqa yangiroq bahona toping, hozir banklarimizda istagancha valyuta xarid qilishingiz mumkin.

Beshinchidan, mamlakatimiz ichki bozorida hamyonbop avtomobillar sotuvi boʻyicha boshqa davlatlar avtomobillari sotuvi yildan yilga oshib borayotgan bir sharoitda mahalliy ishlab chiqaruvchimizning narxlarni oshirish toʻgʻrisidagi qarori qaysi bozor qonuniyatlariga toʻgʻri keladi? Bu ochiqdan-ochiq bozorni qolganlarga boʻshatib qoʻyishga harakatga oʻxshab koʻrinmayaptimi? Yoki sunʼiy ravishda kasodga (bankrot) uchratish nazarda tutilganmi, agar unday boʻlsa 20,0 ming yaqin ishchilar, qorakoʻzlarimiz taqdiri nima boʻladi?

Xullas savollar koʻp, ammo hozircha javoblar yoʻq.

Shu oʻrinda koʻpchilikni bir mulohoza qiziqtiryapti. Darhaqiqat, yuqoridagi narxlari oshirilgan mashinalar eng xaridorgir hisoblanadi. Ularning sotib oluvchilari miqdori ham yuqori. Shu oʻrinda talabning yuqoriligini inobatga olgan holda, ular narxini biroz arzonlashtirib, yana ham koʻp mashina sotuvini yoʻlga qoʻyish orqali foydani koʻpaytirish ham mumkin-ku. Axir bu ham oddiy bozor qonuniyati-ku.

Bundan tashqari “UzAuto Motors” keragidan koʻra yopiqroq boʻlgani koʻpincha unga tegishli har bir xabarni jamiyatimiz norozilik kayfiyati bilan kutib oladi. Narxlar nimaga asoslanib oshirildi, mashinalar tan narxi qaysi mezonlar asosida shakllantiriladi kabi koʻplab masalalar ochiq, oshkora boʻlganida milliy avtosanoatimizga bu qadar koʻp eʼtirozlar yogʻilmas edi.

Umid qilamizki, “UzAuto Motors” mutasaddilari yuqoridagi savollarga batafsil javob berishadi hamda agar maqsadlari foyda koʻrish boʻlsa, bundan keyingi faoliyatlarini bozorning tabiiy qonuniyatlari asosida yoʻlga qoʻyish harakatini boshlashadi.

Maqsud QURBONBOYEV

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?