Deputat "UzAuto Motors” haqida — Raqobat sharoitida ishlashga oʻrganing, oʻzingizni oqlashga emas

00:07 21 Avgust 2020 Siyosat
555 0

Xabaringiz bor soʻnggi kunlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobil narxlari boʻyicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining tashabbusi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining qarori keng muhokama qilinyapti. Aytish mumkinki, mazkur voqelik soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatimizda qonun ustuvorligi va fuqarolarning huquqlarini taʼminlash yoʻlidagi katta qadamlardan biri boʻldi. 

Dunyo amaliyotidan maʼlumki, bugungi integratsiya va globallashuv jarayonida kuchli raqobat muhitida ish olib borish iqtisodiy rivojlanishning eng muhim omili hisoblanadi. Chunki, raqobat isteʼmolchilarga sifatli va maqbul narxlarda xaridni amalga oshirish imkoniyatini bersa, ishlab chiqaruvchilar yoki xizmat koʻrsatuvchilarga xarajatlarni minimallashtirish, faol marketing va kadrlar siyosati olib borishga turtki beradi. Oʻz faoliyatini ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanishga oʻrgatadi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, monopol korxonalar, umuman olganda ishlab chiqaruvchilar va xizmat koʻrsatuvchilar oʻz faoliyatini isteʼmolchilar talabiga moslashtirishga alohida eʼtibor qaratishi davr talabi hisoblanadi.

Bu talabni "UzAuto Motors” anglab yetyaptimi, monopolist korxona ana shu raqobat muhiti sharoitida bozor qonunlarini va isteʼmolchilarni qachon hurmat qilishga oʻrganadi. Ular oʻz qobiqlaridan chiqib atrofga qarashsa, yangi Oʻzbekiston barpo etilayotganini his qilgan, barcha sohalarda shaffoflik, faoliyatga yangicha yondashuv taʼminlanayotganiga guvoh boʻlar edilar.

Ularning eʼlon qilayotgan rasmiy bayonotlariga eʼtibor qaratsangiz, bozor iqtisodiyotiga qatʼiy oʻtish jarayonida prinsipial masala sifatida qaralayotgan raqobat haqida tushuncha ham yoʻqligini koʻrasiz. Joriy yilning may oyida oʻtkazilgan yigʻilishda davlatimiz rahbari tomonidan qatʼiy pozitsiya belgilab berildi. Mazkur yigʻilishda Prezident: “Raqobat boʻlmasa, sifat boʻlmaydi, narx tushmaydi. Zamon oʻzgaryapti, lekin monopol korxonalar oʻzgara olmayapti. Qatʼiy choralar koʻrish vaqti-soati keldi. Iqtisodiyotda bu hayot-mamotimiz. Agar rahbarlar shunga munosib boʻlsa, ishlaydi, boʻlmasa – ketadi”, deya taʼkidlagan edi.

Savol tugʻiladi: "UzAuto Motors” tizimida bugungi kun talablarini, islohotlarni anglab yetadigan mutaxassislar bormi, strategiya-chi? Agar bu soʻralganlar boʻlganda bugungidek tortishuvlar, oʻzini oqlashlar boʻlmasmidi.

Aslida "UzAuto Motors” haqida gap ketganda sogʻlom raqobat muhitida ishlashga chorlovchi, isteʼmolchilar manfaatini hurmat qilishga undovchi sharoitni vujudga keltirish toʻgʻrisida gapirish oʻrinli boʻlar edi. Quvonarlisi, mamlakatimizda yaratilgan investitsiyaviy muhit sababli avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil etish, yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan investitsiyalarni jalb etish boʻyicha muzokaralar natijasida qator muhim kelishuvlarga erishildi. Oʻylaymizki, bu jarayon davom etayotgan murosasiz bahslarga ijobiy yechim boʻladi. Shuningdek, 2020-yil 3-iyundagi “Tashqi iqtisodiy faoliyatni yana-da tartibga solish va avtotransport vositalarining ichki bozorini rivojlantirishni ragʻbatlantirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori avtomobilsozlik sanoatida raqobat sharoitlarini yaratish borasidagi ishlarga dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.

Bugun biz shuni tushunib yetishimiz kerakki, har qanday harakatlarimiz xalq roziligi va fuqarolar manfaatlaridan ustun boʻlishi mumkin emas.

Nodir JUMAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Iqtisod fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?