Deputat Urgutdagi tibbiyot muassasasini xususiy sektorga berish boʻyicha hokimiyatga taklif berdi

12:54 13 Fevral 2020 Siyosat
102 0

“Xalq so`zi ONLINE”

“Xalq soʻzi ONLINE”. Abdulaziz Yoʻldoshev/Samarqand. Samarqand viloyati, Urgut tumanidagi “Ibn Sino” nomli 3-shifoxona Joʻrobtepa, Qiyonli, Eshonrabot, Beshkapa, Bekrabot, Zambarak, Jozmon, Mirzaqishloq, Vagʻashti, Sariqtepa, Kamongaron, Nisavot va Ipakli qishloqlarining 70 mingga yaqin aholisiga xizmat koʻrsatgan.

Muassasada 20 oʻrinli tugʻruqxona, 30 oʻringa ega bolalar boʻlimi, bir vaqtning oʻzida 40 dan ortiq bemorlarga xizmat koʻrsatadigan ginekologiya, terapiya va reanimatsiya boʻlimlari mavjud edi. Ushbu shifoxona faoliyati Vazirlar Mahkamasining qarori asosida, 2008-2009-yillardagi optimizatsiya jarayonida toʻxtatilgan.

Ayni kunlarda mahalliy aholi salomatligini tiklash uchun 20-30 kilometr uzoqlikda joylashgan tuman markazidagi yoki Samarqand shahridagi shifoxonalarga qatnashga majbur boʻlmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Navroʻz Rizayev tuman saylovchilari bilan oʻtkazilgan muloqotda shifoxonani qayta ishga tushirish boʻyicha aholidan bir qator murojaatlarni qabul qildi.

Mazkur murojaatlar yuzasidan deputat tashlandiq ahvoldagi binoni xususiy sektorga berish boʻyicha oʻz takliflarini tuman hokimligi va tegishli tashkilotlarga taqdim etganini bildirdi.

— Bugun sogʻliqni saqlash tizimida aholiga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash uchun xususiy tibbiyot muassasalarini koʻpaytirish, ularga keng yoʻl ochishimiz kerak, — dedi Navroʻz Rizayev. — Davlatimiz rahbarining talabi ham shu. Joʻrobtepadagi tibbiyot muassasasini ishga tushirish uchun investor ham topilgan.

“Xalq so`zi ONLINE”

Deputat urgutliklar bilan uchrashuv jarayonida Quyitegana mahallasidagi hasharda ishtirok etib, aholi bilan ariq qazdi. Tumandagi 64-umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻquvchilarga sportning milliy kurash turi boʻyicha mahorat darslarini oʻtdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?